Lui Aragon hikmatlaridan

Men bu kitobni ikkita bir-biriga o‘xshamaydigan davrni qiyoslab bo‘lmasligini ko‘rsatish uchun yozdim. O‘tmishni bugungi kundan kelib chiqib muhokama qilish yoki izohlashdan ko‘ra johilona ish yo‘q.

* * *

Quyosh hamisha ishqibozlarining ko‘zini qamashtirgan.

* * *

Agar ko‘ksimni tilsangiz, u yerdan Parijni topasiz.

* * *

Adabiyot mamlakat uchun juda muhimdir, mohiyatiga ko‘ra, uning yuzi deyish mumkin.

* * *

Biz ko‘pincha yo‘q joydan muammolar o‘ylab topamiz.

* * *

Ajoyib kechalarning birida kelajak o‘tmish deb nom oladi. Bu payt ortingga qaraysan-da, olislayotgan yoshligingni ko‘rasan.

* * *

Ba’zida g‘olib bo‘lish uchun chekinishga, qo‘lga kiritganingdan voz kechishga to‘g‘ri keladi.

* * *

Odam nimadan hayratlansa, o‘shani ko‘ngliga yaqin oladi.

* * *

Optimizm buyuk kishilarning ziynatidir.

* * *

Dunyo yolg‘onchi guvohlarga to‘la.

* * *

Rashk bu – jon joying­­ga to‘xtov bilmay sanchilayotgan ignadir.

* * *

Odamlar ko‘pincha o‘zlarining vaqtinchalik baxtsizliklarini dunyodagi eng muhim narsa deb hisoblaydilar.

* * *

Faqat mehnatgina insonning qiyofasini o‘zgartira oladi.

* * *

Davrimizning ziynati yorqin shoirlardir. Angliyada – Kipling, Frantsiyada Apolliner va Elyuar, Germaniyada Rilke, Rossiyada – Mayakovskiy va Yesenin, Armanistonda – Charents va Isaakyan. Bu mayoqlar bir-bir so‘nganda go‘yo dunyo zulmatga cho‘mganday bo‘ldi.

* * *

Tanqid muddatsiz surgundir.

* * *

Ta’lim berish – umid urug‘ini ekish demakdir.

* * *

To‘g‘rilik ko‘pincha muhokama qilinmaydi.

* * *

Yoshlar orzu qiladi. Qarilar eslaydi.

* * *

Hayotda hech bir narsa biz tasavvur qilgandek bo‘lmaydi.

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 10-son