Ulug‘ qirg‘iz adibi. “Birinchi muallim”, “Erta qaytgan turnalar”, “Yuzma-yuz”, “Sarvqomat dilbarim”, “Somon yo‘li”, “Momo yer”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Qiyomat”, “Asrga tatigulik kun”, “Kasandra tamg‘asi”, “Qulayotgan tog‘lar” kabi asarlari mashhur. Kitoblari adadiga ko‘ra, dunyoda eng sevib o‘qiladigan o‘n adibning biri.
Yozuvchi O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.
* * *
Do‘st yomon kunda bilinadi, deyishadi. Menimcha, ularning qandayligi yaxshi kunda ham bilinadi.
* * *
Juda ko‘p odamlar kasalliklar sababligina emas, o‘zlarini aslidagidan ko‘ra ulug‘roq ko‘rsatish degan dardi bedavodan halokat topadilar.
* * *
Oshqozon miyadan aqlliroq. Chunki u qayt qilishni biladi. Miya esa har qanday chiqindini qabul qilishi mumkin.
* * *
Muhabbat bu – o‘zingni boshqa odamda yo‘qotishdir.
* * *
Ernest Heminguey menga bolaligimdan katta ta’sir ko‘rsatgan… Jahon adabiyotidan Markes, Joys va Prust ijodimga yaqin. O‘zimizning yozuvchilardan esa – Fozil Iskandar.
* * *
Xalqning umrboqiyligi – uning tili bilandir.
* * *
Elchilikni ko‘pchilik ayyorona ish deb tushunadi. Yo‘q, men hamisha ochiq-oshkora, samimiy yo‘l tutaman. Agar qing‘irlik yo‘qligini, ko‘ngil tozaligini his qilib tursa, odamlar sizga albatta ishonadi. Menimcha, insoniy va diplomatik aloqalar o‘rnatishimda menga aynan shu sifat juda qo‘l kelgan.
* * *
Katta adabiyotda umrboqiy mavzular aks etishi kerak.
* * *
Chinakam o‘quvchi kitobni qo‘liga olgach, o‘zini kashf etadi, o‘zidagi ilohiy iste’dodni – hamdardlik, odamiylik iste’dodini yuzaga chiqaradi. Agar ba’zi-ba’zida shu hol yuz beradigan bo‘lsa, demak, kitob o‘z ishini bajaribdi – boshqalarning fikri, tuyg‘usi, orzusi va xatti-harakatiga aylanibdi. Demak, u o‘quvchilarning intilish va irodasi bilan nimalardir qila oladi – xalq, hayot va dunyoni yaxshi tomonga siljita biladi.
* * *
Ulug‘ adiblarning asarlarida katta kuch bor. Ularni ocharkansan, ular ham sendagi qirralarni ochadi.
* * *
Ommaviy madaniyat qanchalik kuch-qudratli bo‘lsa, unga shunchalik jiddiy qarshi kurashish kerak. Bunga yangi badiiy qadriyatlarni yaratish va borlarini asrab-avaylash bilan erishiladi.
* * *
Har bir yangi egallangan til har qanday odamning bebaho boyligidir.
* * *
Men barchaga – g‘arbliklarga ham, sharqliklarga ham birday taalluqli mavzularga qo‘l urishni istayman.
* * *
Totalitar sharoitda qalb chanqog‘imizni mutolaa qondirdi, og‘riqlarimizga malham bo‘ldi.
* * *
Ideal ayol deganda men hamisha ziyolilik darajasini birinchi o‘ringa qo‘yganman. Aqliy salohiyatini ham, albatta. Umuman, ideal bosqichma-bosqich, uzoq va ko‘p sonli kuzatishlar asosida shakllanadi.
* * *
Real hayotda sevgi-muhabbat munosabatlari yo‘q bo‘lishi mumkin. Ammo uning fantaziyamizda, tasavvurimizda borligi katta ahamiyatga ega. Albatta, bu ijod uchun ham katta turtki beradi.
* * *
Zamonaviy jamiyat o‘ta mo‘rt. Hamma narsa universallashayotgan globalizatsiya zamonida milliy madaniyatlar juda ko‘p jabhalarda imkoniyatini boy beryapti. Bu manqurtlikka olib kelishi mumkin. Barcha milliy madaniyatlar bitta totalitar ommaviy madaniyat siquvi ostida qolishi ehtimoli bor. Demokratik tamoyillar bizni taraqqiyotga olib boradi va qo‘rquv-xavotirlar amalga oshmaydi, deb umid qilaman.
* * *
Tez olovlanib ketishdan, birovni ayblash va janjal ko‘tarishdan o‘zimni tiyaman. Doim og‘ir-bosiq bo‘lishga intilaman.
* * *
Deyarli har bir asarimda mifologik mavzularga murojaat qilganman. Chunki u juda boy manbadir.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 9-son