Tabiat va koinot saboqlari: burga qutursa nima bo‘ladi?

Bir zamonlar Buyuk Ipak yo‘li tegrasida joylashgan, keyinchalik cho‘lquvarlar va metallurglar diyori sifatida dong taratgan Bekobodning tabiati ham o‘ziga xos. Ayniqsa, yiliga o‘rtacha 52 kun esuvchi kuchli shamolining ta’rifi butun Markaziy Osiyoga ketgan. Eni 9-40, uzunligi 70-75 kilometrlik “Farg‘ona darvozasi” (Xo‘jand) orqali kirib keladigan bu “tilsiz yov” har doim xalq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazadi, odamlar asabini obdon egovlaydi. Negaki, tezligi qishda sekundiga 25-30, ba’zan 40-45 metrga yetadi, yozda 15-20 metr atrofida bo‘ladi. Bir esganda ikki kundan besh kungacha tinim bilmaydi. Quturgan kezlari mevalarni beomon to‘kadi, ekinlarni sindirib, nobud qiladi, tuproqning unumdor ustki qismini yalab ketib, hosildorlikni pasaytiradi. U ariq-zovurlarni ko‘mib yuborgan, vagonlar, mashinalar va simyog‘ochlarni ag‘darib, tomlarni uchirib ketgan paytlar ham ko‘p bo‘lgan.

Ana shu bois bekobodliklar biror ishga qo‘l urishdan oldin shamolning ta’sirini albatta hisobga oladilar. Tomorqa va dala yumushlarini bajarish, ekinlarni parvarishlab, hosilni saranjomlab olishda ham uning “ra’yi”ga qaraydilar. Masalan, ko‘pincha shamol to‘xtashi bilanoq yomg‘ir yog‘ishini, mabodo, u qibladan esa boshlasa, havo sovishini unutmaydilar va shunga yarasha taraddud ko‘radilar. Ayni chog‘da, erta ko‘klamdagi qattiq shamol yerning tez qurishiga, kech kuzdagisi paxta ko‘saklarining barvaqt ochilishiga xizmat qilishini ham yaxshi biladilar. Bu mahalliy aholining asrlar osha shakllangan tajriba va ko‘nikmalaridan biri hisoblanadi.

Tabiat va inson o‘rtasidagi munosabatlarga oid bunaqa misollarni respublikamiz yoki dunyo miqyosida ko‘plab keltirish mumkin. Zero, dehqonchilik va chorvachilik sohasida bugun-erta nimalar qilish lozimligini aniq bilish, yaqin kelajakni oldindan tasavvur etish odamzod faoliyatida hamisha muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa ko‘p jihatdan uni o‘rab turgan borliqqa, ayniqsa, tabiiy sharoitlar va atmosfera hodisalariga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham ahli bashariyat azal-azaldan jonli va jonsiz tabiatni, nabotot va hayvonot dunyosi sir-asrorlarini bilishga qiziqqan. Hali ilm-fan rivojlanmagan davrlardayoq Quyosh, Oy va yulduzlarni, koinot va atmosfera hodisalarini sinchkovlik bilan kuzatib kelgan. Aytaylik, qo‘y-qo‘zilar va qoramollarni yaylovlarga olib chiqish yoki qishlov joylariga qaytarib kelish, qaysi urug‘ va ko‘chatni qachon ekish va parvarishlash yoki hosilini o‘rib-yig‘ib olish muddatlarini aniqlash niyatida astronomik va meteorologik kuzatuvlar olib borgan, yil, oy, kun hisobini yuritib, to‘plangan tajribalar asosida ish tutishga odatlangan. Shu zayl xalq astronomiyasi, kosmografiyasi, meteorologiyasi, taqvimi va agrometeorologik taqvim vujudga kelgan.

Zamonlar o‘tgani sayin ajdodlarimiz iqlim va ob-havo o‘zgarishi muayyan izchillikda va bir maromda ro‘y berishini payqay boshlashgan. Garchi bu holatlarning tub sabablari va qonuniyatlarini aniq bilishmasa-da, tabiiy hodisalar takrorlanishi haqida muayyan tushunchalarga ega bo‘lishgan va ulardan o‘zlari uchun tegishli saboqlar chiqarib olishgan. Astronomik va meteorologik kuzatishlar natijalarini jamlab, fasllar va oylarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashgan. Hatto, parranda-yu darrandalar, mayda jonivorlaru qurt-qumursqalarning xatti-harakati va qilig‘iga qarab, qay paytda va qanday vaziyatda yog‘ingarchilik bo‘lishi yoki tinishini, havo isishi yoki sovishini oldindan aytib berishgan. Bunday xulosalar tobora ko‘payib, avloddan avlodga bebaho meros bo‘lib qolgan.

To‘g‘ri, oddiy xalqning bashoratlaridan ba’zilari bilimsizlik mahsuli bo‘lgan, ayrimlari taxminiy faraz va uydirmalarga qorishib ketgan. Ammo aksariyatining mazmun- mohiyati tabiat hodisalarining sodir bo‘lishi va maxluqotlarning o‘zini nechog‘li tutishiga shu qadar mos tushganki, ularning haqiqatga juda yaqinligini endilikda zamonaviy ilm-fan ham inkor etmaydi. Keling, shu o‘rinda so‘zimizning isboti sifatida ayrim misollarga murojaat etaylik:

– burga qutursa, asalari uyasidan chiqmasa, qaldirg‘och past uchsa, qora qarg‘a o‘ynasa, ot xirillasa – ob-havo ayniydi;

– havoda chivin o‘ynasa, qumursqa qanotlansa, o‘rgimchak to‘r to‘qisa, chuvalchang yer yuziga, qisqichbaqa quruqqa chiqsa, qurbaqa qattiq qurillasa, ilon isinsa, qaldirg‘och cho‘milsa, qarg‘a past uchsa, turna sayrasa, mushuk eshikni timdalasa, ot tepinsa, sigir sutini tortsa, bug‘doy o‘rganda o‘roq ko‘karsa, o‘rimdan keyin ang‘izdan suv chiqsa, ariq suvi ko‘piklanib oqsa, kunchiqar tarafdan yel essa, yulduzlar kichik ko‘rinsa, kamalakning ikki uchi suvga “tushsa”, kun qattiq isisa, shudring tushmasa, tutun yuqoriga o‘rlamasa, – yomg‘ir yog‘adi;

– kamalak paydo bo‘lsa – yomg‘ir tinadi.

– qushlar chug‘urlashsa – havo ochilib ketadi;

– parrandalar pastlab uchsa, qarg‘a qag‘illasa, tuya o‘yinga tushsa – qor yog‘adi.

– it qorda o‘ynoqlasa, ot yo‘lga yotsa – bo‘ron turadi;

– chuvalchang yerga kirsa, qaldirg‘och baland uchsa, boyo‘g‘li sayrasa, o‘rdak cho‘milsa, g‘oz boshini yashirsa, tumshug‘ini taqillatsa, bir oyog‘i yoki tumshug‘ini qanoti orasiga tiqsa, it qorga ag‘anasa, sigir orqa oyog‘ini qaltiratsa, ertalab quyoshni tuman berkitsa, bulut siyrak bo‘lsa, kamalakning ikki uchi toqqa “minsa” – sovuq bo‘ladi;

– chigirtka chirillasa, g‘oz yuvinsa, o‘rdak qichqirsa, turna o‘yinga tushsa, it yo‘lga yotsa, ot pishqirsa, sigir yotsa – havo isiydi.

– ertalab oftob qizarib chiqsa – havo bulutli  bo‘ladi yoxud qor-yomg‘ir yog‘adi.

– quyosh qizarib botsa yoki u botayotganida ufq alvon tusga kirsa – ertangi havo ochiq bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Bu yanglig‘ alomat va bashoratlarning ko‘pchiligi tadqiqotchi A.Jabborovning “Fan va turmush” jurnalining 1969 yilgi 12-sonida bosilgan “Xalq karomati” sarlavhali maqolasida batafsil bayon etilgan, ayrimlari esa 2001 yili chop etilgan “Ma’nolar maxzani” kitobi mualliflari Shotursun Shomaqsudov va Shuhrat Shorahmedov tomonidan bevosita el og‘zidan yozib olingan.

Yana bir gap. Ota-bobolarimizning borliq va ob-havoga doir teran fikr-mulohazalaridan aksariyati vaqt o‘tishi bilan sayqallagan va hikmat durdonalariga aylanib, bizgacha yetib kelgan. Ularda xalqimizning donoligi, zukkoligi va sinchkovligi, koinot sir-asrorlaridan yaxshi xabardorligi, uzoqni oldinda ko‘ra bilishi o‘z aksini topgan. Masalan, “Oy qo‘tonlasa – oyda yog‘ar, kun qo‘tonlasa – kunda yog‘ar” degan maqolni olaylik. Bu o‘rinda “qo‘tonlasa” deyilganda, Oy va Quyosh atrofida paydo bo‘ladigan nurli halqa nazarda tutiladi. U atmosferadagi optik hodisalardan bo‘lib, el nazdida yomg‘ir darakchisiga yo‘yiladi. Buni hozirgi ilm ham to‘g‘ri deb hisoblaydi.

Amerikaliklar esa oy atrofidagi halqani qor yog‘ishidan, quyosh atrofidagi halqani yomg‘ir yog‘ishidan nishona deb bilishadi. Meteorolog F.Forresterning “Ob-havo haqida ming bir savol” kitobida buning sababi quyidagicha izohlanadi: Quyosh va Oy yon-veridagi yorug‘ halqa yer yuzasidan to‘qqiz kilometrcha balandlikda barra bulutlar qatlami borligini anglatadi. Ular ko‘pincha atmosferaning past bosimiga bog‘liq issiq oqim yaqinlashayotganidan dalolat beradi. Quyosh yoki Oy atrofida halqa paydo bo‘lgach, yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli tug‘iladi. Halqa qancha yorug‘ bo‘lsa, bu ehtimol haqiqatga shuncha yaqinlashadi. Kuzatuvlar jarayonida halqa ko‘ringan har uch holatdan ikkitasida ko‘pincha 12-18 soatdan so‘ng qor yoqqani aniqlangan.

Yuqorida tilga olingan maqolning “Oy o‘tovlasa, oylik g‘amingni ye, kun o‘tovlasa, kunlik g‘amingni ye”, “Oy qulansa (ya’ni qo‘tonlasa), oyog‘ingni uzat, kun qulansa, kuragingni tuzat”, “Yil boshidan qo‘rqma, oy boshidan qo‘rq”, “Oyning beshidan qo‘rqma, boshidan qo‘rq” kabi muqobillari ham bor. Ularning dastlabkilarida “Oy girdida doirasimon halqa paydo bo‘lsa, yomg‘ir yog‘adi, baribir, biror ish qilolmaysan, yaxshisi, oyog‘ingni uzatib, damingni ol. Ayni holat Quyosh atrofida kuzatilsa, qor yog‘adi, demakki, tomingni tozalash uchun kuragingni tayyorlayver” degan ma’no mujassam. Keyingilarida esa har oy boshida havo bir aynishi,  bemahal yog‘ingarchilik yoki sovuq bo‘lishi mumkinligi eslatilgan. Shu bois o‘tmishda dehqonlar oy boshidan xavotirlanganlar. Ko‘chmanchi chorvadorlar uning uch kunini o‘tkazib, so‘ngra yo‘lga otlanganlar. To‘ylarni ham shu fursatdan keyin o‘tkazganlar.

Moziydan meros “Oy boshida kun yo tuzalar, yo buzilar”, “Oy o‘ziga tinch, odamlarga notinch”, “Oy chalqancha tug‘sa – oy bo‘yi ayoz” singari maqollar ham bejiz yaratilmagan. Xalq tushunchasiga ko‘ra, yangi chiqqan oyning “o‘rog‘i” tik bo‘lsa, u o‘ziga notinch hisoblanadi va ob-havo qulay keladi. Bordi-yu, o‘rog‘i chalqancha yotgan bo‘lsa, oy o‘ziga tinch sanaladi va ob-havo aynib, kutilmagan sovuq va yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Mutaxassislarning uqtirishlaricha esa, aslida oyning ob-havoga ta’siri juda sust. U faqat atmosfera to‘lqinlarining bir ozgina ko‘tarilishida namoyon bo‘ladi. Shunday esa-da, Oy ko‘rinishi atmosfera sharoitlariga bog‘liqligini nazarda tutsak, undagi o‘zgarishlarni nimalargadir yo‘yuvchi naqllarni birmuncha o‘rinli deyish mumkin. Lekin ob-havoni Oy fazalari bilan bog‘lab ko‘rsatuvchi maqollarni asosli deb bo‘lmaydi.

Endi “Oyga qarab adashsang, otingni “Oltin qoziq”qa bog‘la” degan maqol zamiridagi ma’noga e’tibor qarataylik. Sh.Shomaqsudov va Sh.Shorahmedovlarning ta’kidlashlaricha, xalqimiz bu naql orqali tunda adashmaslik va yo‘l topish choralarini o‘rgatgan. Chunki o‘tmishda uzoq safarga otlanganlar, bepoyon dashtu biyobonlardan o‘tib borayotganlar o‘sha kezlar kompas yaratilmagani bois goho yo‘ldan adashganlar. Ana shunday vaziyatlarda Qutb yulduzi, xalq ta’biri bilan aytganda, “Oltin qoziq” ularning joniga aro kirgan. Boisi, u samodagi jamiki yoritqichlar orasida eng muhimlaridan hisoblanadi. Yerning xayoliy o‘qi o‘tadigan nuqtaga yaqin bo‘lgani uchun kishi nazarida bamisoli yerga qoqilgan qoziqday joyidan qo‘zg‘almaydigandek va u yon-bu yonga qimirlamaydigandek tuyuladi. Shunga ko‘ra, ota-bobolarimiz uni “Temir qoziq” va “Oltin qoziq” deb atashgan. Eng muhimi, bu yulduz dunyoning shimoliy qutbiga juda yaqin turgan chog‘ida hamisha shimolni ko‘rsatadi. Demak, agar siz Qutb yulduziga yuzlansangiz, old tomoningiz – shimol, orqa tomoningiz – janub, o‘ng tarafingiz – sharq, so‘l tarafingiz – g‘arb bo‘ladi. Oy esa bir joyda muqim turmaydi. Binobarin, unga ishongan odam manzildan yanglishadi. Shuning uchun ham ajdodlarimiz Qutb yulduzidan shimolni ko‘rsatuvchi mayoq sifatida foydalanishgan. “Agar oyga umid bog‘lab, dog‘da qolgan bo‘lsang, oting boshini “Oltin qoziq” sari burib, mo‘ljalni rostlab ol. Shunda aslo afsuslanmaysan”, demoqchi bo‘lishgan.

Ko‘rib turibsizki, odamzod hayotini tabiat va koinotdan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Inson mudom borliq og‘ushida bo‘ladi, undan ta’sirlanadi, undan zavq-shavq, ibrat va saboq oladi. Shu bois u bilan hisoblashib yashashga intiladi. Biz bu oddiy haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak!

Abdunabi Haydarov