Har bir urug‘ kelgusi o‘simlik solib qo‘yilgan xaltachani eslatadi. Urug‘ning tarkibida mayda yangi o‘simlik bilan bir qatorda uning oziqlanishi uchun zarur bo‘lgan moddalar ham bo‘ladi. Agar katta urug‘lardan loviyani o‘rtasidan ikkiga bo‘lsangiz, uning ichida o‘simlik murtagi va oziqni ko‘rishingiz mumkin. Yana urug‘palla deb ataluvchi ikkita oqimtir, yupqa pallalarga ham ko‘zingiz tushadi. Ular unib chiqayotgan murtak uchun ozuqa vazifasini o‘tovchi kraxmal bilan to‘la bo‘ladi. E’tibor berib tikilsangiz, urug‘pallalar o‘rtasidagi oq nishni ko‘rasiz. U bo‘lg‘usi loviya o‘simligidir. Ayrim o‘simliklarning faqat bitta urug‘pallasi bo‘ladi.
Ayrim o‘simliklarning murtagi yerga tushishi bilanoq unib chiqadi, boshqalariga esa buning uchun ma’lum bir davr, hatto bir necha oy kerak bo‘ladi. Dastlab ularning ildizi paydo bo‘ladi, so‘ngra quloq chiqaradi.
Olma, pomidor singari sharbati mo‘l mevalarning urug‘lari ichidan olinmaguncha, unib chiqmaydi. Chunki bu mevalarning tarkibida urug‘lar unishiga to‘sqinlik qiladigan moddalar bor.
Urug‘ning ichidagi mayda nish murtak yoki embrion deb ataladi. Uning yuqori qismidan poya va barglar o‘sib chiqadi. Quyi qismidan ham nishcha bo‘rtadi va undan keyinchalik ildiz paydo bo‘ladi.
Urug‘lar sharoit qulay bo‘lgan taqdirdagina una boshlaydi. Bunday sharoit deganda, issiqlik, yetarli darajadagi namlik va kislorod anglashiladi. Bunday sharoitlar mavjud bo‘lgan taqdirda ozuqa moddalar zaxirasi embrionni ozihlantira boshlaydi. Embrion o‘sib, qobiqni yorib chiqqach, nihol yoki maysa paydo bo‘ladi. U o‘z navbatida, kattalasha borib, ota-ona o‘simlikka o‘xshab qoladi.