Tuyaqushning qaysi tomoniga e’tibor bermang, baribir uning qiziq jihatlarini topaverasiz. Tuyaqush eng katta qush, ammo uchishni bilmaydi. Mayda qanotlaridan tez chopayotgan payti o‘z muvozanatini saqlashda foydalanadi.
Bu qushning boshi va bo‘yni patlardan xoli. Tuyaqushning uzun oyoqlari ikkita barmoq bilan tugaydi. Modasining qanotlari va oq dumidan tashqari hamma joyidagi patlar to‘q pushti tusda. Erkagining patlari xira va kaltadir.
Bunday qushning sayroqi ovozi bo‘lmasa kerak, degan fikrga borgan bo‘lsangiz ajab emas, darvoqe, uning ovozi bor! Yilning ancha qismida tuyaqushlar qattiq va shipillaydigan ovoz chiqaradi, juftlashish davrida esa ularning yangroq o‘kirigi «paydo bo‘ladi» va olislardan ham eshitiladi.
Uch yoki to‘rtta makiyoni qumdan qazilgan chuqurchaga birgalikda tuxum qo‘yadi va navbatma-navbat bosishadi, tunda esa ular xo‘rozi bilan o‘rin almashadi. Qushlar qo‘yadigan tuxumlar orasida tuyaqushning tuxumi eng yirigidir.
Tuyaqush ochko‘z qush. Uning ratsioni asosan o‘simliklar, meva va dondan iborat. Ovqati yaxshi hazm bo‘lishi uchun tuyaqush ba’zan kattaroq toshlarni, temir parchalari va boshqa narsalarni yutib turadi!
Odamlar tuyaqushlarning ulkan patlariga ishqiboz bo‘lib parvarishlashadi. Tuyaqushning bir yoshga yetmasdan turib, patlarini yulib olish mumkin, yulinganlari o‘rnida yangilari o‘sib chiqaveradi.