Tutib qamovchi yirtqich o‘simliklar qanday oziqlanadi?

Er yuzida tutib qamovchilar guruhiga mansub yirtqich o‘simliklarning o‘nlab turi mavjud. Ammo ularning hammasi ham bir xil oziqlanadi: o‘z o‘ljalarini «tutib qamaydi», so‘ngra ularni hazm qiladi. Bu guruhga, masalan, venerina muxolovka yaqqol misol bo‘la oladi. U Shimoliy Amerikada o‘sadi va quyosh tushib turadigan ochiq, nam yerni xush ko‘radi.

Venerina muxolovkaning ko‘rinishi qoqigulga o‘xshaydi. Uning poyasida dumaloq, atrofi qattiq tuk-tukchalar bilan o‘ralgan yaproqlari joylashgan. Ana shu yaproqlar hasharotlarni tutib oladi. Ular bunga qanday qilib erishadilar?

Venerina muxolovkaning har bir yaprog‘i teng ikkiga bo‘lingan bo‘lib, har bir tomonida uchtadan tikan dikkayib turadi. Yaproqqa biror hasharot qo‘nishi hamono u tikanlarning biriga, albatta, tegib ketadi. Yaproq o‘rta chizig‘idan uzunasiga ikkiga qatlanadi, o‘lja go‘yo qopqonga tushganday bo‘ladi.

Bunday yirtqich o‘simliklarning o‘z ayyorliklari bor. Gap shundaki, yaproq tikandan signal olishi bilan qatlanmaydi. U kutib turadi: ehtimol bu yanglish bezovtalikdir, demak kuchini sarflashga hojat yo‘q, chunki qatlanib qolgan qopqon bir kecha-kunduzdan so‘nggina qayta ochiladi. Shuning uchun o‘simlik ikkinchi signalni kutadi, agar hasharot rostdan ham yaproqqa qo‘ngan bo‘lsa, demak, u harakatlanadi va tikanlarning biriga muqarrar tegib ketadi. Ayni hol ro‘y bergan zahoti yaproq salqiroq qatlanadi. Tukchalar orasi ochiq qoladi, agar hasharot jimitday bo‘lsa, u chiqib ketishi va qutulib qolishi mumkin. O‘simlik uning uchun kuch sarflab o‘tirmaydi. Biroq katta hasharotlar qutula olmaydi. U qopqonda tipirchilay boshlaydi, tikan uning harakatini sezib, uchinchi, so‘nggi signalini yuboradi. Ana shunda yaproq shartta qatlanadi va darrov ovqatni hazm ettiruvchi suvga to‘ladi. Hasharot bu yerda bir necha kun hazm qilinadi, shundan keyin yaproq yana ochiladi va o‘simlik yangi bir o‘ljani kuta boshlaydi.

Bu hol ikki-uch marta takrorlangach, yaproq qorayib, qurib-qovjiraydi va yangisi bilan almashinadi.