Sardina kichkina sarg‘ish-yashil rangli baliq bo‘lib, seldlar oilasiga mansubdir. Ularning eng kattasi 25 santimetr chiqadi. U boshqa seldlar kabi quritilgan holda ovqatga ishlatiladi.
Sardinalar voyaga yetmagan payti tutiladi va ulardan konserva qilinadi. Tutilgan baliqni avvalo, chuchuk suvli hovuzga solishadi. So‘ng ularning ichak-chavog‘ini tozalashadi, kallasi kesib tashlanadi va tangachalardan tozalanadi. Shundan keyin baliq sho‘r aralashmada toblanadi va quritish qurilmasidan o‘tadigan katta vannalarga taxtlanadi.
Sardinalar qaynab turgan yog‘da taxminan besh daqiqa pishiriladi. So‘ng, qaynog‘i o‘chgach, ular kichik yassi konserva bankalariga solinadi va qurib qolmasligi uchun yana yog‘ quyiladi.
Tinch okeanining Shimoliy Amerika sohillarida yashaydigan sardinaning bir turi ovlanadigan baliqlar orasida eng mahsuldoridir. Bu baliqdan bir mavsumda 560 million kilogramm atrofida ovlashadi!
Sardinalar Yevropaning O‘rta Yer dengizi va Frantsiyaning g‘arbiy sohillarida yashaydi. Aytgancha, «sardina» suzi Sardiniya oroli nomidan olingan, chunki bu baliq birinchi marta mana shu orol atrofida ko‘p miqdorda ovlangan. Tinch okeani sohillaridan ovlanadigan sardinalar konserva qilishga mutlaqo yaroqsizdir, ular buyoq va yog‘ olish uchun qayta ishlanadi, shuningdek, uy parrandalari va mollariga ozuqa tayyorlanadi.
Sardinaning modasi bir mavsumda, asosan aprel—may oylarida 100—300 mingtagacha uvuldiriq tashlashi mumkin. Uvuldiriq taxminan uch kunda yetiladi, uch oydan so‘ng to‘p-to‘p qilib yig‘ishtiriladi. Sardinalar mayda o‘simliklar va mikroorganizmlar bilan ovqatlanadi, o‘z navbatida ularning o‘zi katta baliqlarga, masalan lososga yem bo‘ladi. Ular gala-gala bo‘lib, suv sathiga yaqinlashib ko‘chadilar.