Yakobinchilarning yetakchisi shafqatsiz Maksimilen Robesper (1758—1794) edi. 31 yoshida Bosh shtatlarga saylangan, ajoyib advokat va sudya bo‘lgan bu odam, oddiy kishilarning huquqlarini jon-jahdi bilan himoya qilardi. Uning tasavvuriga ko‘ra oddiy xalqning xayrli ishlariga faqat buzg‘un jamiyat va illatli kishilargina xalaqit beradi. Shuning uchun ham turli ma’naviy illatlarga ega kishilarni bir boshdan qirg‘in qilish kerak.
Endilikda ana shu g‘oya asosida bosh kesuvchi jodining tig‘i har kuni kunda ustida bir necha bor ko‘tarilib tushardi. Xalq dushmanlari (dastlab faqat boylar) kundada jon berdilar. Dastlab bu qismatga qirolning bevasi Mariya-Antuanetta, keyin gertsog Orleanskiy, uning ketidan esa ruhoniylar va aslzodalar giriftor bo‘ldi. Ulardan keyin Robesper yaqindagina uning tarafdorlari bo‘lgan (masalan Danton kabi) kishilarni, ularning xotinlari va yaqin qarindoshlarini qatli om qildi. Shundan so‘ng o‘zining boshqa raqiblariga tashlandi. Robesper hamma joyda buzg‘unchi ayollarni, erkaklarni ko‘rardi. Oqibatda shafqatsiz terror avj oldi. Unga qarshi borish jinoyat hisoblanardi. Butun Frantsiya qo‘rquv va dahshat ostida yashardi. 500 mingga yaqin odam turmaga qamalgandi, 17 ming kishining boshi esa jodida kesildi. Nihoyat o‘z jonidan xavfsiragan Robesperning maslakdoshlari unga xiyonat qilishib, uning o‘zining boshini ham jodidan o‘tkazishdi.