Rimda nasroniylikni kim joriy qilgan?

Chet mamlakatlardagi har qanday din ham rimliklarga yoqavermas edi. Masalan, ular Britaniya va Galliyada mavjud bo‘lgan, odamlarni qurbonlik qiladigan druidlar dinini ta’qib etishardi. Rim bir necha bor urush olib borgan Yahudodan nasroniylik imperiyaga yashirin kirib kela boshladi. Ma’murlar nasroniylarni ta’qib etishar hamda ularni amfiteatrda ommaviy qirg‘in qilishni tez-tez uyushtirib turishardi. Shunga qaramay, nasroniylik yashovchan bo‘lib chiqdi hamda eramizning 313 yilida imperator Konstantin uni Rimning rasmiy dini sifatida e’lon qildi. Biroq ko‘plab rimliklar, avvalgidek, majusiy ma’budlarga sig‘inishardi.

Qachonlardir ilk nasroniylar o‘zlari nafratlangan Rim imperiyasini uning madaniyati bilan birga yakson etishni orzu qilishgandi. Endilikda ma’lum bo‘lishicha, yovvoyi qabilalar hujumi paytida nobud bo‘layozgan antik tsivilizatsiyadan ko‘p narsani saqlab qola olgan kuch ayni nasroniylik bo‘lgan ekan. German qabilalaridan birontasining nasroniylikka kirishi ertami-kechmi bu qabilada G‘arb cherkovi tili — lotin tilini biladigan, diniy kitoblarni o‘qiy oladigan, rim raqamlarini, rim kalendarini va hatto huquqini biladigan kishilar paydo bo‘lishini bildirardi. Lotin Bibliyasini, oz bo‘lsa-da, tushunish uchun dastavval Rim klassiklarining nasriy va nazmiy asarlari bilan tanishish zarur edi. Shu bois nasroniylar qadimgi buyuk majusiylar — Goratsiy va Ovidiy, Sitseron va Tit Liviylar asarlarini xavfsala bilan ko‘chirib yoza boshlaganlar. Qadimgi rimliklarning ko‘plab asarlari ayni shu ilk o‘rta asrlar ko‘chirmalari orqali bizgacha yetib kelgan. Ko‘hna bilimlarni saqlab qolish va tarqatishdek og‘ir mehnat, eng avvalo, monaxlar zimmasiga tushdi.