Qurbaqa va cho‘lbaqasi o‘rtasida qanday farq bor?

Odamlar qurbaqa va cho‘lbaqasi urtasida farq borligini bilishsa, hayron qolishi tabiiy. Garchi ma’lum farqlar bo‘lsa-da, asosiy alomatlari bir xil. Ular sovuq qonli hayvonlar guruhiga mansub bo‘lib, ham yerda, ham suvda yashay oladi.

Ularning ayrimlari shu qadar o‘xshashki, ularning qaysi biri qurbaqa-yu, qaysi biri cho‘lbaqasi ekanini bilmay qolasan kishi. Qurbaqalar lo‘ppi va silliq, uzun va nozikdir. Cho‘lbaqalarining ko‘pchiligi quruq, serbuqoq va miqti bo‘ladi. Ko‘p qurbaqalarning tishi bor, cho‘lbaqasiniki esa yo‘q.

Amfibiyalarning aksariyati tuxum qo‘yadi, bu jihatdan qurbaqalar va cho‘lbaqalari bir-biriga o‘xshashdir. Ularning tuxumi suv yuzida qalqib turgan yelimshak moddaning loy dog‘larini eslatadi. Urug‘lardan amfibiyalardan ko‘ra ko‘proq baliqlarga o‘xshaydigan kichkina itbaliq paydo bo‘ladi.

Itbaliqlar oyqulog‘i yordamida nafas oladi, ularning uzun dumi bo‘ladi, ammo oyog‘i bo‘lmaydi. Tuxumdan itbaliqning ochib chiqishi 3 kundan 25 kungacha vaqtni oladi. 3—4 oy o‘tgach, uning oyqulog‘i va dumi yo‘qoladi. Ayni vaqtda uning oyog‘i va o‘pkasi shakllanadi. Itbaliq bir yoshga yaqinlashganda yetilgan hisoblanadi. Bu jonivorlar 30—40 yil umr kechiradi.

Cho‘lbaqasi qurbaqaga nisbatan kam tuxum qo‘yadi. Bir yilda 4—12 mingta, ho‘kiz qurbaqa modasi bir mavsumda 18 000 dan 20 000 gacha tuxum qo‘yadi!

Cho‘lbaqasining tuxumni ochib chiqishda erkagi muhim o‘rin tutadigan turlari bor. Yevropada yashaydigan bir cho‘lbaqasining erkagi yerdagi uyasida, tuxumlar ochilmaguncha, ularni panjasi oldida aylantirib o‘tiradi. Shunda u yana bolalarini suvga boshlab boradi.

Janubiy Amerikada yashaydigan cho‘lbaqasining tuxumi ota-onasining yelkasidagi chuqurchada ochiladi. Bu chuqurcha suyuqlik bilan to‘ldirilgan va teri bilan qoplangan. U itbaliqqa aylangunga qadar shu yerda kun kechiradi.

Mo‘tadil iqlimda yashovchi cho‘lbaqalari odatda, pushti yoki och sariq tusda bo‘ladi. Tropiklarda esa ularning rangi juda yorqindir. Ularni qo‘lga olish mutlaqo xavfsizdir.