Er yuzida nechta qit’a borligini ota-onangizdan so‘rab ko‘ring. Ular sizga, beshta qit’a bor, deb javob berishi ham ajab emas. Chunki ularni maktabda shunday deb o‘qitishgan.
Ammo olimlar, bugun yettita qit’a bor, deb hisoblashadi. Nega bunday bo‘ldi?
Panama kanali qazilgach, Amerika yagona qit’a bo‘lmay qoldi. Chunki Shimoliy va Janubiy Amerikani endilikda suvlik ajratib turadi.
Tag‘in Janubiy qutb atrofidagi mintaqa muz bilan qoplanganini ham bilamiz. Ilgari bu muzlik okean yuzasini qoplab yotgan muz va qordan iborat, degan qarash hukm surgan.
Biroq 1911 va 1912 yillari tadqiqotchilar Amundsen va Kuk Antarktida qalin muz bilan qoplanib yotgan yer ekanini kashf etishdi.
Demak, Yer yetti qit’aga bo‘linadi: Yevropa, Osiyo, Afrika, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Avstraliya va Antarktida.
Er jinslari taqsimlanishini tadqiq qiluvchi olimlar ularning hayratlanarli xususiyatlariga duch kelishdi. Dunyodagi eng baland tog‘ cho‘qqilari yonbag‘irlarida dengizlar tubida uchraydigan jinslar — ohaktoshlar bor ekan. Antarktidadan tropiklar sharoitida hosil bo‘lgan jinslar topildi. Yer sharining eng issiq mintaqalari — tropiklarda ko‘hna muzliklar belgilari bor. Yevropa va Shimoliy Amerikadagi toshko‘mir qatlamlari, o‘rtadagi bir necha ming chaqirimlik suv kengligi mavjudligiga qaramay, juda o‘xshash ekan. Atlantika okeanining ikkala tomonidagi materiklarning tashqi ko‘rinishi bir-biriga uyqash. Agar xayolan Janubiy Amerika sharqqa siljitilsa, uning chet chizig‘i Afrikaning g‘arbiy sohillariga o‘zaro biriktirish uchun juda mos keladi. Bu holni qanday tushuntirsa bo‘ladi?
Qadim zamonlarda materiklarning o‘zaro joylashuvi hozirgiga nisbatan butunlay boshqacha bo‘lgan, ya’ni bir zamonlar ularning o‘rnida yagona quruqlik bo‘lib, u keyinchalik ikkiga bo‘linib ketgan, deb taxmin qilib ko‘raylik. Shunda bir-biridan uzoqda joylashgan materiklarning yer qatlamlari tuzilishidagi o‘xshashlik, Atlantika okeanining ikki tarafidagi qirg‘oqlarning o‘zaro uyhashligi, shuningdek, nima uchun o‘tmishdagi iqlim sharoitlari belgilarining hozirgi geografik holatga to‘g‘ri kelmasligi ayon bo‘ladi.
Bunday taxminni ko‘pchilik olimlar ma’qullashadi. Materiklarning ko‘chishiga Yerning teran qismlari asta-sekin siljishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan vaj ham bor. Yer osti chuqurliklarida moddalar temperaturaning o‘ta darajada yuqoriligi sababli suyuq holdadir. Vulqonlar otilganda, bunday moddalar magma holida Yer yuzasiga otilib chiqadi. Suyuq moddalarning qayta-qayta qizib sovishi oqibatida yuzadagi quruqlik — materik plitasining siljishiga olib keladigan murakkab harakatlar sodir bo‘ladi. Bunday holatni har qanday suyuqlikning qizib-sovishida ham kuzatish mumkin. Kuzatishlarning tasdiqlashicha, materiklar o‘rta-okean tog‘ tizmalari — okeanlarning markaziy qismidagi suvosti tog‘lari chizig‘idan bo‘linadi. Bu joylarda jinslar yer qa’ridan juda sekinlik bilan ko‘tariladi, materiklarning chetida esa, aksincha, pastga tushadi. Yana zilzila va vulqonlar otilishi ko‘pincha aynan o‘sha materiklar plitasi chekkasida sodir bo‘lishi aniqlangan. Bu sayyoramiz qa’rida kechayotgan kuchli jarayonlarning yana bir tasdig‘idir.