Uzunligi 52 millimetr keladigan, Yevropadagi turdoshlaridan ham eng kattasi bo‘lgan bug‘uqo‘ng‘izdir. Ular butun Yevropa emanzorlarida hayot kechiradi. Lichinkalar chirigan daraxtlar va yerda yashab, o‘ziga har tomonlama qulay uya qurib oladi. Axir lichinkalar olti yil yashashi kerak. Barcha bug‘uqo‘ng‘izlar osoyishta hayotning mana shu bosqichini o‘tashi lozim. Lekin bu dam olish degani emas.
Mana shu davrda lichinkalar asta-sekin voyaga yetib boradi va hayotining oltinchi yili, odatda iyun oyi oxirlarida yorug‘likka chiqadi. Bug‘uqo‘ng‘iz kunduz kunlari maysa yoki qalin yaproqlar orasida bekinib yotadi, oqshom oldidan kichkina samolyot ustingizdan uchib o‘tayotganday g‘o‘ng‘illagan ovoz chiqarib parvoz qiladi. Voyaga yetgan bug‘uqo‘ng‘izning umri, odatda, uch haftadan oshmaydi.