Olma daraxtining yoshi nechada?

Yovvoyi olma inson o‘z taraqqiyotining ilk damlaridanoq nazar qilgan o‘simliklar dunyosi vakillari qatoriga kiradi. Yovvoyi olmaning yoshi nechada? Uning qazishmalar chog‘ida topilgan, diametri 15 mm. lik mitti mevasi Yer qa’rida olti ming yil yotgan ekan. U Germaniyaning Xeylbronn shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joydagi qurilish ishlari vaqtida topildi. Yer yuzida ilk marta kim olma daraxti ekkanini, ya’ni u qachon madaniylashganini hech kim bilmaydi. Faqat qadim zamonlardan beri Markaziy Osiyo va Kavkazda bog‘ olmasi o‘stirilgani, so‘ngra u Yevropaga borib holgani ma’lum, xolos.

Bundan, taxminan, ikki ming yil muqaddam qishloh xo‘jaligi to‘g‘risida 12 ta kitobning muallifi bo‘lmish Rim agronomi va yozuvchisi Kolumella olma daraxti 3 ming yil muqaddam madaniylashgan, deb yozgan edi. Agar uning gapi to‘g‘ri bo‘lsa, bog‘ olmasining yoshi 5 ming yilga teng bo‘ladi.

Madaniy ekinlar orasida olma daraxtining alohida o‘rni bor. Qadimgi afsona va rivoyatlarda hamma xush ko‘rib yeydigan bu meva bot-bot tilga olinadi. Misrdagi yodgorliklarda qazishma ishlari olib borilganda, olma surati chizilgan tasvirlar topilgan. Qadimgi yunonlar va rimliklar olmani muhabbat ramzi deb bilishgan va u go‘zallik ilohalariga bag‘ishlangan. Qadimgi olmonlar barcha xudolar olma daraxtini himoya qiladi, olma mevasi esa ularning sevimli taomi, deb hisoblashgan. Troya urushini eslaylik: u adovat ilohasi Erida olmani tashlashi oqibatida boshlangan.

Qizig‘i shundaki, Kelt tilida «jannat» so‘zi «olmazor» degan ma’noni anglatadi. Qadimgi Yunonistonni madaniylashgan olmaning vatani deb hisoblash rasm bo‘lgan. U madaniy ekin sifatida yunonlar va rimliklardan G‘arbiy Yevropa bo‘ylab, so‘ngra butun Yer yuziga tarqalgan.

Rus cho‘qintirilmasdan oldin ham odamlar olma nimaligini bilishgan. Madaniylashgan olma ilk marta XI — XIII asrlarda Kiyev Rusining monastir bog‘larida paydo bo‘lgan. 1051 yili Yaroslav Mudriy barpo etgan olma bog‘ining dong‘i chor atrofga ketgan. Keyinchalik bu bog‘ Kiyev — Pechyora lavrasi bog‘i deb atala boshlagan. XIV asrga tegishli yozma manbalarda Moskva bog‘lari tilga olinadi, «Domostroy» («Uy qurish»)da esa bog‘ni parvarish qilishga oid ilk maslahatlar beriladi.

Keyingi asrlarda Rusda bog‘dorchilik avj olib ketdi. Bunga Kiyev va Moskva knyazlari, shuningdek, Rus provaslav cherkovi va monastirlar ko‘p yordam bergan. Miloddan oldingi IV asrda qadimgi yunon faylasufi va tabiatshunosi Teofrast o‘zining bog‘dorchilikka bag‘ishlangan ilk risolasida olmaning bir necha navlari to‘g‘risida ma’lumot beradi. XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib mashhur rus agronomi Andrey Timofeevich Bolotov 8 tomlik tadqiqotlarida rus olmalarining 600 dan oshiq navlarini tavsiflab beradi. XX asrning oxiriga kelib esa, butun dunyoda bu mevali daraxtning 10 mingga yaqin (ayrim mualliflarning fikriga qaraganda, 20 mingdan oshiq) turi bor. Olma boglarning barcha mamlakatlardagi maydoni 3 million gektarga yaqin.