Qishi o‘ta sovuq mintaqalarda yashaydigan bolalar oynalardagi qirovni tomosha qilishni yoqtirishadi. Ayrim tasvirlar, daraxt yoki yaproqlardagi murakkab suratlarga o‘xshab, juda chiroyli bo‘ladi.
Yaproq yoki daraxtdagi suratlardagiday, deraza oynasida qirov paydo bo‘lishi uchun ham ma’lum shart-sharoitlar kerak. Qirov muzlagan suvning mayda kristallchalaridan hosil bo‘ladi. Namga to‘yingan havo muzlash nuqtasiga qadar sovigandan keyin qirov hosil bo‘la boshlaydi. Muzlash nuqtasi Farengeyt shkalasi bo‘yicha — 32 daraja, Selsiy shkalasi bo‘yicha esa 0 daraja.
Suv soviganda, undagi namlik kamaya boshlaydi. Oshiqcha suv deraza oynasi kabi ob’ektlarda kondensatsiyalanadi. Temperatura 0 darajadan past tushgach, suv kristallana boshlaydi, ya’ni suv kristallchalari suv yuzasini qoplab oladi.
Nima uchun sovuq payti deraza oynasida suratlar paydo bo‘ladi? Bir tarafdan, kristallar o‘z tuzilishiga ega va bu rasmning qandoq chiqishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, oyna yuzasidagi qirilgan joylar, chang zarralari va boshqa omillar yordamida derazalarga chiroyli naqshlar chiziladi.
«Bulduruq» deb ataladigan oq qirovning ikki turi bor: dona-dona qirov va kristallangan qirov. Dona-dona qirov muzlab qolgan tumandir. Kristallangan qirov esa havodagi muzlab qolgan suv bug‘laridir. Qirov gazsimon suv bug‘ining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qattiq holatga o‘tishidir.
Sovuq qishloq xo‘jaligi uchun o‘ta xavflidir. U daraxt butoqlarini yoki pishayotgan mevalarni nobud qilishi mumkin. Aslida, sovuqning o‘zi emas, o‘simlik tarkibidagi suvlarning muzlab qolishi zararlidir. Dehqonlar o‘z hosilini muzlashdan asraydigan bir qancha usullarni o‘ylab topishgan. Shunday usullardan biri ekinlarni yengil gazmol bilan yopishdir. Bunday qilinganda, ularning issig‘i saqlanib qoladi. Bog‘larda olov yoqib, tutun pardasini hosil qilish ham ekinlar issig‘ini saqlash imkonini beradi.
Siz oynaga chizilgan naqshlarga mahliyo bo‘lib o‘tirgan payt millionlab tonna hosilning taqdiri xavf ostida bo‘lishi mumkinligini esdan chiqarmang.