Nima uchun o‘simliklar kraxmal ishlab chiqaradi?

Oilangizda parhez saqlaydigan kishi bormi? Agar bo‘lsa, u qaysidir ovqatni yemasdan: «Uning kraxmali ko‘p, menga to‘g‘ri kelmaydi», deganini eshitganmisiz? Mabodo, uyda o‘smirlar bo‘lsa, ular «yaxshiroq o‘sish uchun» ko‘proq kraxmal tanovul qilishadi.

Kim nima deyishidan qat’i nazar, kraxmal dunyodagi eng muhim moddalardan biridir. Insoniyat kraxmaldan boshqa har qanday moddadan ko‘proq oziq oladi.

Biz kraxmalni o‘simliklardan olamiz. U o‘simliklarda mayda donalar shaklida bo‘ladi. O‘simliklar qanday qilib kraxmal ishlab chiqaradi? Ular xlorofill va Quyosh nuri yordamida tuproqdan oladigan suvni havodan oladigan uglerod ikki oksidi birlashtiradi va qand moddasi hosil qiladi hamda uni kraxmalga aylantiradi.

O‘simliklar kraxmalni mayda donalar holida tana va poyalarida, ildizlarida, yaproqlarida, urug‘larida to‘playdi. Kartoshka, makkajo‘xori, guruch va bug‘doyda kraxmal ko‘p.

O‘simliklar kraxmalni hali uni ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lmagan o‘z nihollari va novdalari uchun ishlab chiqaradi. Shuning uchun ham, tarvaqaylab ketayotgan o‘simlikka ko‘zingiz tushsa, uning o‘sishi uchun yig‘ilib qolgan kraxmal zaxirasi ozuqa bo‘lib xizmat qilayotganini yodda tuting.

Kraxmal odamlar va jonivorlar uchun quvvat manbai bo‘lgan oziqdir. Qand singari u ham uglerod, vodorod va kisloroddan tarkib topadi. Kraxmal shirin emas. U, odatda, ta’msiz bo‘ladi. Og‘iz, oshqozon va ichakdagi kimyoviy moddalar kraxmalli oziqni uzum qandiga aylantiradi. Uni esa hazm qilish oson.

Inson kraxmalni o‘simliklarning u to‘planib qolgan joyini maydalash yo‘li bilan oladi. So‘ngra kraxmal suv bilan yuvib chiqariladi va katta idishlarning tubiga cho‘kib qoladi. Undan keyin ho‘l kraxmalning suvi siqiladi, quritilgach, qirib, kukun olinadi. Tayyor kraxmal kukun holida bo‘ladi.

Kraxmal juda ko‘p joylarda qo‘llaniladi. Masalan, kiyimlarni yuvishda yelim sifatida, gazmollar va pardoz-andoz ashyolari ishlab chiqarishda asos bo‘lib xizmat qiladi.