Mabodo, geyzerdan tashqariga katta suv oqimi otilib chiqmaganida ham, u tabiatning eng qiziqarli mo‘jizalaridan biri bo‘lib qolaverar edi. Geyzer haqiqatan ham hayratlanarli qaynoq suv bulog‘idir. Bunday suv bulog‘i qaydan paydo bo‘ladi? Nega uning suvi issiq? Uni favvora bo‘lib otilib chiqishga nima majbur qiladi?
Barcha geyzerlarning quvurcha deb ataladigan teshigi bor, u yer yuzasini uning ostidagi suv omborlari bilan tutashtiradi. Yer ostidagi suvlarning asosiy manbai ham yomg‘ir va qor kabi yog‘ingarchiliklardir.
Er ostidagi tog‘ jinslari juda issiq holatdadir. Uni sovimagan lava deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bunday lava magma deb ataladi. Qizib ketgan jinslardan chiqayotgan gazlar tog‘ jinslari yoriqlari orqali yuqoriga ko‘tarilib, yer osti suv havzalariga yetib keladi. Bu yerda ular suvni qaynatadi va undan ham yuqori darajagacha qizdiradi.
Shu tariqa qaynoq buloq hosil bo‘ladi. Xo‘sh, geyzer qanday paydo bo‘ladi? Quyi qatlamlardagi issiq jinslargacha (issiqlik o‘sha yerdan chiqadi) yetib boradigan quvurcha yoki suv yo‘lagi egri-bugri, noto‘g‘ri ko‘rinishga ega. Bu o‘z navbatida bug‘ning tepaga ko‘tarilishiga imkon bermaydi. Agar suv va bug‘larning yuzaga bemalol ko‘tarilish imkoni bo‘lganida edi, buloq hamisha qaynab turgan bo‘lardi.
Geyzer otilishining sababi shundaki, yer osti toshlari domiga tushib qolgan suv qaynash darajasigacha qiziydi va shu zahoti bug‘ga aylanadi.
Bug‘ga o‘zi hosil bo‘lgan suvga nisbatan ko‘proq fazo kerak, shuning uchun ham u ustidagi suv ustunini balandga haydaydi. Bug‘ tepaga ko‘tarilishi bilan, quyi qismda bosim kamayadi va yana ko‘proq miqdordagi suv bug‘ga aylanishi uchun imkoniyat tug‘iladi. Yuzaga erkin, asta-sekin oqib chiqish o‘rniga, quyidagi bug‘ning itarishi natijasida otilib chiqadi va geyzer hosil bo‘ladi.