Butun Koinot bo‘ylab sochilib ketgan yulduzlar g‘uj-g‘uj to‘plangan yerlar galaktika deb ataladi. Bizning Quyosh esa Somon Yo‘li galaktikasidagi yulduzdir. Ushbu galaktikada ham milliardlab yulduzlar bor. Yorug‘lik galaktikamizning bir burchidan ikkinchi bir burchiga yetib borishi uchun, taxminan, yuz ming yil kerak bo‘ladi. (yorug‘lik bir yilda 9 500 000 000 000 kilometr masofani bosib o‘tadi!)
Munajjimlar teleskoplar yordamida bizning galaktikamizdan boshqa yana millionlab galaktikalar borligini aniqlashgan. Bizga ma’lum galaktikalarning 3 turi ma’lum. Somon Yo‘li kabi spiral ko‘rinishiga ega bo‘lgan galaktikalar spiralsimon galaktikalar deb ataladi. Ularning eng yaqini, taxminan, Yerdan ikki million yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu Andromeda burjidagi katta spiralsimon galaktikadir. Kuzatiladigan eng yorqin galaktikalarning 17 foizga yaqinini ellipssimon galaktikalar tashkil etadi (ellips cho‘zinchoq aylanadir, ya’ni tuxumga o‘xshaydi). Bunday galaktikalar, asosan, yulduzlardan tashkil topgandir. Ularda gaz va changlar oz miqdorda bo‘lishi yoki, umuman, bo‘lmasligi ham mumkin. Ba’zi galaktikalar noto‘g‘ri galaktikalar deb ataladi, chunki ularning muayyan shakli yo‘q. Bunday galaktikalar yulduzlardan, chang va gazlardan tashkil topgandir. Somon Yo‘liga eng yaqin ikki galaktika noto‘g‘ri galaktikalar turkumiga mansub.
Shu bilan bir qatorda, bir nechta kichik galaktikalar ham mavjud, ular «mittivoylar» deb ataladi. Ulardan eng kichiklarining o‘lchami bir necha yuz yorug‘lik yiliga teng bo‘lib, bir necha ming yulduzlardan tashkil topgan.
Koinotda katta galaktikalarga nisbatan «mittivoylar» ko‘p bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Galaktikalar bir-biridan yuz minglab yorug‘lik yili uzoqda joylashgan. Ular, odatda, guruh-guruh yoki klasterlar holida mavjuddir. Guruh yoki klasterlar bir necha o‘ndan tortib ko‘p ming galaktikalardan iborat.
Kuzatish mumkin bo‘lgan eng uzoq klasterlar bizning Somon Yo‘li galaktikamizdan trillionlab yoruglik yili olisda joylashgan.
Erdan shu darajada uzoq galaktikalar borki, ulargacha bo‘lgan masofani tasavvur qilishning o‘zi nihoyatda qiyin. Shuning uchun ham: «Koinotda nechta galaktika bor?» degan savol jumboqligicha qolaveradi.