Stolga muzday suv to‘la grafin qo‘yilsa, nima bo‘lishini bilasizmi? To‘g‘ri, uning tashqi tomoni terlab qoladi. Ter qayerdan paydo bo‘ldi, dersiz. Albatta, havodan paydo bo‘ldi.
Negaki, havoda hamisha suv bug‘lari holidagi namlik bor. Grafin nega terlaganiga kelsak, bug‘lar uning sovuq yuzasiga tegib, kondensatsiyalandi va ko‘zga ko‘rinib qoldi. Havoda esa suv bug‘lari ko‘rinmas holdadir. «Namlik» atamasi suv bug‘larining havoda mavjudligini bildiradi. Bug‘lar hamma joyda, hatto, bepoyon sahrolar ustida ham bor.
Demak, namlik hamisha mavjud, ammo uning miqdori turlichadir. Namlikni ifodalaydigan usullar ko‘p. Ular orasida «mutlaq namlik» va «nisbiy namlik» degan ikkita atama ham bor. Ular nimani anglatadi?
«Mutlaq namlik» havoning ma’lum hajm birligidagi suv bug‘lari miqdoridir, ya’ni u bir kub metr havodagi zarralarning ma’lum miqdorini bildiradi. Ammo bu biz uchun amalda hech narsani anglatmaydi. Agar ma’lum bir sharoitda o‘zingizni qanday his qilayotganingizni bilmoqchi bo‘lsangiz, «bir kub metrga to‘rt birlik» tushunchasi sizga havo quruq yoki nam ekanini anglatmaydi. Tanangizdan qancha ko‘p namlik havoga chiqib ketsa, siz o‘zingizni shuncha yaxshi sezasiz. Havoning shiddat bilan bug‘lanishi temperaturaga bog‘liq. Mutlaq namlikning esa havoning bunday tavsifiga hech qanday aloqasi yo‘q.
Nisbiy namlik foizlar bilan o‘lchanadi. Yuz foiz namlik ma’lum bir joy havosining suv bug‘i bilan to‘lgan holatini bildiradi. Temperatura qancha yuqori bo‘lsa, havoda suv bug‘lari shuncha ko‘p bo‘ladi. Shunday qilib, issiq kundagi 90 foiz nisbiy namlik, havodagi namlik miqdori nihoyatda balandligini bildiradi. Bunday ob-havoda siz o‘zingizni yomon seza boshlaysiz.