Lishayniklar nima?

Lishayniklar ildizsiz, yaproqsiz va gulsiz o‘simliklardir. Lishayniklarning ochiq kulrang, oqimtir va yorqin yashil rangdagi turlari uchraydi.

Lishayniklarning sayyoramizning barcha burchaklarida 16 000 mingga yaqin nomdagi turlari uchraydi. Ularni Quyosh nuri jizg‘anak qilib kuydiradigan sahrolardan tortib, Antarktidaning tap-taqir qoyalarida ham uchratish mumkin. Ular tashlandiq yerlarda, toshlarda, oriq tuproqda, qulagan daraxtlarda, yog‘och po‘stlog‘ida — barcha sharoitlarda hayotga moslashib ketaveradi. Lishayniklarga na jazirama, na sovuq, na namlik va na qurg‘oqchil iqlim to‘sqinlik qila olmaydi. Ular zararli chang, zavod mo‘rilarining tutuni va boshqa shahar «ajoyibotlari» bor joyda uchramaydi, xolos.

Aslida har qanday lishaynik yagona organizmni tashkil etuvchi ikkita o‘simlikdan tarkib topadi. Bunday o‘simliklardan biri zamburug‘, ikkinchisi esa suvo‘tdir. Lishaynikning asosiy qismi kulrang ipsimon zamburug‘dan iborat. Uning tolalari o‘rtasida suvo‘tning yashil hujayralari joylashgan bo‘ladi.

Suvo‘t yashil o‘simlik sifatida, kulrang zamburug‘dan farqli o‘laroq, o‘ziga kerak bo‘lgan ozuqani mustaqil ishlab chiqara oladi. Shuning uchun lishaynikning «zamburug‘» qismi suvo‘t hisobiga oziqlanadi, o‘z navbatida suvo‘t zamburug‘ tevarak-atrofdan yutib olgan namlikdan foydalanadi. Shuningdek, zamburug‘ noqulay obhavo sharoitlarida suvo‘tga boshpana ham beradi. Tirik organizmlar o‘rtasidagi bir taraf ikkinchi bir tarafning kuchli tomonidan foydalanadigan bunday o‘zaro munosabat simbioz deb ataladi. «Simbioz» yunoncha so‘z bo‘lib, «birgalikda yashash» degan ma’noni bildiradi.

Lishayniklar sekin o‘sadi, ammo juda uzoq yashaydi. Olimlarga ma’lum ayrim lishayniklar koloniyasi (to‘p-to‘p bo‘lib yashovchi o‘simliklar) bundan, taxminan, ikki ming yil muqaddam paydo bo‘lgan ekan. Lishayniklarning ayrim turlari sporalar yordamida ko‘payadi. Ammo ularning aksariyati shamol bir joydan boshqa joyga uchirib ketadigan katta o‘simliklar bo‘laklari, hayvonlar yoki ona poyasidan osongina sinib tushadigan maxsus o‘simtalar yordamida tarqaladi.

Lishayniklar o‘simliklar orasida birinchi bo‘lib tap-taqir qoyalarni «o‘zlashtira» boshlaydi. Shu yo‘l bilan ular asta-sekin, ammo muqarrar ravishda tog‘ jinslarining yuzaki qatlamini yemirib, tosh changiga aylantiradi. Ushbu chang boshqa qurib qolgan va chiriyotgan lishayniklar bilan birga tuproqda yupqa qatlam hosil qiladi. So‘ngra unda asta-sekin boshqa o‘simliklar ildiz otib, o‘sa boshlaydi.