Hayvonlarga burun nima uchun kerak?

Burun eng avvalo hidni sezish uchun kerak. Hidlar olami hayvonlar uchun alohida ahamiyatga molik. Ularga shamollar va oqimlar yaxshi yoki yomon xabarlarni olib keladi, boshqa hayvonlarning muattar hidlari o‘rnashgan toshlar va butalar «Xush kelibsiz!» yoki «Chegara buzilmasin!» deya xabar berib turadi.

Ko‘pchilik tirik mavjudotlarda burun eng avvalo hid bilish organi hisoblanadi. Ammo burun hayvonlarga oziq izlashda ham yordam beradi. Kaliforniya universitetining biologlari tumshuqlari sirtida naychasimon burunlari bo‘lgan xilma-xil dengiz qushlaridagi hid bilish kuchini tadqiq qiladilar. Ular uzun tayoq uchiga qiymalangan baliq sharbati shimdirilgan paxtani bog‘lab suvga tushirilganda qushlar oziq hidini uch kilometrdan sezishganini aniqlashgan.

Ammo dengiz qushlari bunday a’lo sifat burunga ega bo‘lgan qanotlilarning yagona vakillari emas. Masalan, hid bilish chug‘ur-chug‘larga o‘simliklarning har xil turlarini farqlashlarida katta yordam beradi. Bu ularga nima uchun kerak? Gap shundaki, chug‘urchuqlar o‘z inlarini bakteriyalar va hasharotlar uchun zaharli xususiyatga ega bo‘lgan bo‘yimodaron, yovvoyi sabzi va boshqa o‘simliklar poyasidan to‘qiydi.

Ammo hayvonlar burni faqat hid bilish apparatigina emas. Masalan, fil xartumidan ancha yo‘g‘on daraxtlarni qulatganida lom sifatida yoki suvda suzib ketayotganida nafas olish naychasi, suv ichayotganida esa — ichak sifatida foydalanadi. Fil uning yordamida karnay ovozini ham chiqaradi. Cho‘llar vakili bo‘lmish tuya nafas olganda burun teshiklari orqali suv bug‘larini singdiradi va shu yo‘sinda uning namligini saqlaydi. Begemotlarning g‘aroyib burunlari bor! Suvga botganda ushbu terisi qalin hayvon o‘z burun teshiklarini hech narsa o‘tmaydigan qilib «berkitib oladi».

Burun ko‘rsichqonlar hayotida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rsichqon yer ostida oziq izlab o‘z yo‘li bo‘ylab sayohat qilar ekan, aynan burnining sezgirligiga suyanadi. Delfinlar burunlari yordamida shunchalik aniq «ko‘radiki», harbiy-dengiz floti mutaxassislari ularga suv osti minalarini qidirib topishni o‘rgatadilar.