Garchi ikkita bir xil g‘orni topish mumkin bo‘lmasa-da, dunyodagi eng katta g‘orlar bir xil yo‘l bilan paydo bo‘ladi. Buning uchun ishqorli suvlar ohaktosh (yoki shunga o‘xshash tog‘ jinslari)ni o‘yib, teshik hosil qiladi. Shu tariqa g‘orlar paydo bo‘ladi. Ular tuzli g‘orlar ham deb ataladi.
Ayrim katta g‘orlar bundan 60 000 000 yil muqaddam vujudga kela boshlagan. Yomg‘ir quyishi, daryolar toshishi natijasida metin tog‘lar ham darz ketib, nuray boshlagan.
G‘or hosil bo‘ladigan tog‘ jinsi ohaktoshdir. Bu yumshoq tog‘ jinsini kuchsiz ishqor ham eritib yuborishi mumkin. Ohaktoshni yemiradigan ishqor (kislota) yomg‘ir bilan keladi. Yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilari havodan va tuproqdan karbonat angidrid gazini yuvib, yerga tushiradi. Karbonat angidrid gazi suvni karbonat kislotasiga aylantiradi.
Shuning uchun ohaktosh ustiga million yillar davomida ishqorli yomg‘irlar yoqqan. Ular doimiy ravishda tog‘larga yog‘ishi oqibatida yoriqlar paydo bo‘lgan. Yomg‘irlar yog‘avergan. Suv oqimi yoriqlarga tushaverib, ularni kengaytirgan. Bu oqim hatto metindan ham yangi yoriqlar topib kirib ketavergan. Yoriqlar tunnel darajasigacha kengaygan. Tunnellar kesishishi natijasida o‘yiqlar hosil bo‘lgan. Million yillar o‘tib, g‘orlar vujudga kelgan. Suv esa ularni tobora kengaytirib borgan.
G‘orlar faqat tog‘larda bo‘lmaydi. Bundan tashqari, dengiz g‘orlari ham bor. Ular to‘lqinlarning sohil bo‘ylaridagi tosh qoyalarga kelib urilishi natijasida hosil bo‘lgan. To‘lqinlar urilaverib, qoyalarni yemirib tashlagan. Qoyalarning yildan-yil nurab borishiga mayda tosh va qumlar ham ta’sir ko‘rsatgan.
Bir qancha g‘orlar vulqon otilishi va tog‘ jinslarining siljishi yoki qaynoq lavaning oqib chiqishi natijasida ham hosil bo‘lgan. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi g‘orlarning aksariyati ohaktosh qatlamlarining nurashi, ayniqsa, unga tarkibida uglerod ikki oksidi bo‘lgan suv ta’siri natijasida vujudga kelgan. Indiana, Kentukki va Tennessi shtatlarida qalinligi o‘rtacha 53 metr bo‘lgan ohaktosh qatlamida ko‘plab g‘orlar hosil bo‘lgan.
Ayrim g‘orlarning shiftida teshiklar bor. Ular yig‘ilib qolgan suvning g‘orga teshib o‘tishi natijasida paydo bo‘lgan. G‘orlarda ustma-ust galereya qatorlarini uchratish mumkin. Ayrim g‘orlarda haliyam suv oqib yotadi, boshqalarida, g‘or hosil bo‘lgach, suv qurib qolgan.
Ko‘pchilik hollarda g‘or shiftidan tomayotgan har bir tomchi suv tarkibida ohaktosh yoki boshqa minerallar zarrachalari bo‘ladi. Suv bug‘lab ketganida, bu minerallar qoladi. Natijada asta-sekin, shiftda osilib turuvchi, sumalaksimon stalaktitlar hosil bo‘ladi. Stalaktitlardan oqib tushayotgan suv yerda stalagmitlarni hosil qiladi.