Olimlar (hatto asboblar yordamida ham) Yer qa’riga juda chuqur kirib borish imkoni bo‘lmagani uchun uni o‘rganishda tadqiqotning boshqa usullaridan foydalanishadi.
Shunday usullardan biri vulqonlar otilishini o‘rganishdir. Vulqonlar Yer yuzasiga nihoyatda qizib ketgan gazlarni va suyuq tog‘ jinslarini chiqarib tashlaydi. Bu Yer qa’ridagi temperatura juda issiq ekanini ko‘rsatadi. Yana bir usul zilzilalarni o‘rganishdir. Zilzila vaqtida paydo bo‘ladigan to‘lqinlar Yerning ichki qismini rentgen surati kabi aks ettiradi.
Zilzila ro‘y berayotganda tog‘ jinslari orqali turli tomonga har xil tebranishlar tarqaladi. Bu tebranishlar seysmik to‘lqinlar deb ataladi. Ular turli materiallardan turlicha tezlikda o‘tadi, bir tog‘ jinsidan ikkinchisiga o‘tayotganda, yo‘nalishi ham o‘zgarib ketadi. Olimlar bunday to‘lqinlarni o‘ta sezgir asboblar yordamida o‘rganib, Yerning ichki qatlamlarida nima bor ekanini bilib olishadi. Ular 2 880 km chuqurlikda seysmik to‘lqinlar harakati keskin o‘zgarishini aniqlashdi. U yerda to‘lqinlarning ayrim turlari yo‘nalishini o‘zgartiradi, boshqalari esa butunlay yo‘q bo‘lib ketadi. Demak, ushbu chuqurlikda material o‘zgaradi. Zilziladan hosil bo‘ladigan zarba to‘lqinlari turli seysmik stantsiyalarga turli vaqtda yetib boradi. Bu qisman to‘lqinlarni o‘tkazadigan materialga bog‘liq. Bu Yer qa’rida nimalar borligini o‘rganish kalitidir.
Er qa’rida nima bor, degan savolga qisqacha javob quyidagichadir: qattiq tog‘ jinslaridan tarkib topgan ustki qatlam va qobiqning qalinligi qit’alar ostida 50 km.ni, okeanlar ostida esa 5 km.ni tashkil etadi.
Qobiqning ostida ham qattiq jinslardan tarkib topgan mantiya bor. Uning qalinligi 2900 km.dir. Yerning ichki qismida yadro bor. Yadro ham ikkiga bo‘linadi. Tashqi suyuq yadro erigan temir va nikeldan tarkib topgan, uning ichida esa qattiq metalldan iborat ichki yadro bor.