Odamlar qadim zamonlarda Yer shari haqida nimalarni to‘qib-bichishmagan. Masalan, uni katta obi non, qalin quymoh yoki toqqa o‘xshatishgan. Bugungi kunda jajji bolakaydan so‘rasangiz ham, u hech ikkilanmasdan bizning sayyoramiz shar shaklida ekanini aytib beradi.
Er sharini nima tutib turadi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Qadim zamon odamlari Yerni qalin bir quymoq tarzida tasavvur qilishganida, u tirgaksiz turishi mumkin emas, deb o‘ylashgan. Shuning uchun ham quymoq fillarning yelkasida, fillar esa ulkan toshbaqaning ustida turadi, degan xulosaga kelishgan. Shu tariqa Yerdagi emas, kosmik okeanda suzib yuradigan qiziq bir piramida — ehrom hosil bo‘lgan.
Albatta, bugungi kunda bunday cho‘pchakka hech kim ishonmaydi. Lekin Yerni nima tutib turadi? Mabodo, uni hech narsa tutib turmasligini va ostida hech qanday tirgak yo‘q ekanini bilib holsangiz, siz buni qanday tasavvur qilar edingiz?
Savol, albatta, qiyin. Keling, yaxshisi, savolga javob izlab topishni oddiy narsadan boshlay qolaylik. Bir faraz qilib ko‘ring: suv to‘la chelakni boshingiz ustida ag‘darsangiz nima bo‘ladi? To‘g‘ri, suv boshingizga to‘kilib ketadi. Endi, bor-ey, tavakkal, deb shunday bir tsirk nomerini bajarib ko‘ring. Bolalar chelakchasiga ip bog‘lang-da, oldin uni bo‘sh holda, so‘ngra suv to‘ldirib boshingiz uzra aylantiring. Yaxshisi, buni tashqarida mashq qilganingiz ma’qul. Mashqlarni takrorlayversangiz, aylanayotgan chelakdan biror tomchi suv ham yerga tushmay qoladi. Agar chelakni aylantirishni to‘satdan to‘xtatsangiz, suv ustingizga to‘kilib, kiyim-boshingiz shalabbo bo‘ladi. Demak, chelak harakatda bo‘lgan vaqtda suv to‘kilmadi, biroq u harakatdan to‘xtashi bilan to‘ntarilgan chelakda suv turmay, to‘kilib ketdi.
Er aylanayotganda ham xuddi shunday hol yuz beradi. Haqiqatan ham Yer sharini hech narsa muallaq tutib turmaydi, uning qulab ketmasligi sababi Quyosh atrofida beto‘xtov har biri bir yilga teng bo‘lgan aylana ketidan aylana yasab harakat qilaverishidadir. Albatta, Yer Quyoshga hech bir arqon bilan bog‘lab qo‘yilmagan. Aslida arqonning keragi ham yo‘q. Usiz ham Quyosh Yer va boshqa sayyoralarni o‘ziga tortib turadi. Yer bir vaqtning o‘zida ham Quyoshga tomon qulaydi, ham undan uzoqlashib ketayotgan buladi. Natijada milliardlab yillardan beri uchib ham ketmay, qulab ham tushmay, Quyosh atrofida aylanadi…
Agar Quyosh Yerni tortib turmaganida kosmik fazoning biror tomoniga uchib ketgan bo‘lar edi. Mabodo, Yer nima sababdandir aylanishdan to‘xtab qolganida Quyoshga qulab tushishi mumkin edi. Yaxshiki, u uchib ham ketmaydi, qulab ham tushmaydi.
Er bir daqiqa ham to‘xtamay, o‘z orbitasi bo‘ylab uchib ketayotgan ekan, biz ham u bilan birgalikda uchib ketyapmiz.
Er shari Quyosh atrofida aylanishi bilan birgalikda o‘z o‘qi atrofida ham pildiroq o‘yinchoq singari bir kecha-kunduzda bir marta aylanadi. Shuning uchun ham biz o‘z o‘qi atrofida aylanadigan karuselda yashayotganga o‘xshaymiz. Yer Quyoshga goh u, goh bu tomoni bilan qarab aylanaveradi. Shu sababdan kun bilan tun to‘xtovsiz almashinib turadi.