Agar uyingizda akvarium — oynajom bo‘lsa, undagi suv yuzasida qayerdandir ko‘kimtir to‘shqinlar paydo bo‘lib qolganini ko‘rgansiz, albatta. Bular — suvo‘tlar. Ko‘l yoki hovuzlarda cho‘milganingizda, oyog‘ingizga ilashib qoladigan baqato‘nlar ham suvo‘tlardir. Suvo‘tlarning minglab turlari bor. Ular botqoqliklarda, hovuzlarda, daryolarda va hatto okeanlarda ham o‘sadi. Ularning kattaligi ham turlichadir. Suvo‘tlarning o‘lchami mayda g‘ovak mikroorganizmlardan uzunligi 30 metrgacha bo‘lgan zich va mustahkam dengiz o‘simliklarigacha yetadi.
Suvo‘tlar o‘simliklar dunyosining eng sodda shakllaridir. Ulardan ayrimlari bir mustaqil hujayradan tarkib topgan. Boshqalari uzun zanjirlar hosil qiladi. Yana boshqa birlari esa hujayralarning butun boshli tarmog‘ini vujudga keltiradi. Ba’zilari ajralib chiqib, yangi joylarga ko‘chib o‘tadi.
Suvo‘tlar tarkibidagi xlorofill Quyosh nurlarini yutishga, ularga o‘zlari uchun oziq moddalar ishlab chiqarishga yordam beradi. Suvo‘tlar aynan shunisi bilan o‘zlariga qarindosh o‘simlik bo‘lmish zamburug‘lardan farq qiladi.
Yashil suvo‘tlar turgun suv havzalarida suv yuzasidagi to‘shqin sifatida keng tarqalgan. Ayrim ulkan dengiz suvo‘tlari va laminariya (qo‘ng‘ir suvo‘tlar)da sarg‘ish-malla pigment ham bor. Ayrim malla suvo‘tlarning poyasi shu qadar mustahkam va pishiqki, ulardan arqonlar ham tayyorlash mumkin. Ayrim suvo‘tlardan yod olinadi.
Qizil suvo‘tlar shakli nozik eng chiroyli dengiz o‘simliklaridir. Ular anvoyi qizil ranglarga ega va bo‘liq o‘sadigan joylarda dengiz suvining rangi ham Qizil dengizdagi kabi qizg‘ish rangda bo‘ladi.
Diatom suvo‘tlarning mayda tangasi bor. Suvo‘tlar nobud bo‘lgandan so‘ng bu tangalar dengiz tubiga tushadi va bir necha metrdan iborat cho‘kindilar hosil qiladi.