Kiryovushning o‘g‘li Kambiz otasining niyatini amalga oshirib, eramizdan avvalgi 526 yilda Misrni zabt etdi. Endi Fors saltanati Hind daryosidan Nil daryosigacha kengaydi.
Undan keyin — Daryovush 1 shoh bo‘ldi. U o‘zining taxtga chiqishiga qarshi bo‘lganlar isyonini bostirib, saltanatni qayta qurishga kirishdi: 20 satrapiya yoki viloyat tuzdi, ularning har birini satraplar boshqarardi. Bu satraplar shohga sodiq fors amaldorlari yoki shoh xonadoni a’zolari bo‘lardi. Satraplarga o‘z viloyatlaridan soliq undirish topshirilgandi. To‘lanadigan soliq oltin ham, kumush ham bo‘lishi mumkin edi. Hatto chorva, qul, Arabiston mushku anbari, Xabashiston fil suyagi va Baqtriya tuyasi ham soliq uchun berilardi.
Qo‘shin va uning ehtiyojlari bilan satraplardan mustaqil bo‘lgan sarkardalar shug‘ullanishardi. Bir qancha yo‘l tarmog‘i barpo etilgandi. Forsdagi Suzadan Onado‘lidagi Efesgacha bo‘lgan podsholik yo‘lidan shoh chopari bir haftada 2700 kilometr yo‘lni bosib o‘tardi. Yo‘lning boshidan oxirigacha karvonsaroylar barpo qilingandi, bu yerda choparlar otlarini almashtirishardi.
Daryovush Qizil dengiz bilan Nil oralig‘ida kanal qazdiradi, shundan so‘ng kemalar Hind okeanidan O‘rta Yer dengiziga tezroq yetib boradigan bo‘ldi. Daryovush, shuningdek, butun boshli flotni ham barpo etgan.