Banyan ulkan daraxtlar qatoriga kiradi. Ma’lumki, tabiatda mavjud barcha yirik narsalar noqulay vaziyatlarga tushib qoladi. Daraxtlar ham bundan istisno emas. Masalan, nam va ozuqa moddalarining yo‘g‘on daraxtlar tanasi bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilishi qiyin bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, ularning tanasi sinib ketmaslik uchun mustahkam, to‘g‘ri bo‘lishi, unchalik uzun bo‘lmasligi kerak. Bunday daraxtga enli shox-shabbalarning zalvorli yukini ko‘tarish uchun yo‘g‘on tana kerak bo‘ladi. Agar shoxlar haddan tashqari uzun va og‘ir bo‘lib ketsa, keyinchalik daraxtni u yoki bu tomonga og‘dirib qulatib yuborishi ham mumkin.
Hindiston va Malayziyada o‘sadigan ulkan banyan daraxti bu muammoni o‘ziga xos yo‘l bilan hal eta olgan.
Bu daraxtning eng qiziq jihati shoxlarining o‘sishidir. Son-sanoqsiz va og‘ir shox-shabbalar daraxtning baquvvat tanasidan turli tomonlarga qarab tarvaqaylab ketadi. Albatta, tana, mustahil ravishda bunday shox-shabbalarni ko‘tara olmaydi. Hamma balo shundaki, shoxlar og‘irlikning bir qismini o‘z zimmasiga oladi. Har bir shoxdagi yergacha tik osilib tushadigan qalin butoq banyanning havodagi ildizlaridir.
Dastlab kalta bo‘lgan butoqlar yillar o‘tishi bilan o‘sib boradi va nihoyat yerga tegadi. Yerga mahkam o‘rnashib olgan butoqlar shoxlarga qo‘shimcha yordam beribgina qolmasdan, ozuqa moddalari va suv bilan ta’minlab turadi. Asta-sekin ular yangi tanalarga aylanadi va natijada banyan bo‘yi barobarida eniga ham o‘sa boshlaydi. Nihoyat bosh tana atrofida yumaloq «ayvon» hosil bo‘ladi, ularning diametri ba’zida 450 metrgacha yetadi.
Qizig‘i shundaki, yog‘ingarchiliklar payti pana joy vazifasini o‘taydigan bunday «ayvonlar»da mahalliy aholi bozor tashkil etadi yoki majlislar va boshqa ijtimoiy tadbirlarni o‘tkazadi. Bundan tashqari, daraxtning silliq havo ildizlaridan uzun va tekis xodalar olinadi, ularning tolasidan pishiq arqonlar eshiladi.
Daraxt ulkan o‘lchamga ega bo‘lishiga qaramasdan, mevasi mayda va yorqin qizil rangda bo‘ladi. Odamlar uni yemaydi, ammo qushlar va ko‘rshapalaklar xush ko‘rib, iste’mol qilishadi.