Asteroid nima?

Dunyoda osmon jismlarini kashf etish sirning oshkor bo‘lishiga o‘xshaydi. Asteroidlar ham xuddi shunday kashf qilingan.

Titsius va Bode degan ikki olim turli vaqtda, Mars — Mirrix bilan Yupiter — Mushtariy o‘rtasida qandaydir sayyora bo‘lishi kerak, degan bir xulosaga kelishdi, chunki bu ikki sayyora o‘rtasidagi masofada qandaydir ochiq joy bor edi. Shuning uchun bir necha munajjimlar bu sayyorani izlashga kirishib ketishdi.

1801 yilda haqiqatan ham o‘sha joyda Serera deb nom olgan sayyora topildi. Lekin uning diametri, bor-yo‘g‘i, 600 mildan iborat. Olimlar u kichik sayyoralar guruhiga mansub bo‘lishi kerak, degan qarorga kelishdi va izlanishlarni davom ettirishdi.

Bir oz vaqt o‘tgach, eng kattasi Sereradan ikki marta kichik bo‘lgan yana uchta sayyora kashf etildi. Munajjimlar bu to‘rt sayyora qaysidir bir noma’lum sayyora portlashi natijasida hosil bo‘lgan to‘rt bo‘lak, degan xulosaga kelishdi. Ammo o‘n besh yillik muttasil izlanishlardan so‘ng bir munajjim yana bir kichik sayyorani izlab topdi va izlanishlar davom ettirildi.

1890 yilga kelib 300 ta kichik sayyora topildi, 1890 va 1927 yillar oralig‘ida esa ulardan yana 2000 tasi kashf etildi. Asosan, Mars va Yupiter o‘rtasidagi fazoda Quyosh atrofida aylanadigan bu kichik sayyoralar asteroidlar nomini oldi.

Hisob-kitoblarga qaraganda, ularning soni 100 000 taga yetadi, ulardan ayrimlari juda kichik bo‘lgani uchun topish ancha mushkul bo‘lgan. Ayrimlarining ko‘ndalang o‘lchami bir necha yuz metr, xolos, ularning umumiy massasi Yer massasining arzimas qisminigina tashkil etadi.

Asteroidlarning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi farazga ko‘ra, ular Yupiter yo‘ldoshi portlashi natijasida hosil bo‘lgan parchalardir.