Agar ozgina qand eritmasi bir necha kun ochiq havoga qo‘yib qo‘yilsa, uning yuzasida yengil ko‘pik paydo bo‘ladi va undan alkogol hidi kela boshlaydi. Bunday reaktsiyaga havodan suyuqlikka mayda o‘simlik hujayralari tushishi sabab bo‘ladi. Ular achitqi deb ataladi. Achitqi qulay joyga tushishi bilan ko‘paya boshlaydi.
Insonga bunday jarayon mavjudligi ilgaritdan ham ma’lum edi. Shu tufayli undan ming yillar davomida alkogolli ichimliklar tayyorlashda foydalanib keldi. Qiyom, kartoshka, suli, bug‘doy, undirib yanchilgan bug‘doy — solod va qulmoq (tutdoshlar yoki tutgullilar oilasiga mansub ko‘p yillik chirmashib o‘sadigan o‘simlik), olma va uzumdan tayyorlangan qand eritmalariga havoni ta’sir ettirish yo‘li bilan spirt, viski, pivo, el (ingliz pivosi), sidr (olma sharobi), sharob, may, chog‘ir kabi ichimliklar tayyorlangan.
Ajdodlarimiz bir qancha vaqt turib qolgan xamirga nimadir bo‘lishiga e’tibor berishgan. Negaki, o‘sha paytlar ham uning tekis yuzasi sirli ravishda shishib, ko‘tarila boshlagan. Undan g‘alati, ammo yoqimli hid taraladi. Bunday xamir pishirilganda, berch, yassi, ogir non emas, aksincha, yengil, g‘ovak va yumshoq non paydo bo‘ladi.
Lui Paster 1857 yili bu o‘zgarishlarning sababini topganini e’lon qildi. Uning fikricha, bunday jarayonni achitqi deb ataluvchi bir hujayrali o‘simliklar sodir qiladi. Achitqilar zamburug‘lar oilasiga mansub mayda, dumaloq shakldagi rangsiz zarralardir. Ular bakteriyalarga nisbatan kattaroq, ammo, baribir, o‘ta maydadir. Bir santimetrlik zanjir hosil qilish uchun achitqilardan 1200 — 1600 donasini bir qatorga tizib chiqish kerak bo‘ladi.
Achitqi hujayralari urchish yo‘li bilan ko‘payadi. Buning ma’nosi shuki, ulardan kurtaklar o‘sib chiqadi. Qobiq o‘sib chiqqan kurtakni ona hujayradan ajratib qo‘yadi. Kurtaklar rivojlanib, to‘la shaklga ega bo‘ladi. Ular o‘sish jarayonida tsimaza va invertaza degan o‘ziga xos moddalar ishlab chiqaradi.
Bu moddalar achituvchi moddalar deb ataladi. Ular kraxmalni bijg‘itib qandga, qandni bijg‘itib esa uglerod ikki oksidiga aylantirish xossasiga ega. Bijg‘ish jarayonida uglerod ikki oksidi hosil buladi va ko‘tariladi. So‘ngra u uchib ketadi. Uning o‘rnida alkogol qoladi. Pivo, sharob, may, sidr kabi ichimliklar bijg‘ish natijasida hosil bo‘ladi va bijg‘igan ichimliklar deb ataladi. Achitqilar qandning bir qismini uglerod ikki oksidi va alkogolga aylantirish yo‘li bilan ularni hosil qiladi.
Xamir tarkibidagi uglerod ikki oksidi esa pufakchalar hosil qiladi va uni toshiradi. Tandirning issig‘i uglerod ikki oksidini havoga chiqarib yuboradi, oqibatda non g‘ovak va yengil bo‘lib qoladi.