Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy mantiqiy tafakkur kuchi bilan “Madomiki, Yer yuzi dumaloq shaklda ekan, shubhasiz, uning ikkinchi yarim sharida ham quruqlik bo‘lishi muqarrar”, degan ilmiy faraz orqali Kolumbdan besh yuz yil avval Amerika qit’asi mavjudligiga ishora qilgani olam ahliga ma’lum.
Jahon ilm-fani esa, Beruniyning buyuk ilmiy farazini amalda tasdiqlagan Kolumbdan ham avval o‘sha “sehrli diyor”ga qadam qo‘ygan kashshoflarning nomini ma’lum qilishda davom etmoqda. Yaqinda yozma yodgorliklarni o‘rganish bo‘yicha Illinoys universiteti tadqiqotchisi Jon Ruskamp Amerikaga bundan 3300 yil burun qadami yetgan xitoylik dengizchilar qoldirgan toshbitiklarni topdi.
Binobarin, endilikda tarix darsliklarini yana qayta yozish fursati kelgan ko‘rinadi. Shu choqqacha Amerikani 1492 yili Kolumb ochgan deb hisoblab kelingan bo‘lsa-da, endi u ikkinchi ham emas, hatto uchinchi o‘rinda tilga olinadigan bo‘ldi. Negaki, bundan avvalroq dunyo ilm ahli Kolumbdan 500 yil burun skandinaviyalik viking (harbiy dengiz askari) Leaf Erikson ummon ortidagi yerlarga qadam qo‘ygan, degan xulosaga kelgandi. Endi esa, vikinglaru italyanlarni ham xitoyliklar ortda qoldirmoqda…
— Bu taxmin xayolimga bir necha yil avval — Albukerkadagi Milliy bog‘ petrogleflarini ko‘zdan kechirayotganimda kelgandi, — deydi Jon Ruskamp. — Shu choqqacha toshlarga chizilgan ushbu surat va ramziy piktogrammalar Amerikaning tub joy aholisi bo‘lgan hindular va Ispaniyadan qit’aga ilk bor ko‘chib kelganlar ijodi bo‘lsa kerak, deb hisoblanardi. Milliy bog‘dagi 25 mingta tasvir ichidan, ayniqsa, bittasi e’tiborimni jalb etib qoldi. U menga nimanidir eslatdi. Va birdan bu belgi xitoyliklar qayig‘ini anglatuvchi “Jou” iyeroglifi ekanligi xayolimga keldi!
Shundan so‘ng Ruskamp Amerikaning turli hududlaridagi petrogliflarni muayyan bir tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Natijada Xitoy iyerogliflariga aynan o‘xshash 84 piktogrammani tasniflashga muvaffaq bo‘ladi. Mazkur belgilar ko‘p hollarda bir-biriga o‘zaro bog‘liq matnlardan iborat bo‘lib chiqadi. Masalan, Albukerkadan 400 kilometr olisdagi Arizonadan topilgan toshbitiklar o‘qilganda: “O‘n yillik safar va ayriliqdan so‘ng biz Quyosh Uyiga qaytdik va yana bir-birimizni topdik”, degan matn paydo bo‘ladi. Ruskamp shu o‘rinda xitoyliklarning mashhur “Shan Xay Szin” (“Tog‘ va dengizlar kitobi”) traktatida tilga olingan — Sharqiy dengiz (Tinch okeani)ni suzib o‘tib, Quyosh chiqadigan olis yerga yetib borgan sirli ekspeditsiyani esga oladi. Ular Amerikani Quyosh Uyi deb atagan bo‘lsalar ajab emas! Yana bir o‘zaro aloqador matn qandaydir marosim yoki o‘ngidan kelgan ov munosabati bilan o‘tkazilgan qurbonlikdan dalolat beradi: “Biz Buyuk Szyan Shan va Samo homiysi sharafiga yakdillik bilan itni qurbonlik qildik”.
— Hammasi bir-biriga to‘g‘ri kelyapti, — deydi ishonch bilan olim. — Szyan Shan — Shan sulolasining uchinchi podshohi. U milodiy eradan avvalgi ikkinchi mingyillik oxirida hukmdorlik qilgan. Bu davrda itni qurbonlikka so‘yish marosimi ular orasida juda ommalashgan edi. Qolaversa, mazkur matn o‘sha davr Xitoy saroy ahlining o‘ziga xos uslubida bitilgan. Ya’ni, aynan shu paytda podshohning nomiga “katta”, “buyuk” degan ma’nolarni anglatuvchi iyerogliflarni qo‘shib yozish urf bo‘lgan.
Dalillarga ishonmaydigan o‘jarlar esa, hozir Amerikaga kelib-ketayotgan xitoy emigrantlari toshlarga shunday ramziy belgilarni o‘yib yozishayotgan bo‘lsa-chi, deb shubha bildirmoqda. “Yo‘q, bunday bo‘lishi aslo mumkin emas, — deydi olim. — Sababi, biz tilga olayotgan mazkur yozuv hozir butkul unutilgan va eradan avvalgi 1046 yili bo‘lgan harbiy nizolar oqibatida kelib chiqqan Shan sulolasi inqirozidan so‘ng yo‘qolib ketgan. Arxeologlar 1899 yili Anyan shahri atrofida olib borgan qadimshunoslik izlanishlari payti topgan matnlar orqaligina shu yozuvga duch kelindi. Oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha bu yozuvga oid belgilar to‘kis anglab yetilgani yo‘q. Firibgarlar tor doiradagi olimlargagina ma’lum iyerogliflardan foydalangan bo‘lishi ehtimoldan uzoq. Gap shundaki, bu qadimiy yozuv uslubi juda o‘ziga xos bo‘lib, uning kelib chiqishi fol ochiladigan toshlarga borib taqaladi. Xitoyda qadimda fol ochish quyidagicha amalga oshirilgan: bashorat qiluvchi kohin biror yirik hayvonning kurak suyagi yoki toshbaqa kosasini olib, maxsus metall tayoqcha bilan uning biror joyini qizdirgan. Natijada suyak yuzasida hosil bo‘lgan yoriqlar shakliga qarab, xudolar bergan salbiy yoki ijobiy javob aniqlangan. Qulay bo‘lishi uchun yoriqlar chizig‘i qora rang bilan bo‘yab chiqilgan. O‘sha suyaklarning o‘zi bu belgilarni yozib qoldirish uchun “qog‘oz” sifatida xizmat qilgan. Kohinlar foydalangan ramziy belgilar zamonaviy xitoy iyerogliflaridan keskin farq qiladi. Biroq Amerikadan topilgan toshbitiklardagi belgilarga ular to‘la mos keladi“.
Shunday qilib, iyeroglif yozuvlari paydo bo‘lishidagi uslubiy o‘ziga xosliklar J. Ruskampga xitoylik dengizchilarning Amerikaga borgan vaqtini aniqlash imkonini berdi. Bu taxminan milodiy eradan avvalgi 1300-yillar bo‘lib, Kolumbning Yangi Dunyoda paydo bo‘lishidan 2800 yil burun edi.
Xo‘sh, osiyolik dengizchilar yangi qit’aga qanday borgan? Axir oradagi masofa Kolumb bosib o‘tgan masofadan ancha uzoq-ku?! Shuni aytish kerakki, jonka deb ataluvchi xitoy yelkanli kemalari ispan karraklaridan aslo qolishmagan, hatto ko‘p jihatdan afzal bo‘lgan. Ular suv o‘tkazmaydigan oraliq devorlari bilan qurilgan. Biror bo‘lmani o‘q teshib o‘tganda ham kema halokatga uchramagan. Kolumbning “Santa Mariya” kemasi suv sig‘imi 200 tonna, uzunligi 25 metr bo‘lib, 70 kunda Amerikaga suzib borgan. Inglizlar maxfiy ravishda xitoyliklardan sotib olgan “Kxeyin” deb ataluvchi ilk jonkaning suv sig‘imi 800 tonna, uzunligi 45 metr bo‘lib, u Atlantikadan 21 kunda suzib o‘tgan. Faqat shuni aytish zarurki, mazkur “Kxeyin” “Santa Mariya”dan uch yuz yil keyinroq yaratilgan. Biroq unga raqobatdosh bo‘ladigan kemalar o‘sha paytdagi zamonaviy kemalar orasida ham yo‘qligini inglizlar e’tirof etishgan. Jonkaning asosiy qismlari ming yillar avval yaratilganini hisobga oladigan bo‘lsak, Tinch ummoni orqali Amerika qit’asiga suzib borish xitoylik dengizchilar uchun imkondan tashqari katta muammo bo‘lmagan.
Shuni aytish kerakki, milodiy eraning 1000-yili Kolumbdan 500 yil avval Amerikaga qadam qo‘ygan skandinaviyalik Leaf Eriksonning jasorati 1960 yilga qadar — toki Nyufaundlend orolidagi L’Ans-o-Medouzda vikinglar yashagan ellik-yuz kishilik mahalla-makon haqidagi arxeologik ashyolar topilguncha bu voqea tan olinmasdan kelingan edi. Ehtimoldan uzoq emaski, erta bir kun 3300 yil muqaddam ummon ortidagi sehrli diyorga qadam qo‘ygan va o‘zlaridan o‘chmas toshbitiklar yozib qoldirgan xitoylik dengizchilar yashagan makonlar haqida ham arxeologik topilmalar uchrab qolar. Ana shunda Yer yuzi kengliklarining inson tomonidan kashf etilish tarixi yanada o‘zgacha manzara kashf etishi shubhasiz.
M.Eshmurodov tayyorladi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 33-son