Ma’lumki, qadim zamonlardan beri hayvonlar hatti-harakatiga qarab tabiat hodisalari va ob-havo oldindan bashorat qilib kelinadi. Ho‘sh, hayvonlar bo‘lajak voqealarni qanday qilib oldindan biladi? Bunga nima yordam beradi? Xuddi shu kabi savollar bilan qiziqqan Xyuston ob-havo byurosi bir fermerning sigiri bilan musobaqalashdi. Mahalliy gazeta hakamlik qilib, ob-havoni oldindan aytib berishda har bir to‘g‘ri ma’lumot uchun bir ochkodan baholab bordi. Buni qarangki, musobaqa yakunida fermerning sigiri Xyuston ob-havo byurosi ustidan 9:8 hisobida g‘olib chiqdi.
Voqeani kuzatib borgan mutaxassislar uni ilmiy jihatdan asoslashga shoshilmasdan, xilma-xil xarakterdagi va turli vaqtda ro‘y beradigan hodisalar — biosistemaning xatti-harakati bilan atrof-muhitning ahvoli o‘rtasidagi aloqadorlikni chuqurroq o‘rganish kerakligini ta’kidlashmoqda. Biroq shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: Chumolidek bir jonzot qishda yog‘adigan yog‘in-sochin miqdorini yozdayoq bila olsa, inson miyasidagi kelajakni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati, uning murakkab biosistemasi nimalarga qodir ekan?
Shu haqda o‘ylaysanu insoniyatga daxldor ba’zi bashoratlar oldida lol qolasan kishi.
1924 yili professor V.Vetchinkin Moskva universitetida lektsiya o‘qiyotib, shunday deydi:
—Taxminan ellik yillardan keyin odam Oyga yetib boradi…
Shu payt zaldan kimdir luqma tashladi:
—Aniqroq aytish mumkinmi?
—Mumkin, – javob qildi professor. —Texnika taraqqiyotini nazarda tutgan hisoblarimga ko‘ra, bu hodisa 1972 yilga qadar ro‘y beradi.
1969 yildayoq Oyga inson qadami yetganini esa eslatib o‘tishga hojat bo‘lmasa kerak.
Ammo tarixiy ko‘pgina hodisalar kelajakni oldindan ko‘ra olishda odam bundan ham yuksak qobiliyatga egaligini ko‘rsatadi.
Monax Avel Rossiya imperatorlari Yekaterina II bilan Pavel I o‘ladigan kunni soatigacha oldindan aytib bergani, frantsuzlar bosqini va Moskva yondirilishini bashorat qilgani uchun qayta-qayta turmaga tushavergan va oqibatda hayotining 20 yilini mahbuslikda o‘tkazgan.
1817-1818 yillarda Aleksandr Pushkinga kelgusi hayoti bashorat qilinib, u tez orada mashhur bo‘lib ketishi, ikki marta surgun qilinishi va eng muhimi — uzoq umr ko‘rishi mumkinligi, ammo 37 yoshida baland bo‘yli malla yigitdan, oq ot va oq boshdan ehtiyot bo‘lishi kerakligi aytilgan.
Keyinchalik topilgan Pushkinning do‘stlaridan birining kundaligida esa shunday yozilgan: «1837 yil, fevral. Pushkin Dantes bilan duyelda halok bo‘ldi… kishining ishongisi kelmaydi. Mish-mishlar to‘g‘ri chiqdi… Bashoratni esladim…» Darhaqiqat Pushkin 37 yoshida duyelda baland bo‘yli (1 metr 80 santimetr) malla yigit Dantes tomonidan o‘ldirildi. Qarangki, 20 yil oldingi bashorat to‘g‘ri chiqdi!
Pushkin malla rangli baland yigitdan ehtiyot bo‘lish haqidagi ogohlantirishga qaramay, A. Muravevning shohidligiga ko‘ra, o‘zini g‘alati tutgan: «… shu belgilari uchragan zahoti u, o‘sha mash’um odam shu emasmikan, deb o‘ylayvergan. Pushkin o‘z taqdirini tezroq sinab ko‘rish uchun hatto bunday odamning g‘ashiga tegishga ham uringan».
Pushkin hayoti misolidagi ushbu bashoratda qadimgi Rim notig‘i Sitseronning «Bashorat ko‘p holatda ruhiy jihatdan zararlidir» degan fikri o‘z isbotini topgandek. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, ushbu qobiliyat kuchli va kuchsiz ravishda barchamizda mavjud bo‘ladi va biz uning kichik ko‘rinishini «oyog‘im tortmadi», «yuragim sezib turibdi», «dilimdan o‘tkazib turuvdim» kabi fikrlarda ko‘rishimiz mumkin.
Insoniyat hayotida kelajakni oldindan ko‘ra bilish qobiliyatining yana muhim bir tomoni shundaki, jonli organizm hali yaqinlashib ulgurmagan xavf-xatardan samarali himoyalanishi mumkin. Qolaversa, mutaxassislar bu qobiliyat rahbar xodimlar uchun nihoyatda muhimligini e’tirof etishadi. Sababi, ko‘p hollarda ularning qobiliyati — aynan ana shu ichki sezgini ishga sola bilishlari orqali namoyon bo‘ladi. Va yana ba’zida bu qobiliyat jamoa ikkilanuvchi vaziyatga to‘g‘ri kelib qolganida, rahbarning birdan-bir to‘g‘ri qarorga kelishida ham yordam beradi. Darvoqe, bu sezuvchan qobiliyatning kishi shaxs sifatida shakllanishida ham muhim xossasi bor. Gap shundaki, ba’zida insonlar o‘z imkoniyatlari va salohiyatlari yetmaydigan ishga urinishadi va harakatlari samarasiz ketgach tushkun kayfiyatda yurishadi. Agar ichki sezuvchan qobiliyatini ishga solib, aqliy salohiyati va imkoniyati yetadigan reja sari intilsalar bormi, bunda avvalo maqsadga erishish bilan birga insonning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi ortadi.
Zebo NAMOZOVA tayyorladi.