Daraxtlar Yer yuzidagi tirik organizmlardan eng yirigi va eng balandi bo‘lib, murakkab hayot kechiradi. Oziq-ovqat va yog‘och manbai bo‘lgani bois, qadim-qadimdan kishilik jamiyati daraxtlardan unumli va oqilona foydalanib kelmoqda. Ayni paytda tabiatning yashil xilqatlari milliardlab tonnadagi kislorodni bizga hadya etishi bilan ham ardoqlidir. Sayyoramizning tinch va sokin joylarida o‘suvchi daraxtlar hozirgi kunga qadar olimlarni qiziqtiradi va ular bu o‘simlikning yangi turlarini kashf etishmoqda.
Osmon bilan bo‘ylashadi
Shimoliy Kaliforniyadagi dengiz qirg‘oqlarida Yer yuzidagi eng uzun hisoblangan daraxtlar o‘sadi. Tumanli iqlimga moslashgan ignabargli bu daraxtning balandligi 110 metrdan ham ziyod bo‘lgan. Qachonlardir sayyoramizda bundan ham ulkan daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zgani ehtimoldan xoli emas. 1885 yili Avstraliyada yerga qulab tushgan evkalipt daraxti ulkanligi va serviqorligi bilan mahalliy aholini hayratga solgan edi. Bu daraxtning uzunligi 140 metrdan kam bo‘lmagan. Ammo bir qancha dendrologlar, ya’ni daraxtshunos olimlar evkaliptning uzunligi 175 metrgacha borganini, boshqacha aytganda, 25 qavatli bino balandligiga teng bo‘lganini aytishgan. Daraxtning tepaga qarab o‘sishini ta’minlaydigan bir qancha omillar bo‘lsa-da, ularga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tabiiy ofatlar ham yo‘q emas. Masalan, zamburug‘lar bilan oziqlanish, qurg‘oqchilik yoki kuchli sovuq daraxtga bo‘y va salobat bag‘ishlaydi, chaqmoq va dovuldan esa ular himoyalana olmasligi mumkin.
Turlari…
Er yuzida o‘suvchi daraxtlarning barchasi ikki guruhga mansubdir. Birinchi guruhga kiruvchilar ignabargli bo‘lib, urug‘lari g‘o‘dda ko‘rinishini oladi. Aksariyat ignabargli daraxtlar qishin-yozin yashil tusda bo‘lib, yaproqlari tangachasimon va ignasimon ko‘rinish kasb etadi, ular juda tez o‘sadi. Ko‘pgina ignabargli daraxtlar o‘rmon xo‘jaligida qimmatbaho material ekanligi sir emas. Agar ignabarglilarning 550 xili mavjudligi hisobga olinsa, bu raqamni dunyodagi boshqa daraxtlar soni bilan solishtirishning hojati qolmaydi. Ignabarglilar shunchalik ko‘p tarqalganiga qaramay, barcha mamlakatlarda ularni chiroyli manzarasi uchun sun’iy ravishda ko‘kartirishga ahamiyat beriladi.
Ikkinchi guruhga esa turli-tuman shakldagi yaproq bilan qoplanuvchi turlar kiradi. Bu xildagi daraxtlarning gullari shamol yoki hasharotlar vositasida changlanadi. Tropik o‘lkalarda bargli daraxtlar doimiy yashil ko‘rinishda bo‘lib, yozning quruq va qishning sovuq havosida o‘z yaproqlarini yerga to‘kadi. Dunyo bo‘yicha 10 mingta bargli daraxt turlari aniqlangan.
Ular qanday o‘sadi?
Ming, hattoki, uch, besh ming yil yashaydigan daraxtlar bor. Ular juda mustahkam va chidamli bo‘lib, aksariyati butun hayoti davomida o‘ziga xos ko‘rinish kasb etish barobarida yildan-yilga baquvvatlashib boradi. Tropik o‘lkalardagi daraxtlar yiliga 5 metr o‘sadiki, bu taxminan insonning o‘smirlik davridagi o‘sish jarayonidan 100 baravar tezroqdir. Yer kurrasining boshqa hududlarida daraxtlar juda sekin o‘sadi, ammo bahorda ularning ham o‘sish jarayoni 1 metrdan kam bo‘lmaydi.
Po‘stloq ostki qatlami yoki kambiya
Daraxtlar faqat bo‘yiga o‘sadi, deb o‘ylash xato fikr. Ular ayni paytda eniga ham o‘sadi. Tananing yo‘g‘onlashuvi va shoxlarning paydo bo‘lishi kambiya (o‘simlik po‘stlog‘i ostidagi bo‘linuvchan hujayralardan iborat to‘qima)lar hisobiga ro‘y beradi. Kambiyalar po‘stloq tagiga joylashadilar va daraxt tanasi va shoxlarining ko‘zga ko‘rinmas plyonka bilan qoplanishiga imkon tug‘diradi. Daraxt tanasi yo‘g‘onlashgani sayin kambiya hujayralari bo‘lina boshlaydi. Ichki tomondan ular hujayralarga bo‘linsa-da, tashqi, ya’ni yog‘ochga aylanayotgan qismida po‘stloqning yangi hujayralari hosil bo‘ladi. Tana yo‘g‘onlashishi bilan eskirgan po‘stloqlar ko‘chib tushaveradi. Kambiyalar tana balandligidan ancha orqada qoladi, chunki u yerda yog‘ochning eng yosh po‘stloq ostki qatlami joylashadi. Uning tarkibida esa ildizdan tortib, yaproqqacha harakatlanadigan mineral moddalar mavjud. Shu boisdan ham bu “hudud” nam va sirpanchiq ko‘rinishda bo‘lib, yildan-yilga po‘stloq ostki qatlami o‘zgarib turadi.
Yillik halqa
Daraxt kesilganda, uning tanasidagi halqalarga ko‘zingiz tushadi. Bu halqalar soniga qarab, uning yoshini aytib berish mumkin ekan. Ayni paytda halqalar boshqa ma’lumotlarni ham beradi, masalan, yaqin o‘tmishda ob-havo qanday bo‘lgani ularda namoyon bo‘lib turar ekan. Namlik va issiqlik obi-tobida bo‘lsa, daraxtning yillik halqasi keng, aksincha, nomaqbul sharoitda o‘sgan bo‘lsa, ensiz ko‘rinish olar ekan. Olimlar yer yuzidagi eng keksa daraxtlarning yillik halqasini o‘rganishlari natijasida oxirgi besh ming yillikda kechgan iqlim sharoiti qanday bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar.
Palmalar
Daraxtlarning aksariyati o‘z shoxlarini kurtaklarga to‘ldirib gullaydi. Palma esa bundan mustasno. U o‘z tanasining faqat eng baland qismida gullaydigan to‘p-to‘p kurtaklarga ega bo‘lib, aynan shu holat unga ko‘rk va bo‘y bag‘ishlaydi. Palma daraxti tanasidagi “zinalar”i bilan yanada go‘zal ko‘rinadi.
Bu daraxtning yon-atrofga tarvaqaylab ketgan shoxlari yo‘q. Boshqa xillarida esa yangi shoxlar va barglar tepasini ishg‘ol etsa, eskilari pastida qoladi. Daraxtning shoxlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, soyasi ham shunga yarasha va balandlashgani sari novdalari ham tanaga shakl kirita boradi. Ayrim tropik daraxtlarning qaddi-bastini ko‘rgan kishi ulardagi «ijodkorlik»ka tan bermay iloji yo‘q.
Bir qancha ichki va tashqi omillar daraxtlarning tashqi ko‘rinishiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Agar daraxt zich joyda o‘ssa, tanasi ko‘kka qarab tezkorlik bilan bo‘y cho‘zadi. Doimiy esuvchi sovuq shamol esa ularni yerga qulatib yuborishi mumkin. Quyuq soyada ular kamdan-kam holatdagina yirik yaproqlarga ega bo‘ladi.
Hulkar To‘ymanova