Forbes iqtisodiy jurnali tadqiqotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaliklar dunyoning eng mehnatsevar kishilari deb e’lon qilindi. Janubiy Koreyaliklarga birinchilikni taqdim etgan holat ularning yiliga 2 ming 357 soat ish vaqtiga ega bo‘lganliklaridir. Bu yerda 6 kunlik ish haftasi ko‘pchilik kompaniyalar uchun normadir. Ko‘pchlik tashkilotlarda esa ta’til muddati yiliga atigi 3 kundir.
Forbes jurnali yozishicha, janubiy koreyalik 39 yoshli Li qishloq va baliq xo‘jaligi vazirligida ishlaydi. U har kuni ertalab 5.30 da turadi. Yuvinib, kiyinib bo‘lgach yo‘lga chiqadi, poyezdda 2 soat yo‘l yurib, Seuldagi ishxonasiga yetib keladi. 8.30 da ish stoliga o‘tirgan qahramonimiz kechqurun 21.00 dagina ishdan bo‘shaydi. Yana ikki soat poyezdda yo‘l bosib, uyiga yetib keladi. yana yuvinib, uyquga ketadi. Ertasi kuni ham xuddi shu holat takrorlanadi. Li uylangan bo‘lib, 3 nafar farzandi ham bor. «Men farzandlarim uchun haftasiga atigi 15 minut ajrata olaman, xolos. Faqatgina yakshanba kuni oilam bilan birga bo‘la olaman», deydi Li. Yil bo‘yi xuddi shu rejimda mehnat qilgan Li yiliga atigi 3 kungina ta’tilga chiqadi. Ha, atigi 3 kun.
Xuddi shu holatni yengillatish maqsadida Janubiy Koreyada hozirda birqancha qonuniy hujjatlar tayyorlanmoqda. Ish soatini kamaytirish va dam olish kunlarini ko‘paytirish maqsadida 2004 yildan maktablarda va ishchilari soni 1000 dan ko‘p bo‘lgan kompaniyalarda 5 kunlik mehnat haftasiga o‘tildi. Ammo eski «avtoritar madaniyat» davri an’analariga ko‘nikib qolgan koreyslar uchun bu yangi tamoyil faqatgina qog‘ozda qolib ketadi, deya ta’kidlamoqdalar mutaxassislar.
Mehnatsevar osiyoliklardan keyingi o‘rinni yevropalik yiliga 2 ming 52 ish soati bilan greklar egallaganlar. Faxrli 3-5 o‘rinlarni Sharqiy Yevropa davlatlari vakillari egallaganlar – Chexiya, Vengriya va Polsha. Uchala davlatda ham yillik mehnat ta’tili 20 kunni tashkil etadi. Vengriyada 45 yoshdan so‘ng mehnat ta’tili 30 kunga yetsa, Polshada 10 yillik ish stajidan so‘nggina yillik ta’til 26 kunni tashkil etadi.
Qardoshlarimiz mehnatsevar turkiyaliklarning yillik ish soatlari 1918 soatni tashkil etadi. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, turklarning 1,2 million nafari boshqa horijiy davlatlarda ishlashadi.
Reytingda AQShliklar 9-o‘rinni egallashgan. AQShda yiliga 10 kun ta’til bo‘lgani holda, yillik ish vaqti 1797 soatni tashkil etadi.
Buyuk Britaniya esa ro‘yxatda 20-o‘rinni egallagan. Norvegiya, Germaniya, Gollandiya davlatlari esa yiliga taxminan 1 ming 390 soat ish vaqti bilan ro‘yxatning so‘nggi pog‘onalaridan o‘rin olgan.
Dunyoning eng mehnatsevar mamlakatlari – Forbes 2008
№ | Davlat | Ish soati | Ta’til kuni/yiliga | Bayramlar | Yalpi ichki mahsulot/kishi boshiga | YaIM sohalar bo‘yicha | Aholisi | Ishchi aholi |
1 | Janubiy Koreya | 2357 | 10 | 11 | 24,600 $ | Q/x* 3,2%, sanoat 39,6%, x/k* 57,2% | 49,23 mln | 23,99 mln |
2 | Gretsiya | 2052 | 20 | 12 | 30,500 $ | Q/x 3,2%, sanoat 20,6%, x/k 76,3% | 10,72 mln | 4,94 mln |
3 | Chexiya | 1997 | 20 | 12 | 24,400 $ | Q/x 2,4%, sanoat 39,7%, x/k 57,9% | 10,22 mln | 5,35 mln |
4 | Vengriya | 1989 | 20 (45 yoshdan so‘ng 30 kun) | 10 | 19,500 $ | Q/x 3,3%, sanoat 32,4%, x/k 64,2% | 9,93 mln | 4,19 mln |
5 | Polsha | 1985 | 20 (10 yil ishlagandan so‘ng 26 kun) | 12 | 16,200 $ | Q/x 4,1%, sanoat 31,9%, x/k 64% | 38,5 mln | 17,0 mln |
6 | Turkiya | 1918 | 14-26 | 7 | 9,400 $ | Q/x 8,9%, sanoat 30,8%, x/k 59,3% | 71,89 mln | 25,27 mln |
7 | Meksika | 1883 | 8-16 | 14 | 12,500 $ | Q/x 3,9%, sanoat 26,3%, x/k 69,9% | 109,96 mln | 45,38 mln |
8 | Italiya | 1800 | 20-32 | 12 | 31,100 $ | Q/x 1,9%, sanoat 28,8%, x/k 69,3% | 58,15 mln | 24,86 mln |
9 | AQSh | 1797 | 10 | 8 | 46,000 $ | Q/x 0,9%, sanoat 20,6%, x/k 78,5% | 303,82 mln | 153,1 mln |
10 | Islandiya | 1794 | 24 | 12 | 39,400 $ | Q/x 5,3%, sanoat 26,3%, x/k 68,4% | 304367 | 180000 |
* Q/x – qishloq xo‘jaligi, x/k – xizmat ko‘rsatish