Volfgang Amadey Motsart 1756 yilning 27 dekabrida Leopold va Anna Mariya Motsart oilasida tavallud topgan. Leopold va Annaning yetti farzandidan faqat ikkitasi – Nannerl ismli qizi va o‘g‘li Volfgang yashab ketadi.
Volfgang tug‘ilarkan, onasi sal bo‘lmasa hayot bilan vidolashay deydi. Keyinchalik o‘zini tiklab olishi uchun boyoqish ayolga ancha muddat kerak bo‘ladi. Cherkov qaydnomasida go‘dakning ismi Johannes Chrysostomus Wolfgangus Theophilus (Gottlieb) Mozart deb bitiladi. Bu uzun ism-sharifdagi dastlabki ikki so‘z – avliyo Ioann Zlatoustning nomi bo‘lib, kundalik muomalada deyarli ishlatilmaydi, to‘rtinchi so‘z esa Motsart hayotlik chog‘ida lotincha Amadeus shakliga o‘tadi. Amadeo italyan tilida “Xudoning suyuklisi” degan ma’noni bildiradi. Motsartning o‘zi esa uni Volfgang deb chaqirishlarini ma’qul ko‘rardi.
Ikkala farzandning ham musiqiy qobiliyati juda erta nish ko‘rsatdi. Nannerl yetti yoshida otasidan klavesin chalish bo‘yicha dars ola boshladi. Bu saboqlar uch yoshli murg‘ak Volfgangga nihoyatda kuchli ta’sir o‘tkazar, u musiqa asbobi oldiga o‘tirvolib, o‘zicha ohanglar dunyosiga sho‘ng‘ir edi. Bundan tashqari, u musiqiy asarlarning ba’zi joylarini yodida saqlab qolar va keyin klavesinda ijro qilar edi. Bu hol uning otasini hayratga soladi, albatta. To‘rt yoshidan boshlab u klavesinda kichik pesa va minuetlarni mashq qila boshlaydi. Juda qisqa muddat ichida Volfgang ularni to‘liq o‘zlashtirib oladi. Tez orada u mustaqil ravishda ijod qilishga o‘zida rag‘bat sezadi: besh yoshida Volfgang ilk kichik mashqlarini yaratadi va otasi ularni oqqa ko‘chiradi. Volfgangning ilk asarlari klavir uchun mo‘ljallangan Andante Do major va Allegro Do major bo‘lib, ular 1761 yilning yanvar oyi oxiri va aprel oyida, ya’ni Volfgang besh yoshlik payti yaratilgani haqida Leopold Motsart yozib qo‘ygan.
Volfgangning musiqiy qobiliyati hayratlanarli darajada edi: olti yoshida u klavesindan tashqari, mustaqil ravishda skripka chalishni o‘rganib oladi.
Saroy sozandasi, Motsartlar oilasining do‘sti Andreas Shaxtnerning bir maktubidagi ma’lumotga qarab, Volfgangning ohanglarni ilg‘ash qobiliyati naqadar nozik, inja ekaniga amin bo‘lamiz. Uning yozishicha, Motsart o‘n yoshigacha truba sozidan rosa qo‘rqar, ayniqsa, boshqa sozlar ishtirokisiz faqat trubaning o‘zida chalingan ohanglar uni vahimaga solar ekan. Bu soz unga go‘yo to‘pponchani eslatardi, deydi u. “Otam, – deb yozadi Shaxtner, – uni bu qo‘rquvdan xalos qilishni xohlar, shu bois Volfgangning istagiga qarshi o‘laroq, uning yuziga qarab truba chalishimni buyurardi; E, Xudoyim! Yaxshisi, otamning aytganini qilmaganim ma’qul edi. Volfgang bo‘g‘iq ovozni eshitar-eshitmas, rangi oqarib, yerga yotib olar, agarda chalishda davom etsam, tutqanoq tutganday holatga tushardi”.
Volfgang o‘z otasini juda yaxshi ko‘rardi. Oqshomlari yotish oldidan otasi uni kresloga turg‘azib qo‘yib, birgalikda Volfgang o‘ylab topgan, so‘zlari hech qanday ma’no anglatmaydigan “Oragnia figa tafa” qo‘shig‘ini birgalikda kuylar edilar. Keyin o‘g‘il otasining burni uchidan o‘pib qo‘yar va qarigan chog‘ida uni oynali g‘ilofda saqlab, e’zozlashini aytar edi. Shundan so‘ng u qoniqish hosil qilganicha uxlashga yotar edi. Otasi namunali murabbiy va ustoz edi – farzandlariga juda yaxshi ta’lim bergan edi, holbuki ular maktabga qatnamas edilar.
Har qanday mashhur, iste’dodli shaxslar kabi Motsartning bolaligi, yoshligi haqida ham ko‘p hikoyatlar tarqalgan. Ularni o‘qirkanmiz, Volfgang Motsartning o‘ziga xos tabiati, iste’dodi haqidagi tasavvurlarimiz kengayadi.
Masalan, men…
Motsartning favqulodda iste’dodga ega bo‘lganligi ma’lum. U to‘rt yoshida klavishli cholg‘u asboblari uchun kontsert – murakkab musiqa asari yozadi. Bunday asarni mahoratli va tajribali san’atkorlargina ijro etishi mumkin edi. Motsartning mehribon otasi hali yozib tugatilmagan notalarga qarab hayratga tushadi:
– Axir, bu kuylaring juda murakkab-ku, uni hech kim chala olmaydi!
– Qiziqmisiz, dada, – e’tiroz bildiradi Volfgang, – Uni hatto yosh bolalar ham chala oladi-ku. Masalan, men…
Mushuk ketib qoladi
Motsartning butun bolaligi turli tadbirlardagi chiqishlar va musiqa mashg‘ulotlari bilan o‘tgan. Yosh iste’dod sohibi Yevropaning turli burchaklarida tashkil etilgan kontsertlarda oqsuyaklarni hayratga solib yuradi: otasi Motsartning ko‘zini ro‘molcha bilan yopib qo‘yar, u ana shu holatda ham kuy ijro etardi. Hatto cholg‘u asbobining klaviatura-tugmalarini ham ro‘molcha bilan yopib qo‘yishar, shunda ham bolakay o‘z ishini uddalay olardi.
Kontsertlarning birida sahnaga to‘satdan mushuk chiqib keladi. Yosh Motsart kuy chalishni to‘xtatib, mushuk tomon yugurib ketadi. Hamma narsani unutib, mushuk bilan ovora bo‘ladi. Otasining asabiy baqirig‘iga javoban esa shunday deydi:
– Cholg‘u asbobim hech qayoqqa ketmaydi, lekin mushuk ketib qolsa nima qilaman?!
Motsartcha iltifot
Yosh Motsart imperator saroyida chiqish qilgach, malika Mariya-Antuanetta unga o‘zining hashamatli saroyini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Zallarning birida parket polda yurolmagan Motsart sirpanib yiqilib tushadi. Malika uning turishiga yordamlashadi.
– Menga iltifot ko‘rsatdingiz… – deydi yosh musiqachi, – sizga uylanishimga ruxsat bering.
Mariya-Antuanetta bu haqda onasiga aytadi.
Qirolicha hali yoshgina musiqachidan so‘raydi:
– Malika hazrati oliyalariga nima sababdan uylanmoqchisan?
– Minnatdorchilik yuzasidan, – javob beradi Motsart.
G‘aroyib suhbat
Etti yoshli Motsart Frankfurt-na-Mayneda kontsert beradi. Tomosha tugagach, uning oldiga o‘n to‘rt yoshli bir bola keladi:
– Juda ajoyib chalar ekansan, menga hech qachon bunaqasini o‘rgatishmagan.
– Nahotki! – ajablananadi yosh Volfgang, – buning hech qanaqa qiyin joyi yo‘q. Nota yozib ko‘rganmisan?… Kallangga keladigan kuylarni qog‘ozga tushirganmisan?…
– Bilmadim… Mening kallamga faqat she’r keladi, xolos.
– Yo‘g‘-e! – battar hayratlanadi Motsart. – She’r yozish juda qiyin deyishadi, shu to‘g‘rimi?
– Bekor gap, juda oson-ku. Bir urinib ko‘rgin…
Motsartning suhbatdoshi yosh Gyote edi.
Akademikning istagi
Volfgang yetti yoshida birinchi simfoniyasini, o‘n ikki yoshida esa birinchi operasi “Basten va Bastena”ni yozadi. Bolon akademiyasida yigirma olti yoshga to‘lmagan kishi akademiklikka qabul qilinmas edi. Lekin Motsartday favqulodda iqtidor egasi uchun istisnoga yo‘l qo‘yiladi. U o‘n to‘rt yoshida Bolon akademiyasi akademigi bo‘lib saylanadi.
Otasi uni qutlagan payt deydi:
– Dada, mana akademik ham bo‘ldim, endi yarim soat o‘ynab kelishimga ruxsat berasizmi?
Hikoyatlarni Orifjon Madvaliyev tayyorladi.
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 7-son