Abdusattor Sodiqov. Tushlarimga kiring, onajon (qissa)

VIDO

Onam olamdan o‘tibdi!
Bu sovuq xabardan tanam junjikib, badanimga sanoqsiz ignalar sanchilgandek, butun vujudim titrab ketdi. Qishloqqa, onam yashagan hovliga qanchalik shoshilmay, oshiqmay, oyoqlarim xuddi menga bo‘ysunmayotgandek, yurishim unmasdi. Bir choynak choy ichguncha yetadigan manzil mening nazarimda sohili ko‘rinmaydigan dengizdek hadsiz-hisobsiz tuyulardi. Hovliga qachon, qay holatda kirib kelganimni o‘zim ham bilmayman.
Oyoqlarim beixtiyor meni onam doimiy turadigan xonaga yetakladi. Bir necha ayol uy o‘rtasiga qo‘yilgan karavotni qurshab olishgan. Karavotning bosh tomoniga ohista cho‘kdim. Nazarimda, onam yuziga oq choyshab yopib, ohista nafas olib uxlayotgandek.
Onamning yuzidan choyshabni ko‘tardim. Mana, hamisha yo‘llarimga talpinib, meni bag‘riga bosib kutib oladigan onam ko‘zlarini yumgancha tinch va osuda yotardi. Serajin yuzlari biroz oqarib, qovoqlari salqigan, kumushrang, siyrak sochlarining bir tolasi peshonasiga to‘zg‘ib tushgan. Uyqusini buzib qo‘yishdan cho‘chigandek titroq qo‘llarim bilan o‘sha to‘zg‘ib turgan bir tola sochni tuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldim…
Onam ko‘zlarini ochishini, menga atalgan so‘nggi so‘zlarini aytishini juda-juda istadim. Atrofdagi tanish-notanish ayollarning “Bandalik-da, onangdan ajralib qoldik, Olloning hukmi bu”, “Onasi ipakdek mayin ayol edi-ya” degan gaplari qulog‘imga uzoq-uzoqlardan eshitilayotgandek go‘yo.
Ayollardan biri pichirlab yonidagiga “Muncha diydasi qattiq bo‘lmasa, hatto ko‘ziga yosh kelmaydi-ya”, desa yana biri “Sho‘rlik bolagina karaxt bo‘lib qoldi, shekilli”, derdi.
Xonada nafas olishga havo yetmayotgandek. Yuragim sanchib, ko‘z oldim qoron­g‘ilashdi, qandaydir kuch ikki chakkamni qisib, boshim g‘uvullab, oyoqlarimdan jon ketgandek bo‘ldi. Derazaga yaqinlashib, entikib chuqur-chuqur nafas oldim. Beixtiyor onam meni aynan shu xonada quchoq ochib kutib olmasligini, sochlarimni, yelkalarimni silab erkalay olmasligini ko‘z oldimga keltirdim. Shunda qandaydir ichki bir kuch bo‘g‘zimdan bo‘g‘gandek bo‘ldi. Butun vujudim, borlig‘im “dag‘-dag‘” titrab ortimga qanday burilganimni sezmay qoldim.
Yuzlarimni karavotda yotgan onamning yuzlariga bosib, o‘kirib yig‘lab yubordim. Onam ham menga qo‘shilib yig‘layotgandek, uning mushtdekkina vujudi diydorimdan larzaga kelgandek bo‘ldi, go‘yo.
– Qo‘y, o‘g‘lim, onangga endi ozor berma, tinch yotsin, – dedi ayollardan biri.
– Ota-ona o‘lmoq meros, bu har kimning boshida bor savdo, – deya yupatmoqchi bo‘ldi boshqasi.
Onamning bag‘ridan ajralgim kelmasdi. Ko‘zlarimdan quyilib kelayotgan yoshlarni to‘xtatishga menda na kuch, na mador bor edi. Negadir unsiz to‘yib-to‘yib yig‘lagim kelardi. Garchand bu ko‘zyoshlar taqdiri azalni o‘zgartira olmasada, onamning mana shu dargoh, o‘zi tug‘ilib o‘sgan uyga bir necha daqiqalik “mehmon” ekanligini o‘ylab, ezilardim. “O‘lim haq”, deganlari shumikan?!
Ko‘zimni ochib, peshonamni silab turgan bir kampirni ko‘rdim. Tanidim, bu qishloqning kayvonisi Oydin momo edi. U kishi boshimni silab:
– Onang bilan rozi-rizolik qilgin, bolam! Farzandlarning rizoligini eshitmasdan mayitlarning, tanasidan so‘nggi nafasi chiqmay turarmish…
Onajonim! Bergan tuz-nasibangiz, ko‘krakdan ajratgan jon ato etguvchi oq sutingizning har tomchisiga rozi bo‘ling! Men sizdan mingdan-ming roziman! Siz ham rozi bo‘ling!..
Nazarimda, shu on onamning kipriklari qimirlagandek, oq choyshab yopilgan tanalaridagi iforli sadarayhonlardan o‘tkirroq hid anqigandek va shu bilan onam menga rizolik bergandek bo‘ldi…

QUYoSh YuZIDAGI BULUT

Onam vafot etgan kunlar avji saratonga to‘g‘ri keldi. Biz aka-ukalar, qarindosh-urug‘lar oftobro‘ devor yonida saf tortib turibmiz. Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilib, peshonamizga olov purkaydi. Ne ajabki, tasodifmi, mo‘jiza ro‘y berdimi, qayoqdandir paydo bo‘lgan bir parcha bulut quyosh yuzini to‘sib qoldi.
Tabiatning qudrati, mo‘jizasi oldida biz hamisha ojizmiz. Quyosh charaqlab tursa, bulut uning yuzini xiyol to‘sib, bizga soya tashlab turgani chindan-da mo‘jiza edi. Onamni so‘nggi yo‘lga kuzatish damlari tobora yaqinlashmoqda. Shaharda turadigan akamdan esa hamon darak yo‘q. Qarindoshlar, qishloq oqsoqollari akamni sabrsizlik bilan kutishardi. Nima bo‘lsa ham u onamning dafn marosimiga yetib kelishini ichki bir intiqlik bilan kutar edim.
– Ana keldi, ana kelayapti! – atrofdagilar birdan jonlanib qolishdi.
– Onam, onajonimdan ajralib qoldim! – akam safda turganlarning yelkasiga boshini qo‘yib yig‘lab yubordi. – Mehribonimning bir og‘iz so‘zini eshita olmay qoldim. Meni armonlarga tashlab ketgan onajonim qani?! – Akam shashqator yoshi bilan onam yotgan xonaga yurdi. Birozgina sukut cho‘mgan hovli, onam xonasidan yana yig‘i ovozi ko‘tarildi. Akamni bag‘riga bosib yig‘layotgan xolamlar, ammamlarning ohu faryodiga chiday olmasdan, atrofda turgan odamlarning ham ko‘zlaridan yosh quyilib kelar edi.
Shundan so‘ng onamni suvga olishdi. Hovliga bir necha daqiqalik sukunat cho‘kdi: xotin-qizlarning yig‘isi tindi. Har kim o‘zicha ovoz chiqarmay, ich-ichidan ezilib xo‘rsinib-xo‘rsinib o‘tirardi. Shu payt quyosh yuzini to‘sib turgan bulut ohista tarqaldi. Xayolimga kelgan fikrdan ko‘nglim biroz yorishganday bo‘ldi.
…Yozning issiq kunlarida onam sadaqayrag‘och soyasidagi karavotda o‘tirardi. Keyingi paytda ko‘zlari biroz xiralashib qoldi. Shu bois uzoqdagi narsani yaxshi ko‘rolmasdi. Biron sharpa ko‘rinsa, yon-atrofida o‘ynab yurgan nabiralarini chaqirib, kim kelayapti, deb so‘rardi. Hovlimiz yaqin bo‘lganligi sababli biz tez-tez kelib turardik. Biroq akam uzoqda yashaganligi sababli ahyon-ahyonda kelardi. Onamning uni tez-tez sog‘inib qolayotganligini bilardik. Sharpa eshitildi deguncha onam serajin, qaltiroq panjalarini ko‘ziga soyabon qilib yo‘lga qaragani-qaragan edi. Akam kelayotganini eshitsa, o‘tirgan joyida qo‘zg‘alib qo‘yardi. Tizzalarini uqalab, atrofni paypaslab kavushini izlar va o‘g‘lining huzuriga oshiqardi. Kipriklari pirpirab miyig‘ida jilmayish paydo bo‘lardi. Uning bujmaygan yuzidagi kulgichlari o‘ziga biram yarashib ketardiki…
Men endi bildim: odam bilan tabiat o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas o‘xshashlik, uyg‘unlik bor ekan. Quyosh bamisli onamning yo‘lga nigoron ko‘zlariyu, bulut uning yuzlariga soya­bon panjalari edi. Bulut uzoq shahardan yetib kelgan o‘g‘lining diydoridan xursand bo‘lgan volidamning yuzidan tushirilgan soyabon qo‘llariyu, quyosh esa sevinchdan porlagan ko‘zlari edi. Endi sen onamning mehr to‘la ko‘zlari bo‘lib porlayver, quyosh!

YoMG‘IR TOMChILARI

Onamning xokipoklarini qabriga qo‘yayotganimizda atrofdagi xas-cho‘plarni shivirlatib yomg‘ir tomchilari tusha boshladi. Ajabo, tepada saraton quyoshi charaqlab tursayu, yomg‘ir yog‘sa!
– Mayidga yomg‘ir tegsa savob bo‘ladi, – dedi mo‘ysafidlardan biri.
– Marhumaning qaysidir xislatlari Yaratganning o‘ziga xush kelgan bo‘lsa ajabmas. Aslida ham onaxonimiz jannati ayol edi-da, – yonidagilarga uqtirdi hamqishloqlarimdan biri va yana qo‘shib qo‘ydi: – Har kimga ham Tangrining bunday inoyatlari nasib etavermaydi.
Yomg‘ir maydalab, tomchilab yog‘ayapti. Ketmon va belkuraklar qo‘ldan-qo‘lga o‘tadi. Hamma ham qabrga bir ketmon tuproq tashlashga oshiqadi. Qabr – marhumning u dunyo­dagi chin uyi. Ko‘z ochib-yumguncha bir uyum tuproq paydo bo‘ldi. Yomg‘ir tomchilari yuzimga urilar ekan, qaydandir eshitgan rivoyat xayolimdan o‘ta boshladi.
…Norasida go‘daklarini tuproqqa bergan onalar jannati bo‘lar emish. Hech esimdan chiqmaydi: onam bizlarni yer-ko‘kka ishonmas, juda-juda ehtiyotlar edi. Uning ukalarimni yolg‘iz qoldirganligini eslay olmayman. Buning sababini ke­yinchalik, esimni taniganimda bilganman. Onam tabiatan o‘ychan, zukko, serfikr, kamgap ayol edi. Birovga hasrat qilganligini eshitmaganman. Mavridi kelib qolsa, boshimni silab “sening ham aka-opalaring ko‘p edi. Besh nafar inilaringni – Yaratganning o‘ziga kerak ekan – chaqaloqligida yerga berganman”, deb xo‘rsinardi.
Odamlar o‘zaro pichirlashib, yomg‘ir yog‘ishini Ollohning marhamati deb bashorat qilishardi, balkim shundaydir. Aytishlaricha, norasida go‘daklar ruhi onaizor huzuriga birinchi bo‘lib peshvoz chiqarmish. Diydoriga to‘ymagan onajonini ko‘zyoshlar bilan kutib olarmish. Hozir shivalayotgan tomchilar ham marhum akalarim, opalarim ko‘zyoshi bo‘lsa ajabmas.
Marhumlar hurmati haqi onaizorimga jannat eshiklari ochilgani rost bo‘lsin…

AJIN IZLARI

Sochlarimni, yuzimni silab, o‘ynab o‘tirgan qizcham nogahon so‘rab qoldi:
– Peshonangizdagi chiziqlar nima, dada?
– Bumi, ajinlar, – dedim peshonamni silab.
– Bu chiziqlar nechta, uni kim chizgan? – u yana bidirlay boshladi.
Qizchamning savollariga javob berayapmanu xayolim boshqa yoqlarda edi. Yana onamni eslab ketdim. Men ham onamning sochlarini to‘zg‘itib, yuzini silab o‘ynaganman, erkalanganman. Lekin onamning yuzidagi ajin izlari nechta edi? Men buni hech so‘ramagan ekanman. Onamning siyratini ko‘z oldimga keltirsam, uning o‘ychan vazmin chehrasi qaytadan jonlana boshlaydi.
Turmush tashvishlari, hayot yumushlari bilan bo‘lib onamning xuzurida hamisha ham jamuljam bo‘lavermasdik. Akam, opa-singillirim uzoq shaharda yashagani bois tez-tez kelishning iloji yo‘q edi. Biron to‘y, maraka bahona to‘planishib qolardik. Endi eslasam, biz o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib onamning qanday xayollar, o‘y-kechinmalar girdobida qolganligiga e’tibor bermas ekanmiz. O‘g‘il-qizlarining yig‘ilganidan onamiz o‘zida yo‘q shod bo‘ldi, deb o‘ylab yuravergan ekanmiz. Aslida, shunday bo‘lganmikan?
Hamma og‘a-inilar to‘planishib bag‘rini to‘ldirganimizda uning xursand bo‘lganligi rost. Lekin shunday paytlardagi holatini xotiramda jonlantirsam, ko‘z ilg‘amas boshqa narsalar ham qayta jonlanadi. Onam har qancha xursand, baxtiyor bo‘lganda ham boshqa ayollar kabi ochilib-sochilib, yayrab kulganligini kamdan-kam uchratganman. Nega shunday ekan-a? Jilmayganda uning serajin yuzida ko‘z ilg‘amas bir dard, mung bordek tuyulaverardi. Holbuki, biz o‘g‘il-qizlari jam bo‘lib, bag‘rini to‘ldirib turardik-ku. Unda onam qalbini ichki bir tug‘yon, dard bilan o‘rab turgan his nima bo‘lishi mumkin?
Hamma o‘g‘il-qizlari jam bo‘lardik, dedim. Aslida, shundaymidi? Uning hali ko‘krakka to‘ymasdan, atak-chechak bo‘lmasdan yerga bergan besh o‘g‘il-qizi-chi! Onaizor ularni unutishi mumkinmi? Bamisoli oqqushlarga aylangan norasida go‘daklarni unuta olmagan ekan-da! Balki endi, u dunyoda hur norasidalarini bag‘riga bosib, diydoriga to‘ygandir. Hayot bunchalar chigal bo‘lmasa. Biz tiriklar yodi onalarni qabrda ham tinch yotishga qo‘ymasa, tirikligida qaddini bukib, peshonasiga ajinlar solganimiz yetmasmidi?..

“RAVNATUN”

Keyingi paytda onamning qon bosimi ko‘tarilib turardi. Qon bosimini o‘lchab turadigan tanish do‘xtir unga “Ravnatun” dorisini ichib turishini maslahat berdi. Onam tabiatan ishonuvchan bo‘lganligi bois doktorning tavsiya etgan dorisiga qattiq ixlos qilar edi. Qachon boshi og‘rib, bezovta bo‘lsa shu dorini ichardi.
– Mana shu yaltiroq qog‘ozdagi havorang, tariqdek dorining quvvati juda yaxshi ekan-da, bolam, ichdim deguncha bosh og‘rig‘im qoladi, – derdi onam mamnun holda boshini irg‘ab-irg‘ab.
Onamning yonidan “Ravnatun” dorisi uzilmasdi. O‘tirgan joyida – ko‘rpacha tagida albatta o‘sha dori turardi. Safarga chiqsa, mehmonga borsa ham ana shu dorini ro‘molchasining bir uchiga tugib olardi. Men ham qayerga borsam dorixonadan albatta “Ravnatun”dan ikki-uch quti olib kelardim. Mahallamizdagi dorixona xodimlari meni tanib qolishgan. Ayniqsa ko‘zlari charaqlab kulib turadigan istarasi issiq sotuvchi qiz meni ko‘rishi bilan “Sizga “Ravnatun”mi”, deb jilmayib turardi.
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Shamollabman shekilli, sira yo‘tal qolmasdi. Bir kuni ishdan qaytayotib yo‘talga qarshi biron dori ilinjida dorixonaga burildim. Tanish qizdan dori so‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan edim, u har galgidek jilmaydi:
– Hoynahoy sizga “Ravnatun” kerakdir-a? Onangizga hamisha shu doridan olib borasiz-ku.
– Endi bu dori kerak emas, – degan so‘zlar og‘zimdan chiqib ketganligini bilmay qoldim. Sotuvchi qizning dori uzatgan qo‘llari muallaq qoldi. Darhol o‘zimni qo‘lga oldim.
– Ha, mayli beravering, bir kun kerak bo‘lib qolar.
Sotuvchi qizning qo‘lidan dorini olib, pulini to‘ladim-da, shartta ortga qaytdim. Tashqariga chiqqach qaltirayotgan qo‘llarimga, kaftimdagi malhamga termildim. Ko‘z o‘ngimda “Ravnatun” ichayotgan onamning nozikkina jussasi qayta jonlangandek. Yo‘talga qarshi dori olish xayolimdan ko‘tarilibdi…

RO‘MOLChADAGI QURUT

Bolalagimda onam bilan avtobusda qayergadir safarga chiqqanimizda ko‘nglim aynib qayt qildim. Shunda yo‘lovchi ayollardan biri menga bir dona qurut berib: “Mana shuni shimib yursang, ko‘ngling ko‘tarilmaydi”, dedi. Haqiqatdan ham qurutni shimishim bilan ko‘nglimdagi behuzurlik bosildi. Shu-shu onam yonida qurut olib yuradigan bo‘ldi. Qachon safarga chiqmoqchi bo‘lsam yoki safardan kelsam, albatta menga bir necha dona qurut tutqazardi. Onam qurutni ro‘molchaga tugib, bilagiga bog‘lab olardi.
Dafn marosimi o‘tkazilgan kun kechasi tushimga onam kirdi. U boshimni silab, peshonamga qo‘lini qo‘ygancha meni erkalab: “Charchagan ko‘rinasan, ozgina isitmang ham bor. Mana bu qurutlarni og‘zingga solib ol, biroz darmon bo‘ladi”, dermish…
Nimadandir ko‘nglim g‘ash, nimanidir yo‘qotgandek karaxt yurganligimning boisini endi tushungandek bo‘ldim.
– Kelinoyi, onamning bilagida hamisha ro‘molcha bog‘langan bo‘lardi. Mabodo shuni ko‘rmadingizmi.
– Voy esim qursin-a, onamning ro‘molchasini bekitib qo‘yuvdim, hozir olib chiqib beraman, – yangam uydan shoshib-pishib ro‘molchani olib chiqdi.
Voajab, kechasi tushimda ko‘rgan ro‘molchaning o‘zi-ku bu! Uning bir uchiga yong‘oqdek-yong‘oqdek qurut donachalari tugilgan edi…

HIKMAT

Enamni nabiralari juda yaxshi ko‘rardi. Biri tizzasiga bosh qo‘yib yotsa, boshqa biri yelkalariga chiqib olardi. Volidamning nabiralaridan ranjib, urishganligini hech eslayolmayman. Shunda jahlim chiqib bolalarni urishib berdim:
– Enamni o‘z holiga qo‘yasanlarmi-yo‘qmi. Bunday oyoq-qo‘lini yozib o‘tirsin axir!
– Qo‘y, bolalarni urishma, – derdi onam tizzasiga bosh qo‘yib yotgan nabiralarini erkalab. – Shular bor, men borman, bolam. Sen ish bilan kechgacha ko‘chada yurasan. Bular menga eng yaxshi ovunchoq. Churvaqalar meni zeriktirib qo‘yishmaydi. Ko‘rsatganiga shukr, ilohim ajalga sabr bersin-da, Egam.
Enam o‘tirganda ham, yotganda ham shu so‘zlarni pichirlab ko‘p takrorlardi. Bu so‘z menga erish tuyulardi.
– Ena, nafasingizni issiq qilsangiz-chi, nega shu so‘zni takrorlayverasiz? – dedim bir gal o‘zimni tutolmay.
– Ey, bolam, vaqti kelib nega shunday deganimni tushunib qolarsan, – onam boshini sarak-sarak qilib jilmayardi. – Ajal degan asov otning qanotlari bo‘larmish. Bu uchqur otning qachon, qayerdan kelishini hech kim bilmaydi. Bandasini yelkasiga mindirib bir zumda arshi-a’loga uchadi – ketadi. Umr deganlari shu ekan – oqar daryodek oqadi, ketadi.
…Yillar o‘tdi. O‘zim ham bobo bo‘ldim. Bir kuni ishdan charchab kelib uxlab qolibman. Boshimda nimadir g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qiladi. Tushimmi-o‘ngimmi, deb ko‘zimni ochsam, tepamda atak-chechak qilib yuradigan nabiram turibdi.
– Bo-bo-jo-on, bobojon, – derdi g‘o‘ldirab.
O‘rnimdan sapchib turib ketganligimni bilmay qoldim. Nabiramni bag‘rimga bosdim. Endi tili chiqayotgan dilbandimdan birinchi bor bobojon degan so‘zlarni eshitishim edi. Bag‘rimda tipirchilayotgan nabiram emas, quyoshning bir parchasi edi, go‘yo.
Nabiram qiqirlab kular, goh gandiraklab, goh yiqilib-surinib mendan uzoqlashmoqchi bo‘lardi. Harakatlarini kuzatar ekanman uning o‘sib-ulg‘ayishini ko‘rsam, degan o‘y-xayollar vujudimda tinmay charx urardi. Eh-he, u kunlarga qancha vaqt bor-a… Chevaralarni ham bag‘rimga bosish nasib etarmikan? Ilohim shu kunlarga yetib yuraylik-da. Shunda beixtiyor onam ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Lablarim esa onam aytgan hikmatni pichirlab takrorladi: “Ajalga sabr bersin-da, Egam!”

ONAMNING ISI

Xizmat safari tugab, shahardan uyga qaytish uchun avtobus bekatiga keldim. Biz tomonga qatnaydigan tanish mashinani izlab, avtobuslarning “peshonasi”dagi yozuvlarni o‘qiyman. Shu payt uch-to‘rt qadam naridagi onaxon qo‘lini ko‘zlariga soya­bon qilib meni yoniga imlay boshladi.
– Hoy, Adhamjon, yaxshi ishlab yuribsanmi, qishloqqa boray debsan-da, beri kel, bir ko‘rishib qo‘yaylik, – onaxon chap qo‘lini bukchaygan beliga qo‘yib o‘rnidan arang turib yura boshladi.
Men avvaliga hayron bo‘lib yon-atrofga qaradim. Onaxon boshqa birovning oti­ni aytib chaqirardi. Xayolimni yig‘ib olmasimdan u qarshimda paydo bo‘ldi.
– Voy bo‘ylaringdan o‘rgilay, shahar yoqibdi, oqarib, bo‘yga tortib qolibsan, – onaxon meni bag‘riga qattiq bosib, peshonamdan o‘pdi. – Sen o‘zimizning Qarshigul choponchining o‘g‘limisan, adashmadimmi? Ko‘z qurg‘ur sal xiraroq-da, uzoqdagini oldingidek ilg‘ayvermayman. Istarang issiq-da, bir ko‘rishdan tanidim. Qishlog‘imizda chopon tikishda onangni oldiga tushadigan chevar yo‘q, bobongning choponini ham tikib bergan, qo‘li dard ko‘rmagur. Nevaralarimning egnidagi choponchalar ham enangniki.
Boshiga qishloqcha ikkita paxta ro‘mol o‘ragan, quyoshdan yuzlari qorayib ketgan onaxon meni tobora bag‘riga qattiqroq qisib hol-ahvol so‘rashardi. Shu topda dimog‘imga men ko‘pdan sog‘inib yurgan bir is urildi. Bu onamning isi edi!..
– Ey ena, nima qilib yuribsiz bu yoqlarda. Men sizni izlab charchadim, yuring tezroq, mashina ketayapti! – ko‘zlari ukkinikidek o‘ynab turgan shop mo‘ylov yigit kampirning qo‘lidan ushlab tortqilab ketdi. Yuragimning bir parchasi bog‘lanib qolgandek kampirga ergashib bir-ikki qadam qo‘ydim. Undan ajralgim kelmasdi. Notanish onaxon avtobus zinasida ortiga qayrilib o‘zicha menga nimalarnidir uqtirmoqchi bo‘lardi. O‘g‘li uni jerkib, sudrab avtobusga chiqarib ketdi. Bir zumga ko‘z oldim qorong‘ilashdi. Boshim aylanib, hozirgina onaxon o‘tirgan o‘rindiqqa o‘zimni tashladim.
Onamdan ajraganimdan keyin ko‘nglim nimadir istar, yuragim nimanidir axtargandek bo‘lardi. Ruhimni bezovta qilayotgan bu holat nima ekanligini o‘zim ham bilmasdim. O‘sha notanish onaxon bilan uchrashuv hammasiga oydinlik kiritgandek bo‘ldi. Farzand isi, go‘dak isi degan so‘zlarni ko‘p eshitganman. Bolalarimni erkalab bag‘rimga bosganimda buni takror va takror his etganman. Hayot tashvishlari, turmush quvonchlari bilan bo‘lib ko‘p narsaga e’tibor bermas ekanmiz. Onam ko‘pincha gap orasida “O‘g‘lim, bu o‘tkinchi dunyoda odam odamga g‘animat”, deb qo‘yardi. Bu so‘zlar ma’nosini sochimga oq tushganda anglab yetgandek bo‘ldim. Yuzlari serajin, qaddi bukilgan onalarni ko‘rsam yuragim hapqirib ketaverardi. Onamning islari qayta-qayta dimog‘imga urilaverdi.

ERTAK

Kechki ovqat payti dasturxon atrofida jamuljam bo‘lib o‘tirganimizda, oynai jahonda dunyoning qaysidir burchagida qurg‘oqchilik davom etayotganligi, ocharchilik tufayli qurbonlar soni ko‘payib, hayotdan ko‘z yumayotganlarning ko‘pchiligi qariyalar va bolalarni tashkil etayotganligi haqida gapirib qolishdi.
– Ularning ovqati tugab qolganmi? – qiziqib so‘radi maktabga qatnayotgan nabiram. – Ovqat olishga pullari yo‘qmi? – Meni bir zumda so‘roqqa ko‘mib tashladi u. Nabiramning so‘rog‘iga javob qaytarayapmanu, ko‘z o‘ngimda onam gavdalandi. Izg‘irinli qish oqshomlari onam so‘zlab bergan hikoyalar yodimga tushdi…
– O‘sha yillari qattiq qurg‘oqchilik bo‘ldi, – ip yigirayotgan kalavasini tizzasiga qo‘yib hikoyasini boshladi onam. – Narx-navo osmonda. Bir burda non otliqqa bor, piyodaga yo‘q. Qishloqlarda uyma-uy ish izlab yurgan mardikorlar ko‘payib ketdi. Kattalar bola-chaqa boqish ilinjida uzoq-uzoqlarga ketib qolishdi. Ochlikdan sillasi qurigan bolalar uydan tashqari chiqolmasdi. Sho‘rlik ayollar duch kelgan o‘t-o‘lan, ismaloqni o‘lib qolmasin deb bolalarining og‘ziga tiqishardi.
Qo‘shnimiz To‘xtagulning tirikchiligi, kun o‘tkazishi juda mushkullashdi. Kasalmand eri o‘lib qoldi. Bir etak bolalarni boqish onaning gardaniga tushdi. Qishlog‘imiz atrofiga bug‘doy ekilardi. Hammaning ko‘zi bug‘doyzorda. Ochlikka chiday olmagan yosh-yalanglar, xotin-xalajlar kechasi bug‘doyning boshog‘ini o‘g‘irlab chiqishardi. O‘sha yillari odamlar orasida ayg‘oqchilar ko‘payib ketdi. Shunday qaltis bir pallada To‘xtagul bechora ham kechasi boshoqqa chiqibdi. Olib kelgan bug‘doy boshog‘ini molxonada keliga solib maydalabdi. Kelining dup-dup ovozi tashqariga eshitilmaydimi, buni bilgan ayg‘oqchilar “yuqori”ga aytib borishibdi. Erta bilan bir to‘p odam To‘xtagulning uyini bosdi. Kelidan o‘tkazilgan bug‘doyni somon tagiga ko‘mib qo‘ygan ekan, topib olishdi. U ham nari borsa bir do‘ppi chiqadi, xolos.
Tushga yaqin qishloq odamlarini maktab hovlisiga to‘plashdi. O‘zlarini qaysidir idora vakillari deb tanishtirgan notanish kimsalar To‘xtagulni muhokama qilgani kelishganini aytishdi. Bug‘doy boshog‘ini o‘g‘irlagani uchun uni jinoyatchi deb e’lon qilishdi. Shu yerning o‘zida sudning hukmi o‘qildi. To‘xtagul besh yilga kesilib ketdi.
Sud hukmi o‘qilayotganda To‘xtagulning atrofga najot bilan mo‘ltirashi yuragimni ezib yubordi. Oyog‘idagi yirtiq kovushidan yalang barmoqlari chiqib turardi. Uni mashinaga o‘tqazib olib ketayotganlarida ortidan chirqirab yig‘lagan bolalarining ohu faryodi hammaning yuragini ezib yubordi.
To‘xtagul uzoq tog‘li qishloqdan kelin bo‘lib tushgan edi. Ukalari kelib jiyanlarini olib ketishdi. Bolalarning keyingi taqdiri nima bo‘ldi, eshitmadik. Ular yashayotgan hovli huvullab qoldi. Ocharchilikdan bir oila parokanda bo‘ldi…
Onamning bu hikoyasini aytib bersam nabiralarim “Bobo, bu ertakmi”, deb so‘rashadi. Ha-ha, bu ertak, deyman bosh irg‘ab. Bir butun nochor oilani vayron qilgan, odamlarning boshini yegan o‘sha damlar qaytib kelmasin. U kunlarning ertakka aylangani rost bo‘lsin, deyman ichimda…

SARG‘AYGAN VARAQ

Enam shu varaqni asrab-avaylab yonidan qo‘ymasdi. Meros haqidami yoki vasiyatnomami bilmadim, buklanib, sarg‘ayib ketgan daftar varag‘ini uzatdi opam. – Har holda sen tushunarsan, doim qog‘oz ichida yurasan.
Varaqni avaylab ochdim. Qog‘ozdagi dastlabki satrlarga ko‘z yugurtirdim. “Salom, enajon, sog‘-salomat o‘tiribsizmi?” degan so‘zlar bilan boshlangan dastxat meniki edi. Qog‘oz tutgan qo‘llarim titradi, ko‘nglim buzildi, o‘pkam to‘lib ketdi. Beixtiyor yoshligimga, bolaligimga qaytgandek bo‘ldim.
…Qo‘shnimiz Zumrad xola bilan ahil yashardik. O‘g‘li Murodbek chaqqon, baquvvat yigit edi. Uy-ro‘zg‘or ishlarimizga qo‘lidan kelgancha yordamlashardi. Uni harbiy xizmatga chaqirishdi. Zumrad xola o‘g‘lidan intiqlik bilan xat kutardi. Ot minib yuradigan pochtachi uyma-uy gazeta, xat tarqatardi. Murod akamdan xabar olishi bilan qo‘shnimiz bizni chaqirardi. Zumrad xolaning savodi bo‘lmagani bois uni men o‘qib berardim. Xatni eshitib bo‘lgach, qo‘shnimiz qog‘ozni qayta-qayta o‘pib, ko‘ziga surardi. Meni ham duo qilishni esidan chiqarmasdi.
– Sen ham katta bo‘lib, shaharga o‘qishga kirsang, menga xat yozasan, – derdi onam miyig‘ida kulib. – Men ham qo‘shnimizga o‘xshab xushxabarchini intiqlik bilan kutaman. Ilohim, shu kunlarga yetib yuraylik.
Yaxshi niyatlar ijobat bo‘lib maktabni bitirgach, o‘qishga kirdim. Onamning quvonchi yeru ko‘kka sig‘masdi. Shaharga kuzatish uchun necha kunlar hozirlik ko‘rdi. Bir xaltada o‘rik turshagi bo‘lsa, yana birida qurut. Obi nonning tolqoniyu, mayiz ham esdan chiqmadi. Hovlimiz temiryo‘lning yoqasida joylashgan bo‘lib, shaharga poyozdda qatnardik. Temiryo‘l bekatiga kuzatishga chiqqan onam meni bag‘riga bosib, xayrlashar ekan, “xat yozib turgin bolam”, deb tayinladi.
Shaharga kelib, yotoqxonaga joylashgan kunim onamga salomnoma yozdim. Opam tutgan, sarg‘ayib ketgan varaq – mana shu xat edi. Keyinchalik o‘qish tashvishlari, amaliyot bahona xat yozishga vaqt topolmadik. Ko‘z ochib-yumguncha talabalik yillar ham o‘tib ketdi. Institutda ishga olib qolishdi. Ilmiy ish bilan bosh qashishga imkon bo‘lmadi. Taqdir ekan, uylanib, shaharda yashab qoldim.
Opam aytganidek qog‘oz ichida qolib ketganim rost. Ilmiy ishni yoqlash uchun yozilgan risolalar sandiq-sandiq bo‘lsa ajabmas. Uzoq safarlar, ilmiy izlanishlar, taassurotlar necha-necha kitob bo‘lishligi tayin. Shogirdlarimning ilmiy ishlariga kechalari uyqudan kechib yozilgan taqrizu tavsiyalar-chi.
Hayotda bir kishi qilishi lozim bo‘lgan barcha ishlarga ulguribman-u, lekin onamni eslash, xat yozishga fursat topmabman. Uyum-uyum risolalar aslida onamning intizorlik bilan kutgan bir parcha qog‘ozga teng kelarmikan?!
– Namuncha daming ichingga tushib ketdi, shunchalik muammo ko‘pmikan bu qog‘ozda, – xayollarimni bo‘lib yubordi opam. – Yo senga merosdan kamroq tegibdimi? – hazilomuz gapini davom ettirdi u.
– Ha, meros haqida bo‘lsa bunchalik kuyunmasdim, – bu qog‘oz oddiy xat, o‘z qo‘lim bilan yozgan maktub ekan! – mana, o‘qib ko‘ring! – xatni opamga uzatib, o‘zim chorboqqa chiqdim.
Qishloq havosi baribir ko‘ngilga o‘zgacha bir yengillik, taskin bag‘ishlaydi. Salqin havodan nafas olib, qushdek yengil his etdim o‘zimni. Chorvoqdagi daraxtlardan turli mevalar hidi dimog‘imga uriladi. Jo‘jalarini yetaklab yurgan tovuq “qo-qo”laydi. Og‘il ayvonida yem talashayotgan qo‘chqorchalar bir-birlari bilan shohlashadi. Daraxt ostidagi buzoqcha cho‘zib mo‘raydi. “Jonivor suvsagan bo‘lsa kerak” xayolimdan o‘tkazdim. Bolaligimda chorva mollariga qaragan damlarim esga tushib ketdi. Chelakda quduqdan suv olib buzoqcha oldiga qo‘ydim. Suvni apil-tapil simirgan buzoq quloqlarini silkitgancha cho‘zib mo‘radi.
Mendan kelgan xatni bag‘riga bosib, qo‘ni-qo‘shnilarnikiga chopayotgan onam ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Bolakaylar xatni o‘qiyotganida qanday holatga tushgan ekan, mushtiparginam. Katta shahri azimda o‘qiyotgan o‘g‘lidan kelgan birinchi maktub. Bundan keyin ham ko‘zi to‘rt bo‘lib bir parcha qog‘ozga intiqlikda yashagan beozorginam. Xayolimda u ot mingan xushxabarchiga “menga ham o‘g‘limdan xat bormi”, deya hamon qo‘lini cho‘zib turgandek…

SIYRAT

Hech kim onadan judo bo‘lishni xayoliga keltirmas ekan. Garchand o‘lim haq bo‘lsa-da, onalarning farzandini tashlab ketishiga sira aqlim bovar qilmaydi. Yo‘qsa, onamiz hayotligi chog‘ida nimalar qilmas edik. Onamdan xotira sifatida bir-ikki dona surati qoldi xolos. Hujjatlarga tushgan suratini biroz katta qilib, yozuv stoliga qo‘yib qo‘yganman. Negadir suvratlarini devorga osib qo‘yishni tabiatim yoqtirmaydi. Har gal yozishga o‘tirganimda onam qarshimda menga termilib turgandek bo‘ladi. Uning istarasi issiq chehrasidan taralayotgan ilohiy bir nur xonamni yorug‘likka to‘ldirayotgandek, ruhi menga madad berayotgandek his etaman o‘zimni.
Keyingi paytlarda kechalari ko‘zimdan uyqu qochadigan bo‘ldi. Kunlar, oylar o‘tgan sari nimadir meni bezovta qilar, onamga bo‘lgan sog‘inch hislarim, o‘rtanishlarim girdobdek o‘ziga tortardi. Sokin va osuda tunlari shiftga tikilgan ko‘yi onamni eslayman. Qorong‘i tun zulmati qa’ridan asta-sekin onamning ma’yus va o‘ychan siymosi paydo bo‘la boshlaydi. Uning qirov qo‘ngan qoshlari va oq doka ro‘mol tagidan tartibsiz yuziga tushib turgan sochlari o‘zgacha bir nur taratib, tun zulmati choklarini so‘tib yuborayotgandek. Shunda ko‘zimni yanada mahkamroq yumib olaman. Ko‘zimni ochsam, biron yorug‘lik tushadigan bo‘lsa onamning ko‘z oldimda, xotiramda jonlanayotgan qiyofasi, siymosi cho‘chib ketmasa deb qo‘rqaman.
Onam “sog‘indingmi, bolam, o‘rnim bilinib qoldimi?” degandek ohista, beozor boshim uzra egiladi. Mana, onamning men uchun aziz bo‘lgan siymosi: serajin peshonasi, siyraklashib qolgan qosh-kipriklari, biroz shishinqiragan qovoqlari. Qirra burni, tishlari tushib qolganligidan osilib turadigan iyagi, ajin tushgan bo‘yni. Qaltirab turadigan bukchaygan panjalari, bilagida osilib qolgan et bilan terisi. O‘qlovdek-o‘qlovdek bo‘rtib turgan kaftidagi tomirlari. Onam ohista egilayotgandek, olovli lablari peshonamga tekkandek bo‘ldi. Mana onamning tanish chehrasi. Salgina yursa hansirab, o‘pkasi og‘ziga tiqilib qolayotgandek entikib-entikib nafas olishi. Uning yurak urishlarini, nafasidagi taftni sezgandek bo‘laman, go‘yo. Ko‘zlarimni yanada mahkamroq yumaman. Xonada shunchalik sukunat, jimlik hukmronki, yuragimning urishi temirchining bosqonidek guppillab eshitilib turadi. O‘zimni onamning bag‘rida his etganim sari xayolim uzoq-uzoqlarga, bolaligimga yetaklab ketadi.
…Ana, yomg‘irda shalabbo bo‘lib, ust-boshim loyga belanib hovliga qo‘rqa-pisa kirib kelayapman. Eski hovlimizda o‘rtada oshxonasi bor uch xonali uyimiz bor edi. O‘choq ana shu oshxonada bo‘lar edi. Qish kunlari tashqaridagi tandir va o‘qchoqlarni qor bosib qolardi. Ana shunda oshxonamiz asqotardi. Uning eshigini ochib, ichkariga mo‘ralaganimda onam har galgidek o‘choqqa olov yoqayotgan bo‘ladi. Menga ko‘zi tushishi bilan qo‘lidagi kosovni tashlab, meni darhol bag‘riga bosadi. Onamning biror marta ranjib, meni urishganini eslay olmayman. Ust-boshimni yechib, o‘choqda lovullab yonayotgan olovga qurita boshladi. O‘zimni uyga olib kirib ko‘rpaga o‘rab tashladi. Qalin ko‘rpa orasida badanimga issiq yugurib, uxlab qoldim…
Qishlog‘imiz temiryo‘l chekkasida joylashganini aytgan edim, ariqdan suv kelmasdi. Sement hovuzga vagonda suv olib kelib, quyib ketishardi. U ham bir-ikki kunga yetmay tugab qolardi. Shunda hamma qishlog‘imiz o‘rtasidagi quduqdan suv tashishardi. Quduq atrofida har gal xotin-qizlar gavjum bo‘lardi. Onam erta sahardan ikkita chelak ko‘tarib suvga ketardi. Onamning goh u yonga, goh bu yonga qiyshayib suv olib kelayotgan holati hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.
U kishining to‘ng‘ich farzandlari turmagan – chaqaloqligida yerga bergan. Biz esa yosh bola edik. Otam ishga ketganda ro‘zg‘orning barcha yumushlari onamning yelkasida bo‘lardi. Yoz bo‘yi onam daladan shox-shabba, oqquray, tezak terib qishga o‘tin hozirlardi. Mollarga xashak, somon tashish, yantoq chopish uning gardanida. Kuzda tomsuvoq qilardik. Onam yenglarini shimarib, otam bilan yonma-yon loy kechardi. Dunyo tashvishlaridan bexabar biz bolalar esa loydan “hammompish” o‘ynardik. Otam bilan onam chanqaganda ularga ichish uchun suv tashib turardik va bu bilan katta ish qilgandek bir-birimizga maqtanib ham qo‘yardik. Shunday bo‘lsa-da, mehnatdan onamning qaddi bukilgan emas. Hayotining so‘nggi kunlarigacha hassa tayanmadi.
Keyingi paytda onam bilan suratga tushmoqchi edik. “Ena, sizni o‘rtaga olib nabiralaringiz bilan rangli suratga tushamiz”, derdim onamga. Onam “xo‘p bo‘ladi”, degandek bosh irg‘ab kulib qo‘yardi. Biz tiriklarning tashvishimiz hech qachon tugamaydi va ehtimol tugamas ham. Tong otishi bilan xizmatga yoki shaxsiy ishlar bilan “chopa-chop” bo‘lib onamga bergan va’dam xayolimdan ko‘tarilib ketardi. Ishdan kechqurun horib-tolib qaytgach, onamning pinjiga kirib biroz tin olgach, “ertaga albatta suratga tushamiz”, derdim, pinak aralash. Tong otishi bilan esa yana yugur-yugur…
Ro‘zg‘or deganining kam-ko‘sti hech bitarmikan? Go‘yo bu dunyo tiriklar ixtiyorida-yu, har lahzaning hisob-kitobi uning qo‘lida deb bilamiz. Va shunday o‘y-xayol bilan vaqt deb atalmish fursatning, imkoniyatning o‘tib borayotganligini anglamay qolamiz. O‘lim deb atalmish qudratli bir xilqat, haqiqat jondek aziz onamni bag‘rimdan qil sug‘urgandek yulib olgach, ko‘zim ochildi. Va endi kech bo‘ldi. Shu tariqa amalga oshmay qolgan o‘y-xayollar, va’dalar armonga aylandi. Armon – ortga qaytmas fursat, achchiq haqiqat ekanligini kech angladim…
Surat – har kimning tilsiz va hissiz nusxasi. U o‘zidan ortda qolayotganlar uchun yodgorlik deb bilamiz. Aslida-chi? Inson uchun eng aziz yodgorlik – bu xotirot emasmi? Xotirotda o‘tmish, butun bir jonli hayot qayta tiklanishi, aks etishi mumkinku! Shu bois menga onamning suvratidan siyrati azizroq. U kishining siyratigina shunchalar o‘ylashga imkon yaratdi-ku!..
Onam o‘zining titroq panjalari bilan boshimni silayotgandek. Men endi onasi bag‘rida ko‘krak emib, tamshanib, miriqib uxlayotgan chaqaloqdek his etayapman, o‘zimni. Ona uchun farzand hamisha bola bo‘lib qoladi, deyishgani shu bo‘lsa ne ajab?
Butun borlig‘im, vujudim yoqimli bir entikishdan seldek erib borardi. Endi onamning siyrati ko‘z qorachiqlarimga sig‘may qoldi. Uning nurli siymosi butun xonamni egalladi. Yo‘q, uning siyratiga xona ham torlik qilayapti. U asta-sekin butun borliqni, yer-osmonni egallab oldi. Onamning nafasi yuzimga, ko‘zlarimga beozorgina urilar, vujudimga jon baxsh etayotgandek bo‘laverardi…

OLMA GULLI ChOYNAK

Hisobot cho‘zilib ketdi. Barcha bo‘limlardagi ko‘rsatkichlarni taqqoslab, jamlaguncha vaqt allamahal bo‘ldi. Uyga kelsam darvoza qulf. Qancha taqillatmay, ichkaridan sado chiqmadi. Onamning vafotidan keyin birinchi marta kech qaytishim. Yaxshiyam yonimda kalit bor ekan, yo‘qsa tashqarida qolib ketarmidim.
Darvozani ochib, ichkariga qadam tashladim. Hovli zim-ziyo, hamma yoq jimjitlik. Onam hujrasining eshigi tepasida xira yonib turuvchi fonus ham o‘chiq. Ohista uyga bosh suqdim. Bir-birining pinjiga suqilgan bolalar shirin uyquda. Xontaxta yonidagi yostiqqa omonat bosh qo‘ygan bolalarning onasi ham pinakka ketgan.
Shu topda chanqog‘im tutdi. Xontaxtadagi choynakka qo‘l uzatdim: bo‘m-bo‘sh. Piyolaning shaqir-shuquridan onasi erinibgina ko‘zini ochdi. Yostiqdan boshini ko‘targisi kelmay ming‘irladi:
– Gazxonada sovuq choy bor, ichib kelaqoling.
“Gazxona” atalmish oshxonaga kirishim bilan ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. Onamning hujrasiga shu xona orqali o‘tilar edi. Oyoqlarim beixtiyor meni hujraga yetakladi. Qorong‘i xona sukunat qo‘ynida. Deraza tokchasidagi fonus ham o‘chiq. Onam borligida bu fonus hovliga shu’la sochib turardi. Kechalari ishdan qay mahal qaytsam ham onam uyg‘oq o‘tirgan bo‘lardi. Gohida o‘zimcha sezdirmay oyoq uchida hujramga kirib ketardim. Onam dahlizdagi oyoq kiyimlarimni ko‘rib, kelganimga ishonch hosil qilmaguncha uyqulari kelmasdi. Hujraga kirib chiroqni yoqdim. Ko‘pdan beri odam o‘tirmaganidan zax hidi anqiydi. Xontaxta yonida non uvog‘ini qitir-qitir kemirayotgan sichqon jon talvasasida o‘zini sandiq tagiga urdi.
Xontaxta atrofiga ko‘rpachalar tashlab qo‘yilgan. Taxmondagi ko‘rpa-yostiq, ro‘zg‘or anjomlari onam tirikligida qanday taxlangan bo‘lsa, shunday turibdi. Ular orasida menga tanish bo‘lgan olma gulli choynak ko‘rinmasdi. Ishdan qachon qaytmayin, ustiga sochiq tashlangan olma gulli choynagini kaftlari orasiga olganicha. Choynak qopqog‘iga iyagini tiragan onam xayol surib o‘tirardi. Sharpamni sezishi bilan sergaklanib, yonidan joy hozirlardi. Chanqoqni bosish uchun sovuq suv simirganimda, onam boshini chayqab pichirlardi:
– Qizib kelganda sovuq suv tomoqni oladi. Mana, ilimiliq choy bor, – piyolada choy uzatardi. Shu topda o‘sha choynakda choy ichgim keldi.
Taxmonning pardasini ko‘tarib, choynakni topdim. Uni olayotganimda jo‘mragi “shilq” etib uzilib tushdi. Kimdir uning jo‘mragini sindirib qo‘yganu, hech kim sezmasin, deb omonatgina joyiga o‘rnatib qo‘ygan shekilli.
Ertasi kuni choynakni ustaga chegalatishga olib bordim.
– O‘x-xo‘, bu mendan ham qari-ku, – fig‘oni ko‘kka chiqdi ustaning. – Buni chegalaguncha bahridan kechgan ma’qulov, inim?
– Onamdan qolgan yodgorlik, – dedim o‘pkam to‘lib. – Uni qo‘lga olsam onamni ko‘rgandek bo‘laman.
– Undoq bo‘lsa ikki kundan keyin kelasiz, – holatimni tushundi shekilli, usta biroz bo‘shashdi. – Ko‘zim yaxshi o‘tmaydi. Quyoshning yorug‘ida seki-i-i-in ishlayman…
Har kuni kechki payt dasturxon atrofida jamuljam bo‘lamiz. Ovqatlanib bo‘lgach, har kim o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bolalardan biri dars tayyorlashga o‘tirsa, boshqalari televizordan ko‘z uzishmaydi. Sekin tashqariga chiqib, oyoqlarim chigalini yozamanu, onamning hujrasiga kiraman. Olma gulli choynakka choy damlayman. Sochiq tashlangan choynakni kaftlarim orasiga olgancha xayol suraman. Eshikka ko‘z tikib, kimnidir qidiraman. Xuddi onam mening yo‘limga ko‘z tikkandek…

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 10-son