Portaldagi ma’lumotlar kaminaning 14-15 yillik qiziqish va intilishlari samarasidir. Yoshligimdan turli xil ajoyibu-g‘aroyibotlarga qiziqishim bois, dastavval kichik daftarlar, so‘ngra kundaliklarga ma’lumotlar yig‘ib yurardim. Mana shunday daftarlardan 7 tasi mavjud bo‘lib, unda 7 yillik axborotlar yig‘ilgan. Dastlabki yillar Ziyouz’da ham ana shu informatsiyalardan foydalanildi.
2004 yil, 9 aprel. Ziyouz portali ilk bor dunyo yuzini ko‘rdi. O‘shanda saytda 20 ta maqola mavjud edi. Ilk bor ziyouz portali ziyo-uz.land.ru manzili ostida faoliyat olib borgan. Yarim yil ichida saytdagi maqolalar soni 300 taga yetgan.
2004 yil, 8 dekabr. O‘zbek tilida ilk bor boshqotirmalar sayti ish boshladi. O‘shanda sayt manzili: ziyo.pochta.ru edi. O‘sha paytda saytga 100 ga yaqin krossvord, skanvord va boshqotirmalar kiritilgan.
2005 yil, 14 may. Saytda forum ishlay boshladi. Ziyo istagan qalblarning ilk forumi ziyouz.proboards20.com manzilida edi. Ushbu forum o‘zbek tilidagi ilk forumlardan biri edi.
2005 yil, 1 sentyabr. Land.rudagi bepul xostingga maqolalar sig‘maganligi bois sayt ziyouz-uz.narod.ru manziliga ko‘chirildi. O‘sha paytda saytdagi “Yangiliklar”, “Islom”, “Iqtisod”, “Siyosat”, “Ma’rifat”, “Ajoyibotlar” bo‘limlarida 500 dan ortiq maqola jamlangandi.
2006 yil, 25 yanvar. “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan “Ayb faqat yoshlardami?” maqolasida ziyo-uz.narod.ru sayti haqida iliq fikrlar bildirildi. Ushbu maqola portalimiz haqida rasmiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ilk xabar edi.
2006 yil, 12 iyun. Ziyouz portali rasman “mustaqillikka erishdi”. Turli bepul, lekin xarxashali xostinglardan qochib, mustaqil ravishda www.ziyouz.com nomi ostida yangidan faoliyat boshlandi. Dastlab ruweb.net’dan olingan xosting 50 Mb hajmda edi. Oyiga 1000 Mb trafik berilardi. Bu trafik esa oyning 10-15 kunida tugab qolar, qolgan kunlari sayt ishlamay turardi. Sayt avval html’da yasalgan edi. Yangi xostingga dastlab Joomla platformasi o‘rnatildi.
2006 yil, 13 iyun. Portaldagi Islom bo‘limi alohida ajratilib, islom.ziyouz.com manzilida faoliyat boshladi.
2006 yil, 14 iyun. Ziyouz forumi yangi manzilda ish boshladi: forum.ziyouz.com. Avvalgi forum yopilib, undagi mavzular mundarijasi yangi forumga ko‘chirildi. Avvalgi forumda 4000 ga yaqin a’zo, 15000 ga yaqin mulohaza mavjud edi.
2006 yil, 15 iyul. Birinchi o‘zbekcha krossvord, skanvord va boshqotirmalar sayti yangi manzilda faoliyat boshladi: kross.ziyouz.com.
2006 yil, 1 sentyabr. O‘zbek tilida ilk marta tabriknomalar sayti tashkil etildi: cards.ziyouz.com.
2007 yil, 27 mart. O‘zbekiston shaharlari fotogalereyasi tashkil etildi: photo.ziyouz.com. Galereyaga 730 ta rasm kiritildi.
2008 yil, 14 aprel. “O‘zbekiston” telekanalining “Assalom, O‘zbekiston!” dasturida www.ziyouz.com portali haqida lavha berildi.
2008 yil, 27 iyun. www.ziyouz.com portali tashkil etgan “Biz Islomni bilamizmi?” tanlovining 1-bosqichi yakunlandi. Unda Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. siyratlaridan 200 ta savol berildi. 52 kishi ishtirok etdi.
2008 yil, 17 dekabr. www.ziyouz.com portali tashkil etgan “Biz Islomni bilamizmi?” tanlovining 2-bosqichi yakunlandi. Unda Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. siyratlaridan 200 ta savol berildi. 29 kishi ishtirok etdi.
2009 yil, 15 yanvar. “Kelajak ovozi” gazetasida 1 sahifalik “www.ziyouz.com: Ziyo istagan qalblar uchun!” maqolasi chop etildi.
2009 yil, 4 fevral. www.ziyouz.com bilan hamkorlikda Xoja Ahmad Yassaviyning yangi topilgan hikmatlari hamda eski hikmatlar yig‘ilib, turk tiliga tarjima qilinib, “Divan-i Hikmet” nomi ostida (Dr. Hayati Bice tayyorlagan, 520 sahifa) Anqarada chop etildi. Ayni kitob 2011 yili ham 6-marta bosmadan chiqdi. Shuningdek, portalimiz bilan hamkorlikda Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Yusuf Hamadoniy asarlari ham turk tiliga tarjima qilindi.
2009 yil, 15 iyun. “Yoshlar” telekanalining “Davr yoshlari” ko‘rsatuvida Ziyouz portali haqida hikoya qilindi. Ayni shu reportaj “Toshkent” telekanalida ham namoyish etildi.
2009 yil, 14 iyul. “Ishonch” gazetasida www.ziyouz.com portali haqida “Taralayotgan ziyo” maqolasi chop etildi.
2009 yil, 20 oktyabr. “Jannatmakon” jurnalida “XXI asr yozma og‘zaki tili haqida o‘ylar” umumiy sarlavhasi ostida Ziyouz.com portali haqida ham 2 betlik maqola chop etildi.
2010 yil, 27 fevral. www.ziyouz.com portali tashkil etgan “Biz Islomni bilamizmi?” tanlovining 3-bosqichi yakunlandi. Unda Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. siyratlaridan 200 ta savol berildi. 36 kishi ishtirok etdi.
2010 yil, 12 iyul. Ziyo istagan qalblarning Youtube kanali ishga tushdi: www.youtube.com/user/ziyouzcom
2010 yil, 22 noyabr. www.ziyouz.com portali tashkil etgan “Biz Islomni bilamizmi?” tanlovining 4-bosqichi yakunlandi. Unda Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. siyratlaridan 200 ta savol berildi. 46 kishi ishtirok etdi.
2010 yil, 17 dekabr. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida www.ziyouz.com ma’naviy portalida Alisher Navoiyning “Xamsa”si to‘liq elektron variantda joylanganligi haqida xabar e’lon qilindi.
2011 yil, 14 aprel. “Jamiyat” gazetasida e’lon qilingan “Internetda ijod istiqboli” maqolasida www.ziyouz.com ning ma’lumotlar bazasi haqida eslab o‘tildi.
2011 yil, 27 may. Portalimiz bilan hamkorlikda Janubiy Koreyaning Pusan shahrida “Ona Vatan ertaklari” nomli kitob O‘zbek va koreys tillarida chop etildi.
2011 yil, 6 iyun. Ziyouz.com portali uznetda ham o‘z nomiga ega bo‘ldi: www.ziyouz.uz
2011 yil, 30 iyun. Portalimiz Facebook tarmog‘ida ham o‘z sahifasiga ega bo‘ldi: https://www.facebook.com/ziyouzcom
2011 yil, 15 avgust. AQShda chop etiladigan “Vatandosh” gazetasining “Foydali sayt” ruknida www.ziyouz.com haqida maqola chop etildi.
2011 yil, 23 sentyabr. www.ziyouz.com portali tashkil etgan “Biz Islomni bilamizmi?” tanlovining 5-bosqichi yakunlandi. Unda Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. siyratlaridan 140 ta savol berildi. 42 kishi ishtirok etdi.
2012 yil, 9 fevral. Ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan “O‘zbekiston” kanalining “Assalom, O‘zbekiston” dasturida Navoiy asarlarining internetda joylanishi mavzusida www.ziyouz.com haqida alohida ta’kidlandi.
2012 yil, 15 fevral. Ayni paytda portalimizdan 6184 ta ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar, 1532 ta elektron kitob o‘rin olgan.
Ziyouz.com bilan hamkorlikda Sharqiy Turkistonda birqancha o‘zbek asarlari tarjima qilindi. Shuningdek, jahon adabiyoti asarlari ham o‘zbek tili orqali uyg‘urchaga tarjima qilindi. Afg‘onistonda ham birqancha o‘zbek hikoya va qissalari eski o‘zbek tilida, eski yozuvda chop etildi. Shuningdek, jahon adabiyotidan hikoyalar ham o‘zbek tili orqali Afg‘onistondagi o‘zbeklar uchun eski o‘zbek tilida tayyorlandi. Turkiyada ilmiy ish o‘laroq O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” romani, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Jannati odamlar” romani, Oybekning “Qutlug‘ qon”, “Ulug‘ yo‘l” romanlari tarjima qilindi.
2012 yil, 6 aprel. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 1000 taga yetdi.
2012 yil, 30 aprel. BBC radiosining o‘zbek xizmati saytida www.ziyouz.com faoliyati haqida radio suhbat o‘tkazildi. Ushbu suhbat asosida radio saytida “Nega kutubxonalarimiz bozorlarimizday gavjum emas?” deb nomlangan intervyu chop etildi.
2012 yil, 18 iyul. «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 2012 yil № 5-sonida Jamoliddin Turdimovning «Uznet: o‘zbekcha gapiramiz» (O perspektivax i problemax oriyentatsii na uzbekskogovoryaщuyu auditoriyu) maqolasi e’lon qilindi. Maqolada Ziyouz.com portali muharriri Davronbek Tojialiyevning ham fikrlari e’lon qilinib, portal haqida ham iliq fikrlar bildirildi.
2012 yil, 20 avgust. O‘zbek interneti tarixida o‘zbek tilidagi eng ko‘p kitob kiritilgan kun bo‘ldi. Bugun ziyouz.com portaliga 152 ta yangi kitob yuklandi. Portalimizdagi jami kitoblar soni 2135 tani tashkil etdi! Bundan oldingi rekord 2011 yil, 5 fevral kuni o‘rnatilgan edi. O‘shanda portalga bir kunda 81 ta yangi kitob yuklangan edi.
2012 yil, 24 sentyabr. UZ Milliy domeni Internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2012 yil, 6 dekabr. Elektron kitoblarimiz soni 3000 dan oshdi.
2013 yil, 13 yanvar. BBC saytida «O‘zbek tilidagi eng mashhur veb-sayt qaysi?» deb nomlangan maqola e’lon qilindi. Unda ziyouz.com portali faoliyati yoritildi.
2013 yil, 8 mart. «O‘znet yoki O‘zbekcha gapiramiz» maqolasi o‘zbek tilida e’lon qilindi.
2013 yil, 9 aprel. Ayni paytda www.ziyouz.com portalidan 13867 ta ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar, 3367 ta elektron kitob o‘rin olgan.
2013 yil, 11 aprel. Ziyouzda e’lon qilingan «Harlem Shake: bema’nilik ildizi qayerda?» maqolasi yuzasidan AQShning «Washington Post» gazetasi munosabat bildirdi. Shuningdek «Vatandosh» gazetasi ham maqola bo‘yicha xulosalarini chop etdi.
2013 yil, 16 aprel. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 3000 dan oshdi.
2013 yil, 3 may. 3 may — Jahon matbuoti erkinligi kunida bo‘lib o‘tgan “Oltin qalam” VIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida www.ziyouz.com, www.ziyouz.uz veb-saytlari bosh muharriri Davronbek Tojialiyevga ushbu mukofot topshirildi.
2013 yil, 23 may. Respublika “Kitob bayrami”da www.ziyouz.com ham qatnashdi. Portal muharriri “Kitob – millatning bebaho madaniy merosi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferentsiyada “Jahon internet tarmog‘ida milliy-adabiy merosni targ‘ib qilishning dolzarb vazifalari” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
2013 yil, 5 iyun. «Hurriyat» gazetasida «www.ziyouz.com: Ziyo istagan qalblar uchun» maqolasi chop etildi. Maqolada internet, kitob mutolaasi va targ‘iboti masalalari yoritilib, Ziyouz.com faoliyati ijobiy baholandi.
2013 yil, 9 iyul. Openstat ma’lumotlariga ko‘ra, shu kuni portal tarixida eng ko‘p – 9500 kishi tashrif buyurdi.
Tashrif buyuruvchilar: 9 505. Tashriflar: 11 115. O‘qilgan sahifalar: 31 982
2013 yil, 12 iyul. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Ziyouz.com portali haqida «Xalqaro e’tirof» maqolasi chop etildi.
2013 yil, 1 avgust. Respublika «Mash’al» radiosining «Hamma uchun» dasturida www.ziyouz.com faoliyati yoritildi.
2013 yil, 8 avgust. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 4000 dan oshdi.
2013 yil, 24 avgust. O‘zbek interneti tarixida eng ko‘p yangi kitob kiritilgan kun. Bugun www.ziyouz.com portaliga 205 ta yangi kitob yuklandi. Portalimizdagi jami kitoblar soni 3739 taga yetdi!
2013 yil, 29 avgust. «Ma’naviyat va ma’rifat» telekanalining «Bugun» dasturida «Ziyo istagan qalblar uchun» saytining faoliyati haqida lavha uzatildi.
2013 yil, 30 avgust. Portaldagi elektron kitoblar soni 4000 dan oshdi. Ziyouz.comdagi jami kitoblar soni 4110 tani tashkil etdi. Ulardan 2458 tasi turli mavzudagi PDF kitoblar, 140 tasi darsliklar, 446 tasi jurnallar, 568 tasi audiokitoblar, 69 tasi mobil telefonlar uchun kitoblar hamda 429 tasi rus tilidagi o‘zbek adabiyoti va tarixiga bag‘ishlangan kitoblardir.
2013 yil, 16 sentyabr. Ziyo istagan qalblar portali Android platformasi uchun ham elektron kitoblarni chiqara boshladi. Google Play Marketda portalning sahifasi ochildi.
2013 yil, 23 sentyabr. UZ Milliy domeni Internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali ketma-ket ikkinchi yil birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2013 yil, 24 sentyabr. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan qator vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan Milliy Internet tanlovining “O‘zbekistonning boy madaniyati, san’ati, tarixi va mustaqillik g‘oyasini aks ettiradigan eng yaxshi sayt” nominatsiyasida Ziyouz portali ikkinchi o‘rinni egalladi.
2013 yil, 10 oktyabr. “Parvona” gazetasida www.ziyouz.com faoliyati haqida “Moddiy manfaat yo‘q bo‘lsa ham ma’naviy foyda katta” nomli maqola e’lon qilindi.
2013 yil, 3 dekabr. “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Bizning yoshlar” ko‘rsatuvi www.ziyouz.com rahbari faoliyati hamda “Ziyo istagan qalblar uchun!” portaliga bag‘ishlandi.
2013 yil, 26 dekabr. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 5000 dan oshdi.
2014 yil, 3 yanvar. Openstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda www.ziyouz.com portaliga tashrif buyurganlar soni 2 300 000 dan oshgan (kuniga o‘rtacha 6300 kishi). 40 000 000 sahifa o‘qildi. Ziyouz portali raqamlarda – 2015 yil hisoboti e’lon qilindi.
2014 yil, 30 yanvar. Portal yangi xostingda ish boshladi. n.ziyouz.com, islom.ziyouz.com, forum.ziyouz.com saytlari dizayni ham yangilandi.
2014 yil, 31 yanvar. 2013 yili portalda e’lon qilingan ikki maqola uchun (Germaniyada Islom: kecha va bugun, AQShda Islom: kecha va bugun) www.ziyouz.com rahbari Germaniya federativ respublikasi va Amerika qo‘shma shtatlari elchixonalari tomonidan tashkil etilgan jurnalistlar tanlovida g‘olib bo‘ldi.
2014 yil. 9 aprel. “Ziyo istagan qalblar”ning 10 yilligi munosabati bilan kichik tanlov e’lon qilindi. Tanlov www.ziyouz.com ga bag‘ishlanib, portal haqida maqola, fikr, xotira, she’r, tabrik, rolik, rasm, kollajlar taqdim etildi. Eng yaxshi taqdim egasi O‘zMU talabasi Akrom Malikka fleshka va kitoblar hadya etildi.
2014 yil, 22 may. Respublika “Kitob bayrami”da www.ziyouz.com ham qatnashdi. Portal muharriri “Kitob – millatning bebaho madaniy merosi” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferentsiyada “O‘zbekistonda elektron kitoblar bozori istiqbollari” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
2014 yil, 3 iyun. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 6000 dan oshdi.
2014 yil, 22 sentyabr. UZ Milliy domeni Internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali ketma-ket uchinchi yil birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2014 yil, 19 oktyabr. O‘zbek interneti tarixida eng ko‘p yangi kitob kiritilgan kun. Bugun www.ziyouz.com portaliga 486 ta yangi kitob yuklandi. Portalimizdagi jami kitoblar soni 4949 taga yetdi!
Bundan oldingi rekordlar 2013 yil 24 avgust (205 ta yangi kitob), 2012 yil 20 avgustda (152 ta yangi kitob) va 2011 yil, 5 fevral kuni o‘rnatilgan edi (81 ta yangi kitob).
2014 yil, 21 noyabr. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 7000 dan oshdi.
2014 yil, 1 dekabr. Portaldagi elektron kitoblar soni 5000 dan oshdi. Ziyouz.comdagi jami kitoblar soni 5041 tani tashkil etdi. Ulardan 2677 tasi turli mavzudagi PDF kitoblar, 149 tasi darsliklar, 1035 tasi to‘plam va jurnallar, 626 tasi audiokitoblar, 89 tasi mobil telefonlar uchun kitoblar hamda 465 tasi rus tilidagi o‘zbek adabiyoti va tarixiga bag‘ishlangan kitoblardir.
2014 yil, 1 dekabr. Ziyouz.com portali asoschisi Davronbek Tojialiyev “O‘zbekiston” kanalining “Assalom O‘zbekiston” dasturida kitobxonlik, mutolaa madaniyati va ziyo portali haqida hikoya qildi.
2015 yil, 1 yanvar. Openstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yilda www.ziyouz.com portaliga tashrif buyurganlar soni 2 336 786 nafarni tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 6402 kishi). Ziyouz portali raqamlarda – 2015 yil hisoboti e’lon qilindi.
2015 yil, 7 fevral. Xostingdagi uzilishlar tufayli www.ziyouz.uz sayti avval Uzinfocom’dan Active Cloud’ga, so‘ng Godaddy’ga ko‘chirildi. www.ziyouz.uz sayti yangi dasturiy ta’minot va dizayn bilan qayta ishga tushdi.
2015 yil, 21 may. Portalning Facebook sahifasida kichik tanlovlar silsilasi boshlandi. Viktorina tarzida kechadigan tanlov g‘oliblariga kitoblar taqdim etildi.
2015 yil, 29 may. Respublika “Kitob bayrami”da www.ziyouz.com ham qatnashdi. Portal muharriri «Kitob – millatning bebaho ma’naviy va madaniy merosi» mavzuidagi ilmiy-amaliy konferentsiyada “Kitobxonlikni rivojlantirishda internetdan foydalanish samaralari” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
2015 yil, 31 may. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 8000 dan oshdi.
2015 yil, 5 dekabr. Ziyouz.com kutubxonasida oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari darsliklari uchun alohida bo‘lim ochildi. Unga 19 yo‘nalishda 180 ta kitob kiritildi.
2015 yil, 7 dekabr. Portaldagi elektron kitoblar soni 6000 dan oshdi. Ziyouz.comdagi jami kitoblar soni 6124 tani tashkil etdi.
2016 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda Ziyouz portaliga tashrif buyurganlar soni 2 814 610 nafarni (www.ziyouz.com – 2 547 651; www.ziyouz.uz – 266 959) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 7711 kishi). Ziyouz portali raqamlarda – 2015 yil hisoboti e’lon qilindi.
2016 yil, 1 fevral. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 10000 kishidan oshdi.
2016 yil, 5 fevral. Buyuk mutafakkir, o‘zbek adabiyotining yorqin namoyondasi Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan www.ziyouz.com portali shoirning g‘azallari jamlangan audiomajmuani taqdim etdi. Ushbu audiomajmuaga 623 g‘azaldan iborat MP3 formatdagi audioyozuvlar kiritildi.
2016 yil, 23 aprel. www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari e’lon qilgan “Eng go‘zal hikoyatlar” tanlovi yakunlandi. Tanlovga 329 ta ibratli hikoyatlar tarjimalari taqdim etildi. Ularning 38 tasi arab tilidan, 28 tasi ingliz tilidan, 232 tasi turk tilidan, 30 tasi rus tilidan, bittasi qozoq tilidan qilingan tarjimalardir.
2016 yil, 17 may. www.ziyouz.uz sayti 4-marta xakerlar hujumiga uchradi. Tashqi dasturiy xavflar sabab mulohaza qo‘shish paneli o‘chirildi.
2016 yil, 24 iyul. www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari e’lon qilgan “Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanlovi yakunlandi. Tanlovga jami 57 nafar muallifning 93 ta hikoyasi kelib tushdi.
2016 yil, 1 oktyabr. “Mahalla” kanalining “Javondagi javohir” ko‘rsatuvida www.ziyouz.com portali asoschisi Davronbek Tojialiyev mutolaa madaniyati va bu borada portalda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
2016 yil 14-17 noyabr. Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan “4. Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari konferentsiyasi”da Ziyouz elektron kutubxonasi ham ishtirok etdi.
2016 yil 26 dekabr. Tinimsiz xakerlik hujumlaridan so‘ng www.ziyouz.uz sayti boshqa veb-platformaga o‘tkazildi. Yangi platformada ishlash tezligi bir necha baravarga oshirildi.
2017 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Ziyouz portaliga tashrif buyurganlar soni 3 472 196 nafarni (www.ziyouz.com — 3 059 074; www.ziyouz.uz — 413 122) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 9512 kishi). 2016 yilda portalda o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar ro‘yxati e’lon qilindi.
2017 yil 6 yanvar. www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari e’lon qilgan “Mahbub Payg‘ambar (s.a.v.)” nomli siyrat tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Tanlovga Olamlarga rahmat Payg‘ambar (s.a.v.) madh etilgan va siyratlari bayon qilingan she’r, na’t, manzuma, maktub, dil izhori, infografika, ilmiy maqolalardan iborat jami 92 ta ijodiy ish kelib tushdi.
2017 yil, 30 yanvar. Portalimizdagi elektron kitoblar soni 8000 dan oshdi.
2017 yil, 17 aprel. Facebook tarmog‘idagi muxlislarimiz soni 15000 kishidan oshdi.
2017 yil, 2 may. Portalning Telegram tarmog‘idagi kanali ochildi.
2017 yil, 26-27 iyun. Astana shahrida Expo-2017 doirasida «O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat» xalqaro simpoziumida Ziyouz elektron kutubxonasi ma’ruza bilan ishtirok etdi.
2017 yil, 14-18 avgust. Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Yevroosiyo Yozuvchilar uyushmasi tashkil etgan «Turk dunyosi yosh yozuvchilari uchrashuvi»da Ziyouz ma’rifiy portali ishtirok etdi.
2017 yil, 12-13 sentyabr. Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida o‘tkazilgan “Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi”da Ziyouz ma’rifiy portali ilk bor ishtirok etdi.
2017 yil, 23 oktyabr. Ziyouz.com kutubxonasida “Qoraqalpoq kutubxonasi” bo‘limi ochildi. Unga qoraqalpoq tilidagi 161 ta kitob kiritildi. Bo‘limdan qoraqalpoq folklori, she’riyati, tiliga oid kitoblar, maktab darsliklari o‘rin olgan.
2017 yil, 23 oktyabr. Portalimizdagi elektron kitoblar soni 9000 dan oshdi.
2017 yil, 15 dekabr. Ziyouz.com kutubxonasida “Bibliografik nashrlar” bo‘limi ochildi. Unda respublikamizda nashr etilgan gazeta, jurnal va kitoblar haqida bibliografik ma’lumotlar o‘rin olgan kitoblar joylashtirildi. Portalimizdagi elektron kitoblar soni 10000 dan oshdi.
2018 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Ziyouz portaliga tashrif buyurganlar soni 4 001 426 nafarni (www.ziyouz.com — 3 407 265; www.ziyouz.uz — 594 161) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 10963 kishi). 2017 yilda portalda eng ko‘p o‘qilgan kitoblar, o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar, eng sara sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi.
2018 yil 17-19 aprel. Turkiyaning Kastamonu shahrida «9-Turk dunyosi adabiy nashrlari kongressi» bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Iroq, Makedoniya, Kosovo davlatlaridan, Boshqirdiston, Tatariston, Gagauziya, Qrim o‘lkalaridan 26 adabiy nashr muharrirlari ishtirok etdi. Bu kongressda ikkinchi bor Ziyouz adabiy portali ham ishtirok etdi. Portalda amalga oshirilayotgan ishlar va adabiy hamkorlik haqida sayt muharriri Davronbek Tojialiyev ma’ruza qildi.
2018 yil 17 may. www.uz ma’lumotlariga ko‘ra shu kuni portal tarixidan eng ko‘p – 34313 kishi www.ziyouz.com saytimizga kishi tashrif buyurdi.
2018 yil 11 iyun. www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari e’lon qilgan “Eng go‘zal hikoyatlar-2” tanlovi yakunlandi. Unda muxlislar eng go‘zal hikoyatlar tarjimasi va o‘zlari hamda yaqinlari hayotida yuz bergan real voqeliklar tasvir etilgan hikoyalar bilan ishtirok etdilar.
2018 yil 20 iyun. Vaqf xayriya jamoat fondi va Ziyouz.uz o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
2018 yil 27 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Ziyouz.uz sayti muharriri Davronbek Tojialiyev “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
2018 yil 7 iyul. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Ziyouz.uz sayti hamkorligida ozarbayjonlik mashhur shoirlar Ajdar O‘l va Salim Bobullo o‘g‘li bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
2018 yil 25 sentyabr. Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan Mahmud Koshg‘ariy nomidagi V xalqaro hikoyalar tanlovining O‘zbekiston bosqichi yakunlandi. Xalqaro ijodiy bellashuvning O‘zbekiston bosqichi www.ziyouz.uz portali tomonidan tashkil etildi.
2019 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda Ziyouz portaliga tashriflar soni 5 552 961 tani (www.ziyouz.com — 4 707 615; www.ziyouz.uz — 845 346) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 15313 kishi). 2018 yilda portalda eng ko‘p o‘qilgan kitoblar, o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar, eng sara sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi.
2019 yil, 20 fevral. Ziyouz.com portalida e’lon qilingan jahon xalqlari maqollari jamlanib, “O‘qituvchi” nashriyotida “Jahon xalqlari maqollari” (to‘plovchi va tarjimon Davronbek Tojialiyev) nomi bilan 10000 nusxada chop etildi.
2019 yil, 9 aprel. Ziyouz.com portali tashkil etilganiga 15 yil to‘ldi.
2020 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Ziyouz portaliga tashriflar soni 5 752 724 tani (www.ziyouz.com — 4 750 055; www.ziyouz.uz — 1 002 669) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 15 760 kishi). 2019 yilda portalda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar, o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar, eng sara sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi.
2020 yil, 15 avgust. Ziyouz.com portalida e’lon qilingan jahon xalqlari maqollari “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Sakkiz elning son-sanoqsiz o‘giti” to‘plamida chop etildi. To‘plamdagi hind, xitoy, rus xalq maqollari Davronbek Tojialiyev tarjimasida nashr etildi.
2021 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Ziyouz portaliga tashriflar soni 6 154 317 tani (www.ziyouz.com — 5 031 909; www.ziyouz.uz — 1 122 408) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 16 861 kishi). 2020 yilda portalda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar, o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar, eng sara sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi.
2021 yil, 16 noyabr. Ziyouz.com portalida chop etilgan maqolalar, tadqiqotlar va ma’lumotlar asosida tayyorlangan, portal muharriri Davronbek Tojialiyev tomonidan yozilgan “Kitob haqida kitob” risolasi (240 bet) “Akademnashr” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi. Undan kitob va kitobxonlik haqidagi maqolalar, “Ziyolilar nima o‘qiyapti?”, “Yoshlar nima o‘qiyapti?”, “O‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalarini aniqlaymiz” nomli tadqiqotlar, yurtimiz ziyolilari bilan kitobxonlik borasidagi suhbatlar, shuningdek, jahon nashrlari e’lon qilgan eng sara kitoblar haqida ma’lumot berilgan.
2022 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Ziyouz portaliga tashriflar soni 5 531 679 tani (www.ziyouz.com — 4 107 127; www.ziyouz.uz — 1 424 552) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 15 155 kishi). 2021 yilda portalda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar, o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar, eng sara sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi.
2022 yil, 25 avgust. Portal muharriri Davronbek Tojialiyevning “Kitob haqida kitob” risolasi (272 bet) to‘ldirilgan ikkinchi nashri “Akademnashr” nashriyotida 3000 nusxada nashrdan chiqdi.
2022 yil, 30 avgust. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Vatan uchun yashaylik!” Respublika tanlovida portal muharriri Davronbek Tojialiyev “Kitob haqida kitob” to‘plami uchun rag‘batlantiruvchi mukofot bilan taqdirlandi.
2022 yil, 2 sentyabr. YouTube tarmog‘idagi “Osmondagi bolalar” loyihasida O‘zbekistondagi eng katta onlayn o‘zbek kutubxonasi asoschisi Davronbek Tojialiyev bilan suhbat e’lon qilindi.
2022 yil, 15 sentyabr. “Ma’naviy hayot” jurnalining 3-sonida Ziyouz.uz muharriri bilan 6 sahifalik suhbat e’lon qilindi. Unda axborot kelajagi, media olamda xavfsizlik, axborot ishonchliligi kabi omillar, kitob targ‘iboti mavzulari haqida so‘z boradi.
2022 yil, 19 oktyabr. “Ma’rifat” gazetasining 41-42 sonlarida portal muharriri Davronbek Tojialiyevning “Milliy ma’lumot makoni manzaralari” maqolasi chop etildi. Maqolada muallif portal va O‘znet tarixiga nazar tashlagan.
2022 yil 26 dekabr. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan «WikiStipendiya» marafonida portal bosh muharriri Davronbek Tojialiyev o‘zbek tiliga qo‘shayotgan hissasi uchun “til jonkuyari” deya e’tirof etilib, tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
2023 yil, 1 yanvar. Google Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Ziyouz portaliga tashriflar soni 6 384 653 tani (www.ziyouz.com — 4 787 412; www.ziyouz.uz — 1 597 241) tashkil etdi (kuniga o‘rtacha 17 492 kishi). 2022 yilda portalda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar, o‘zbek va jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar, eng sara sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi.