Jansug Charkviani (1931-2017)

Jansug Charkviani (ჯანსუღ ჩარკვიანი) – gruzin shoiri. 1931 yil 30 sentyabrda Tbilisida tug‘ilgan. Tbilisi davlat universitetini tamomlagan (1953). Ilk she’riy kitobi 1959 yili “Bir kechaning sukuti” nomi bilan chop etilgan. 1989 yili yozgan “Hurlik madhiyasi” she’ri mashhur bo‘lgan.

ILHOMIMGA

Sen tashlab ketmassan meni hech qachon,
Olovning ichida qolsam nogahon,
Sen meni qutqarib qolmog‘ing ayon,
Faqat sen, meni hech tashlab ketmassan.

Bozorning qizigan dami bu soat,
Sotilar kayfiyat, imon, diyonat.
Sotilmay qolgan bir sen bo‘lding faqat,
Faqat sen, meni hech tashlab ketmassan.

Bir sening eshiging ochiq men uchun,
Bitta sen chorlaysan meni kunu tun.
Bir senga qolgandir ishonchim butun,
Faqat sen, meni hech tashlab ketmassan.

Ruschadan Mashrab Boboyev tarjimasi.