“Yulduzli tunlar” romani ingliz tilida chop etildi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Yulduzli tunlar” romanining inglizcha nashri (“Babur: Starry Nights”) chop etildi. Loyiha Islom Karimov nomidagi fond tomonidan amalga oshirilgan.

Romanni britaniyalik mutarjim Kerol Yermakova ingliz tiliga o‘girgan, tarjima matni Juli Uikenden tomonidan tahrir qilingan. Taniqli rassom Bobur Ismoilov esa nashr uchun suratlar ishlagan. Kitob Frantsiyaning “Nouveau Monde Editions” nashriyotida chop etilgan.

Atoqli shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) hayotiga bag‘ishlangan tarixiy roman 1972 yilda yozilgan. Pirimqul Qodirov ushbu romani uchun 1982 yilda Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

“Yulduzli tunlar” asari rus, yapon, hind, urdu, turk, qozoq, uyg‘ur, turkman tillariga ham tarjima qilingan.