Bugun, 20 aprel kuni AQShning Toshkentdagi elchisi Deniel Rozenblyum O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qiymati 2,25 million dollarga teng 50 ta “Toyota Hilux” va “Fortuner” rusumli avtomashina topshirdi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati xabar berdi.
Chegara qo‘shinlari nomidan avtomashinalarni qo‘mondon o‘rinbosari, polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib oldi. Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi vakillari ham ishtirok etdi.
Ushbu transport vositalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilindi. Bu – AQShning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.
“2001 yilda AQSh va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon mamlakatlarimiz yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda. Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, topshirilayotgan avtomashinalar O‘zbekiston davlat chegarasi va “yashil chegara”ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytirish imkonini beradi”, – dedi elchi D.Rozenblyum o‘z nutqida.
1994 yili tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi AQSh hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi. Ushbu jamg‘arma vazifalarni ishonchli, xavfsiz va tejamkorlik bilan amalga oshirishda strategiya ishlab chiqish, muzokaralar olib borish, dasturlarni boshqarish, moliyaviy operatsiyalar va shartnomalarni bajarish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Shu mavzudagi maqolalar:
AQSh Maxfiy xizmati va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jinoyatlarga qarshi hamkorlikda kurashadi. 16.03.2018
AQSh O‘zbekiston bojxona idorasiga zamonaviy jihozlar taqdim etdi. 27.02.2018
Farg‘ona vodiysidagi fuqarolik sudlari zamonaviy multimedia uskunalari bilan ta’minlandi. 17.10.2017