9 mart kuni Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida grant shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatni Yaponiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Shinsuke Toda va Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi 35-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Shahodat Tojimatova imzoladi.
Bitim doirasida mazkur bog‘cha 40814 dollarlik o‘quv jihozlari bilan ta’minlanadi.
Yaponiya elchixonasiga ko‘ra, grant dasturi O‘zbekistonda e’lon qilingan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” yo‘nalishlari va hukumatning ta’limga doir ustuvor maqsadlariga mos keladi.
Kunchiqar o‘lka O‘zbekistonda 1995 yildan buyon sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida 420 ga yaqin loyihani amalga oshirib kelmokda. Ularning umumiy qiymati 28 million dollardan ziyodni tashkil etadi.
Avvalroq Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish” dasturi doirasida mamlakatimizdagi uchta ta’lim maskaniga 140165 dollar miqdorida grant ajratilgan edi.
Mavzuga doir maqola:
Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida muhim hujjat imzolandi. 29.08.2022