Yapon madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar turkumi o‘zbek tilida namoyish etiladi

Joriy yil 17–22 aprel kunlari soat 17:00 da “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida Yaponiya fondi bilan hamkorlikda “Wa! Journey! Wonderful Japanese Culture” deb nomlangan ko‘rsatuvlar turkumi efirga uzatiladi. Bu haqda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

6 qismli hujjatli filmda Yaponiyaning port shaharlariga xos madaniy an’analar haqida hikoya qilinadi.

Singapurlik muxbir hamda malayziyalik operator yapon madaniyatiga xos “Wa” (uyg‘unlik) fenomenini o‘ziga xos tarzda ochib beradi. Ushbu fenomen tarix va bugungi kun, an’anaviy hamda zamonaviy madaniyat mushtarakligini aks ettiradi.

“Wa! Journey! Wonderful Japanese Culture” ko‘rsatuvlari 2021 yil sentyabr oyida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Yaponiya fondi o‘rtasida tuzilgan bitim doirasida taqdim etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Yaponiya fondi Kunchiqar o‘lka hamda dunyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida, san’at va madaniyat, yapon tilida tahsil, Yaponiyani kashf etish va intellektual almashuv kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda.