22 sentyabr kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida UZ milliy domeni internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Festival O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ko‘magida “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi hamda “InfoCOM.UZ” jurnali tomonidan tashkil etildi.
Bu yilgi festival tanloviga 800 dan ortiq ariza kelib tushgan va unda 549 sayt ishtirok etdi. Shuningdek, joriy yil ilk marta festival doirasida mamlakatimiz dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan eng yaxshi mobil ilovalar va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar ham taqdirlandi.
Internet-festival mamlakatimizda 2001 yildan boshlab, o‘zbekcha saytlarni rivojlantirishni maqsad qilgan UZ Milliy domeni Internet-festivali esa 2007 yildan boshlab o‘tkazib kelinadi.
Tanlovning “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida www.ziyouz.uz portali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2004 yili faoliyat boshlagan portal bugungi kunda o‘zbek tilidagi eng katta ma’naviy manbaga aylangan. Unda 5000 dan ortiq elektron kitob, 15000 dan ortiq ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar o‘rin olgan.
2012, 2013 yilgi tanlovlarda ham ushbu yo‘nalishda www.ziyouz.uz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.