O‘zbekistondan Ozarbayjonga safar qilganlar soni 6 baravar oshdi

2022 yilda O‘zbekistondan Ozarbayjonga safar qilganlar soni 6 baravarga oshdi. Shu tariqa O‘zbekiston fuqarolari Ozarbayjonga eng ko‘p tashrif buyurgan mamlakatlar orasida 11-o‘rinni egalladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjonga o‘tgan yili 178 mamlakatdan 1 mln 602 ming xorijlik tashrif buyurgan. Bu 2021 yilga qaraganda ikki baravar yuqori ko‘rsatkichdir (791 ming).

Ozarbayjon davlat turizm agentligi rahbari  Fuad Nagiyev 2026 yilga qadar yillik sayyohlar ko‘rsatkichi 4 millionga yetkazilishini ma’lum qilgan. Ayni choqda, ichki turizm salohiyati 6 millionni tashkil etadi.

Sharqu G‘arb chorrahasida joylashgan Ozarbayjon Buyuk ipak yo‘lining muhim shoxobchasi sifatida asrlar davomida savdogarlar va sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelgan. Entoni Jenkinson (XVI asr), Afanasiy Nikitin (XV asr) kabi mashhur sayyohlar ushbu o‘lkada mehmon bo‘lgan. Ulug‘ yozuvchi va sayyoh Aleksandr Dyuma ham Ozarbayjon bo‘ylab sayohat qilgan.

Boy tarixiy-madaniy merosga ega mamlakat dunyoning turli mintaqalaridan sayyohlarni jalb etmoqda. Kaspiy dengizi, mo‘tadil iqlim va betakror tabiat manzaralari esa plyaj, ov turizmlarini rivojlantirish imkonini beradi.

Poytaxt Bokuning eski shahar qismi – “Icheri sheher” tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasidagi qator tarixiy obidalar YuNESKOning butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Sheki, Gabala, Naxichevan, Ganja kabi shaharlar ham sayyohlik markazlari sanaladi. Ayni paytda ishg‘oldan ozod etilgan Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur mintaqalarida sayyohlikni rivojlantirish dasturi amalga tatbiq etilmoqda.