Joriy yil 28 fevral kuni Toshkentda Xalqaro yuristlar komissiyasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz hamkorligida O‘zbekistonda BMT shartnomalarining bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan xalqaro jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Milliy va xalqaro ekspertlar implementatsiya masalasini Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konventsiya misolida ko‘rib chiqdilar. Muhokamalarda BMTning shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan berilgan so‘nggi tavsiyalari ijrosini O‘zbekistonda samarali monitoring qilish va muvofiqlashtirishni ta’minlash uchun zaruriy choralar ko‘rib chiqildi.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi, jumladan, qonunchilik islohotlari va inson huquqlari bo‘yicha bir qancha xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilindi. BMTning nogironlar huquqlari bo‘yicha konventsiyasi bu boradagi so‘nggi hujjatlar sirasiga kiradi. O‘ylaymizki, bugungi muhokamalar O‘zbekistonda barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarni samarali himoya qilish bo‘yicha mavjud muvofiqlashtirishni yanada takomillashtirish va yechimlarni aniqlash imkonini beradi”, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.
Evropa va Markaziy Osiyo dasturining xalqaro huquqshunoslar komissiyasi direktori v.v.b. Temur Shokirovga ko‘ra, BMTning shartnomaviy tuzilmalari tavsiyalarining bajarilishini nazorat qilish nafaqat xalqaro majburiyat, balki BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomalariga a’zo bo‘lgan har qanday ishtirokchi davlat uchun ma’naviy mas’uliyatdir. Ishtirokchi davlatlar BMTning nufuzli organlari tavsiyalarining to‘liq bajarilishi uchun javobgardir. Aks holda, shaxslar va guruhlar inson huquqlarining buzilishi xavfi ostida qoladi.
“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishi insonning asosiy huquq va erkinliklarini, jumladan, ayollar, bolalar va yoshlar, shuningdek, alohida ehtiyojli shaxslar huquqlarini ta’minlashdan iborat. Shu bilan birga, davlat, fuqarolik jamiyati, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida bugungi xalqaro ekspert muhokamasining o‘tkazilishi mazkur qarorning ijrosini muvofiqlashtirish va monitoring qilish sohasida ilg‘or tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili v.v.b. Fabio Piana shartnoma organlari tomonidan berilgan tavsiyalarni amalga oshirish hukumat, inson huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil milliy institutlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xalqaro hamjamiyat o‘rtasida hamkorlikni talab qilishini urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, tadbir Yevropa Ittifoqining Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha Yevropa instrumenti (EIDHR) orqali moliyalashtirilayotgan va Xalqaro yuristlar komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda xalqaro huquqni qo‘llash sifatini oshirish” (EQUAL ) loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonda kamsitilishga moyil bo‘lgan guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishga ko‘maklashishdan iboratdir.