Joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 30 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda Turkiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Mehmet Sureyya Er uchrashuvida ma’lum qilingan.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri A.Komilov Turkiyaning yangi tayinlangan elchisidan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilar ekan, uning diplomatlik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘z navbatida, Mehmet Sureyya Er qutlov uchun minnatdorchilik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solajagini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 2018 yil may oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan samarali muzokaralari davlatlararo munosabatlarda yangi sahifa ochgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda joriy yildagi qo‘shma tadbirlar rejasi va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. 2019 yilda O‘zbekiston-Turkiya siyosiy muloqotining asosiy voqeasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 40 foizga o‘sib, 2 milliard 172 million AQSh dollarini tashkil etdi. Mamlakatimizga 75 mingga yaqin Turkiya vatandoshlari tashrif buyurdi, bu esa o‘tgan yilga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘pdir. Bu kabi ijobiy o‘zgarish o‘zaro munosabatlarning boshqa sohalarida ham kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Mehmet Sureyya Er (Mehmet Süreyya Er) 2018 yil dekabrda Turkiya Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi. Mehmet Sureyyo Er 2012-2018 yillarda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Unga qadar Turkiya Bosh vaziri idorasida xalq diplomatiyasi boshqarmasida mas’ul lavozimda ishlagan. 2004−2010 yillarda esa AQShdagi Michigan universitetida (AQSh) turkiyshunoslik fanidan dars bergan. Falsafa doktori (PhD) Mehmet Sureyya Er o‘zbek, ingliz, frantsuz, arab, rus, fors hamda boshqa tillarni biladi.
C.Calim tayyorladi