Bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Toshkentda Germaniya federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan uchrashdi.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, suhbat chog‘i O‘zbekiston–Germaniya kun tartibining hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Germaniya tomoniga asosiy ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo etib belgilangan O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy jihatlari va erishilgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, tashrif va tajriba almashish amaliyotini davom ettirish, turli yo‘nalishlarda qo‘shma tadbirlar tashkil etishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani ma’lum qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Germaniya bozoriga keng turdagi sifatli va raqobatbardosh O‘zbekiston mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish, Germaniyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Vazirlar inson huquqlarini ta’minlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi haqida yakdil bo‘ldilar. Shu nuqtai nazardan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Germaniya Inson huquqlari instituti o‘rtasida muloqot o‘rnatish zarurligi qayd etildi.
Muloqot davomida madaniy-gumanitar soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza etish masalalari ham muhokama etildi.