O‘zbekiston–Malayziya: hamkorlikda yangi istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022 yilda 15,9 foizga oshdi. Bu haqda 1 fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov hamda Malayziyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda 2022 yilda turli sohalardagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilingan va 2023 yilga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Xususan, 2023 yilda iqtisodiyot, savdo, turizm va ta’lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingan.

Qayd etilishicha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlik ikki davlat salohiyatiga mos kelmaydi. Shunga ko‘ra, vazir va elchi uchrashuvida iqtisodiy diplomatiyaning qo‘shma mexanizmlarini takomillashtirish, xususan, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi qo‘shma savdo qo‘mitasi faoliyatini qayta tiklash yuzasidan fikr almashilgan.

Muzokarada madaniy-gumanitar, ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo robitalarni rivojlantirish, ziyorat turizmi sohasida sayyohlik almashinuvini yanada oshirish zarurligi ham ta’kidlangan.

Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 1 yanvarda tan olgan. 1992 yil 21 fevral kuni o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1992 yil va Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammadning 1993 yilgi rasmiy tashriflarida do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikning tamal toshi qo‘yilgan. 2003 yilda yurtimizga Malayziya podshohi Tuanku Sayed Sirajuddin Sayed Jamalullayl tashrif buyurgan.

Shuningdek, 2005 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Malayziyaga, 2008 yil noyabrda Malayziya bosh vaziri Ahmad Badaviyning O‘zbekistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan.

2020 yil fevral oyida Malayziya parlamentida Malayziya–O‘zbekiston do‘stlik guruhi tashkil etilgan. 2020 yil may oyida esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston–Malayziya parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyat boshlagan.

Savdo-iqtisodiy rishtalar ham tobora mustahkamlanmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda Malayziya sarmoyasi ishtirokida 35 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Mavzuga doir maqolalar:

Malayziya elchisi MTCP kurslari bitiruvchilariga sertifikat topshirdi. 27.06.2022

O‘zbekiston–Malayziya: hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. 19.05.2022

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. 21.02.2022