O‘zbekiston JICA bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Tokioga tashrifi davomida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Junichi Yamada bilan uchrashdi.

TIV matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokara chog‘i O‘zbekiston va JICA o‘rtasidagi “Taraqqiyot uchun rasmiy ko‘mak” dasturi doirasidagi o‘zaro hamkorlikning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Junichi Yamada JICA O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori deb bilishi, mamlakat bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga xayrixoh ekanini ta’kidladi.

Energetika, chiqindilarni kamaytirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, transport va logistika, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.

1993 yildan 2021 yilgacha mazkur tuzilma homiyligida mamlakatimizda imtiyozli kreditlar doirasida 1,5 milliard, grantlar va texnik ko‘mak dasturlari bo‘yicha 232,2 million dollarlik loyihalar amalga oshirildi.

Ayni paytda umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Tomonlar, shuningdek, 700 million dollarlik 14 ta yangi loyiha ustida ishlamoqda.

Mavzuga doir maqola:

Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida muhim hujjat imzolandi. 29.08.2022