O‘zbekistonda Frantsiya bilan hamkorlikda qo‘shma universitet tashkil etiladi. Bu haqda ikki davlat tashqi siyosat mahkamalari mas’ullari o‘rtasidagi muzokarada so‘z borgan.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston TIV Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi rahbari Oybek Shaxavdinov Frantsiya TIVning Kontinental Yevropa departamenti direktorining o‘rinbosari Silven Giyoge bilan videokonferentsiya orqali muzokara o‘tkazgan. Onlayn uchrashuvda hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, ta’lim masalalari muhokama qilingan.
Ikki davlat ta’lim yo‘nalishida ham faol hamkorlik qilmoqda. O‘zbekistonda frantsuz ta’lim muassasalarining fakultet va filiallari tashkil etilgan. Masalan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Parij xalqaro moda akademiyasi bilan qo‘shma fakultet, Buxoro davlat universitetida Vatel biznes maktabi filiali ochilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi 1260 ta maktab, kollej va litseylarda, shuningdek, 8 ta oliy o‘quv yurtida 280 mingdan ortiq yoshlar frantsuz tilini o‘rganmoqda.