Foto: YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi
Evropa Ittifoqi va O‘zbekiston Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) bo‘yicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi. 6 iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili/Evropa komissiyasi vitse-prezidenti mahkamasi rahbari Pedro Serrano va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov ishtirokidagi marosimda mazkur bitim muzokarachilar tomonidan dastlabki tarzda imzolandi.
Yangi hujjat amaldagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (1996) o‘rniga ishlab chiqilgan bo‘lib, u ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.
EIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur hujjat ikki tomonlama sheriklikni faollashtirish uchun zamonaviy va mustahkam asos yaratadi, savdo-iqtisodiy munosabatlarning me’yoriy-huquqiy bazasini sezilarli darajada isloh etadi.
Amaldagi bitim asosan siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalar, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish borasidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Yangi bitim esa siyosiy hamkorlik va islohotlar, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro hamkorlik, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, mojarolarning oldini olish va inqirozlarni boshqarish masalalariga e’tibor qaratgan holda tashqi va xavfsizlik siyosatidagi aloqalarni kengaytirish, ma’lumotlarni himoya qilish, migratsiya, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, korruptsiya va giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, sud-huquq sohasidagi hamkorlik va konsullik himoyasi bo‘yicha adolat, erkinlik, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va moliyaviy robitalar, energetika, transport, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi, raqamli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va qishloqlarni rivojlantirish, bandlik va ijtimoiy masalalar, madaniyat, ta’lim va yoshlar, ilmiy tadqiqotlar kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevral oyida boshlangan edi. Ushbu davr mobaynida ekspertlar, bosh muzokarachilar hamda hukumat a’zolari darajasida 10 bosqichli muzokaralar va 150 dan ortiq uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
6 iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi–O‘zbekiston hamkorlik qo‘mitasining 18-yillik yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Unda Yevropa tashqi harakatlar xizmati boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin va O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov hamraislik qildi.
Tomonlar o‘tgan yil davomida ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi va kelgusi istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. YeI Qoraqalpog‘istondagi so‘nggi hodisalar masalasini ko‘tarib, holatni imkon qadar tezroq mustaqil tekshirishga chaqirdi. Bryussel tinch namoyishlar o‘tkazish huquqini himoya qilish muhimligini ta’kidladi. Yig‘ilishda, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va uning mintaqa hamda dunyodagi oqibatlari muhokama qilindi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy munosabatlar, jumladan, O‘zbekistonning YeIning GSP+ tizimiga a’zoligi, YeIning O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlari va asosiy erkinliklari, konstitutsiyaviy islohot va boshqa masalalar ham muhokama etildi.
Qayd etilishicha, har ikki tomon 2022 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo barqaror hamkorlik anjumanini intiqlik bilan kutmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki besh oyida O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi 22 foizga, O‘zbekistondan YeIga eksport esa 86 foizga oshdi. Eng katta o‘sishni ko‘rsatgan tovarlar toifalari orasida kimyo sanoati mahsulotlari (6 marta o‘sish), to‘qimachilik (90 foizga o‘sish) va oziq-ovqat mahsulotlari (65 foizga o‘sish) bor. Vazirlikka ko‘ra, bunga ko‘p jihatdan O‘zbekistonning 2021 yilda YeIning “GSP+” Preferentsiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olishi tufayli erishildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov joriy yil fevral oyida Bryusselda Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘shanda YeI xayrixoh hamkor sifatida yana bir karra O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish istagini bildirgan.