Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi nishonlandi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.
Respublika adabiy anjumanida so‘zga chiqqan atoqli shoir va adabiyotshunoslar Usmon Nosirning qaynoq ijodi va fojiali taqdiri haqida so‘zlab berdilar.
O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri aktyorlari ijrosida namoyish etilgan “Usmon Nosir” dramasidan parcha mehmonlar va ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Iste’dodli shoir Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan shahrida dunyoga kelgan. Uning ilk she’rlari maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq matbuotda ko‘rina boshlagan edi. Shoirning “Quyosh bilan suhbat” (1932), “Safarbar satrlar” (1932), “Traktorobod” (1934), “Yurak” (1935), “Mehrim” (1936) kabi she’riy to‘plamlari, “Norbo‘ta” va “Naxshon” dostonlari nashr qilingan.
Usmon Nosir she’riyati hayotiyligi, jozibadorligi va isyonkorligi, ayni choqda, sodda va ravonligi bilan kitobxon qalbidan chuqur o‘rin olgan. Ijodkorning tarjima sohasidagi xizmati ham bebahodir. Uning tarjimasida Pushkinning “Boqchasaroy fontani”, Lermontovning “Demon” (“Iblis”) dostonlari o‘zbek kitobxonlarining qalbiga yetib borgan.
Qatag‘on davrining qurbonlaridan biri Usmon Nosir yosh umrini sho‘ro lagerlarida azob-uqubatda o‘tkazib, tutqunlikda 1944 yili vafot etgan.